Qonunni qalqon qilgan qaroqchilar

05.12.2020 10:25

Muallif guvohligidagi real voqealar asosida

Yoshligimda Toshkentga kelishga juda ishtiyoqmand edim. Ammo kinolarda ko`rganim kabi katta azim shaharning mayda yo`lto`sarlaridan hadiksirardim. Vaqti kelib poytaxtga ham qadam ranjida qilgach, shaharda ko`chaga chiqsam har ehtimolga qarshi kamroq pul bilan yurishni odat qildim. Bilib bo`lmaydi, yo`lto`sarlar yo`limdan chiqib qolishi mumkin.

Ammo hayot boshqa, kino boshqa ekan. Toshkentga kelganimga mana bugun roppa-rosa 24 yil bo`libdi. Men izlagan va istamagan yo`lto`sarlar qarshimdan chiqmadi. Yillar o`tishi barobarida anglab etdimki, yo`lto`sarlar milisiyaga ishga o`tib ketgan ekan.

(Milisiya – Ichki ishlar organlari xodimlari. Keyingi o`rinlarda ham “Milisiya” deb yuritiladi.)

Qishloqdan shaharga ilk bor kelgan odam borki, ko`chaga chiqmoqchi bo`lsa, shaharda yurish hadisini olgan tajribali tanishi bilan chiqadi, albatta. Aks holda milisiyaga duch kelishi mumkin. Yo`q, qaroqchilarga emas, milisiyaga ro`baro` kelishdan qo`rqishadi.

Tan olib aytish kerakki, ilk bor Toshkentga kelgan har qanday inson bir bor bo`lsa ham milisiyaga og`zidagi nonini oldirgan. Aslida bizni yo`lto`sarlardan himoya qilishi kerak bo`lgan qonun posbonlari oddiy xalq uchun qo`rqinchli hisoblanadi. Gapning indallosini aytganda, bizga endi ularning o`zidan himoya kerak.

Nega?

«ShAXSINGIZNI ANIQLAShTIRAMIZ»: misollar

Milisiya xodimiga shaxsingizni tasdiqlovchi O`zbekiston Respublikasi pasportini ko`rsatasiz, unga qo`shib mahalladan berilgan ma`lumotnomani ham berasiz. Shunda ham bari bir «biz bilan yuring, shaxsingizni aniqlashtiramiz» deya ichkariga boshlaydi. Chunki bu dunyoda ularday g`irt bekorchi odam yo`q bo`lsa kerak, nazarimda. (O`zbekiston terrorist va buzg`unchilardan holi davlat bo`lgandan keyin albatta bekorchi bo`ladi-da.) Ichkariga kirgandan keyin esa o`zga dunyo boshlanadi, muomala va qarashlar o`zgaradi, siz esa o`zingizni jinoyatchidek tutishni boshlaysiz. Albatta aybdorsiz. Chunki milisiya xodimiga ro`baro` keldingiz. Koshki edi, ichkarida ham shaxsingizni aniqlasa. Cho`ntaklaringizdagini bo`shatib «obiskat» qiladi. Albatta bu erda xolis guvohlar ham, advokat ham, qonun ham o`sha milisiyaning o`zi. Tishingizni-tishingizga qo`yib chidaysiz. Aks holda, qimmatli vaqtingizni bekorchi bilan o`tkazishingizga to`g`ri keladi. Cho`ntagingizdan terroristlarga aloqador buyum yoki qurol chiqmasligi aniq. Maqsad – taxminiy hisob-kitob. Ya`ni yoningizda qancha boru qanchasini... Qisqasi, borar manzilingizga etib olishingiz uchun etarlisini cho`ntagingizda qoldirib, xursand qilib jo`natadi.

Hartugul ularning baxtiga O`zbekistonda bo`lmasa ham dunyoda terroristlar bor ekan, bahona topilaverdi. Aslida esa, ular sabab qilib ko`rsatayotgan terrorist zoti ko`chada milisiya ushlarmikin, deb bemalol yurmaydi.

Ikki yil oldin bir amakim Toshkentga kelganda, ko`chada ichki ishlar xodimiga duch kelgan. Qonun posboni esa uni yaqin atrofdagi Milisiya tayanch punktiga har doimgi qonun belgilab bergan «shaxsingizga aniqlik kiritamiz», degan navbatchi so`z bilan olib kirib ketgan. Ammo nima jin urdiki, pasportidan nusxa olganu qo`yib yuborgan. Amakim esa xursand. «Silar milisiya ushlab olsa unday qiladi, bunday qiladi, deb qo`rqitasilar, mana eb qo`ymadi-ku, indamay qo`yib yubordi» deya milisiya xodimini rosa duo qilgandi. Bu voqea esa menga negadir erish tuyulardi. Haqiqatdan ham taajjubda edim. Ammo ikki oy o`tib, sirli olamshumul voqeaning siri bo`y ko`rsatdi. Ya`ni, MIB xodimi amakimning uyiga 540 ming so`m jarima yozilgan bir parcha qog`ozni ko`tarib borgan. Bu 540 ming so`m aslida milisiya xodimiga duch kelgani uchun tovon edi. Amakim esa bosh og`riqni ko`paytirmasdan «ketganni birida, Xudo yo`liga» deb peshonasidagi birgina sigirini sotib to`ladi. Shu joyda davom ettiradigan so`zlarim, afsuski, ehtirosga limmo-lim edi. Yaxshisi, tilimni tishlayin. Aks holda, oddiy xalqda isboti yo`q bo`lgan «protokol planlari»ga o`tib ketamiz.

5 yil oldin 3 nafar bola kunduz kuni uyimdan chiqib ketdi. Ammo boradigan manziliga ham bormabdi. Butun qarindoshlarda vahima ko`tarildi. Qidir-izla, yugur-yugurlar boshlandi. «Uchastkovoy»imizga borsak, u erda yo`q. Ertasiga «Panelniy» degan 15 sutkalik qamoqxonadan topdik. Bilishimizcha, yo`lda o`tib ketayotgan Qo`riqlash xizmati xodimlari patrul mashinasiga solib, boshqa uzoqroq mahalladagi Profilaktika nozirining xonasida rasmiylashtirib, «Panelniy»ga topshirib “plan” to`ldirishgan ekan. Bolalarning hattoki qo`ng`iroq qilishlariga ham ruxsat berishmagan. Buni «Qonunsizlikka asoslangan qonun posbonlari» deymizmi yoki «Odam o`g`rilari» deb atash mumkinmi?

Karantin vaqti karantin deb dod-voy soldik. Aslida bu hayot tarzi bizga begona emas. Negaki, karantindan oldin ham shaharda karantinda yashagandek yashagan ekanmiz. Chunki ko`chada milisiya bor, deb bemalol yura olmasdik.

Milisiya ham oddiy xalqdan chiqqan oddiy odam. Ammo negadir forma kiysa, formasizlar uning ko`ziga jinoyatchi yoki o`ljadek ko`rina boshlaydi. Formasini echsa yana oddiy odam bo`lib qoladi. Hech narsa bo`lmagandek, mahalladagi to`y-ma`rakalarda ishtirok etaveradi.

Qishlog`imdan kimdir Toshkentga kelib-ketsa, shaharda ko`rgan o`zgarishlari, istirohat bog`lari, Amir Temur muzeyi haqida emas, albatta avvalo har doimgi mavzu – milisiyaga qanday duch kelgani, undan qutulib chiqqani, savollariga qanday javob bergani haqida so`zlaydi. Qishlog`imning beg`ubor odamlari uchun milisiyaning vaqtinchalik saqlash kameralariga kirmasdan uyiga qaytib ketishi eng katta yutuq hisoblanadi.

Toshkentga ilk bor kelgan vaqtlarim qorong`u, badbo`y hid anqib turgan, zax kamerada men ham el qatori bir muddat bo`lsa ham «dam olib» chiqqanman. Aniqrog`i, fuqarolik burchimni ado etganman, desa xato qilmagan bo`laman.

YO`QDAN BOR QILISh SAN`ATI

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan videoda bir bolani niqobini iyagining tagiga tushirib yurgani uchun milisiya xodimi mashinaga solmoqchi bo`lib majburlayapti, bola esa jon-jahdi bilan dod-voy solib undan qutulishga harakat qilmoqda. Atrofdagi odamlar ham bolani qutqarish ilinjida. Ammo qo`l tekkiza olishmayapti...

Shu erda javobi aniq bo`lgan savollar tug`iladi: Odamlar nega milisiya tayanch punktiga yoki IIB binosiga kirishga qo`rqishadi. Axir u jinoyat qilmagan bo`lsa? IIB binosiga kirish juda xatarli. Chunki u erga kiritilgandan so`ng o`zingiz xohlamagan insonga aylanib qolishingiz mumkin. Ular xohlasa sizni Usama bin Ladenligingizni bo`yningizga osongina qo`ya olish qudratiga ega. Siz esa Amerikadagi egizak binolarni qanday portlatganingizni ham aytib qo`yishingiz tayin.

Ular istasa, har qanday jinoyatni bo`yningizga olishingiz shart. Aks holda, o`ligingiz chiqishi mumkin. Bu ssenariy hayotda o`z isbotini topib bo`lgan.

«PO PUTI» YaRATILAYoTGAN QONUNLAR

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo`lgan bir videodagi voqeani olaylik. Unda milisiya xodimi mashinada ishiga ketayotgan bir korxona direktorining karantin qoidalarini buzganligini isbotlashga jon-jahdi bilan harakat qilayapti. Harakat qilayapti-yu, ammo saviya qurg`ur etmayapti. Chunki hamma hujjatlar joyida. Nihoyat, topdi. Nima emish, direktor ekanligi haqida buyruqdan ko`chirma taqdim etishi kerak emish. Shu tarzda ketilsa, yaqin kelajakda haqiqatdan tirikligimiz haqida go`rkovdan ham ma`lumotnoma olib yurishimizga to`g`ri keladi. Milisiya xodimining gap-so`zlarini eshitib, ularni ishga olishda faqat og`irligiyu bo`y-bastiga e`tibor qaratishiga yana bir bor amin bo`ldim.

Ko`chada oldingizdan chiqadigan milisiya xodimi aslida qonunni bilmaydi. Ular vaziyatga qarab yangi qonun yaratib ketaveradi. Qanday bo`lmasin, sizni jinoyatchiga chiqarish shart. Aks holda... (Davomini aytolmayman).

Bir zamonlar yo`lto`sarlar ko`paygan vaqtlarni yoshi ulug`lar eslasa kerak, ularning qo`liga tushsangiz, cho`ntagingizdagi boringizni olardi. Qonuniy yo`lto`sarlarimiz esa cho`ntagingizda bormi-yo`qmi unga qaramaydi, xayoliga kelgan raqamdagi jarimani yozib yuboradi. Siz esa qarz-havola qilib bo`lsa ham kassaga qonuniy qilib to`laysiz. Kassada sizga chek berishadi. Ushbu bir parcha qog`oz esa qonuniy talon-taroj etilganingizga isbot.

15 yil oldi shaxsan o`zim guvoh bo`lganman: metrodan chiqqan abiturientni milisiya xodimi to`xtatib, hujjatlarini tekshirdi. Ammo hech qanday ayb topolmay pasportda shaxsiy imzo yo`qligi uchun eng kam ish haqining 5 barobarida jarima qilamiz, deb turib oldi. Shu joyda e`tiroz bildirsangiz, Ichki ishlar xodimiga bo`ysunmasdan FAOL qarshilik qildi, degan tamg`a ham bosilishi ehtimoli yo`q emas.

Yashnobod tumanidagi mahallardan biridagi chiqindilarni tashlash joyiga bir yigit mashinasida kelib axlat tashlagan. Uni ko`rib turgan profilaktika noziri kelib pasportini tekshirsa, propiskasi Chirchiq shahrida bo`lgan. «Sen begona hududga axlat tashlading» deya eng kam ish haqining bir barobarida jarima yozib yuborgan. «Jinoyatchi» mashina oynasidan katta yo`lga otib yuborsa ham bo`lardi. Ammo u qonunga emas, madaniyatga rioya qilib adashgan edi. Bu voqeani shaxsan o`zim televideniega muammo sifatida olib chiqdim. Bari bir jarima qaytarilmadi. Chunki ularning belgilangan qonunida olish boru berish yo`q ekan.

JARIMA MIQDORINI BOYLAR BEGILAYDI, TO`LOV ESA KAMBAG`ALDAN

Ko`chadagi noqonuniy talonchilar oladiganini sizning imkoniyatingizga qarab belgilagan. Qonuniy talonchilar esa bu borada vijdonini choyga qo`shib ichib yuborishgan, desam ham xato qilmagan bo`laman. Misol uchun, niqob taqmay ko`chaga chiqish uchun 1 million 115 ming so`m, mashinada karantin qoidasini buzish uchun 4 million 470 ming so`m. 4 million 470 ming so`m bilan boshlangan muammo shu bilan tugamaydi. Qachonlardir karantin tugagach jarima maydonchasiga to`lanadigan pullar hisoblansa, odamlar mashina mingani uchun pushaymonlar bo`lishi aniq. 

Bu raqamlar nimaga asoslanib belgilangan. Bu summani belgilagan amaldorning boyligi etti pushtigacha etadigan darajada boy odam ekanligi aniq. Aks holda, oddiy xalqqa nisbatan bunchalik shafqatsiz bo`lmas edi. Bunday jarimalar aholining ijtimoiy ahvolidan kelib chiqib belgilansa, ozgina bo`lsa ham vijdonan yodashilgan bo`lardi. Ushbu jarima narxlarini belgilayotgan boylarga aytadigan birgina so`zim bor: Siz jarimalarni bosib olgan mustamlaka aholisiga emas, aksincha, o`zingiz tug`ilib o`sgan yurtga nisbatan, sizni voyaga etkazgan xalqqa nisbatan joriy qilayapsiz.

Aslida asl ZO`RAVON MONOPOLIYa mana shu bo`ladi.

Qisqasi, jarima miqdorini belgilashda o`zboshimchalikka chek qo`yish kerak. Har bir tashkilot o`ziga kerakli darajada, xayoliga kelgan summani emas, aholining ijtimoiy ahvolidan kelib chiqib belgilash tizimini joriy qilish lozim. Bu borada xalq saylagan deputatlarimiz ham ozgina bosh qotirishsa, savobning tagida qolib ketgan bo`lardi. Jarimalarga ham qonuniy cheklovlarni joriy qilib turish lozim. Aks holda, xalq ichidan chiqqan amaldorlarimiz Vatanimizni jarimalar mamlakatga aylantirib yuborishi turgan gap.

XULOSAGA KELGANDA HAR DOIMGI QO`RQUV BOShLANADI...

Men oddiy xalq tasavvuridagi Ichki ishlar tizimining faoliyatini o`zlariga ko`rsatdim. Milisiya xodimlari oddiy xalqqa nisbatan qarashlarini o`zgartirmas ekan, hech qachon xalqqa yaqinlasha olmaydi. Shu bilan birga, hurmat qozonishi ham mushkul. Bir mashhur multfilmda aytganidek, hurmatga loyiq bo`lish uchun qo`rqitish kerak emas, hurmatga loyiq bo`lish kerak.

Bilib turibman, maqolani o`qiyotgan har bir O`zbekiston fuqarosi hayotidagi Ichki ishlar xodimlari bilan to`qnash kelgan lahzalarini bir-bir ko`z o`ngidan o`tkazayapti. O`tkazganda ham nafrat bilan.

Biz faqat umid qilamizki, Ichki ishlar tizimi xalqqa o`ng ko`z bilan qarashni o`rganib, xalqning haqiqiy himoyachisiga aylanadi. Shunday qilmasa ham bo`lmaydi. Bugun odamlar haqqini talab qilishni o`rganyapti. Yolg`iz o`zining kuchi etmasa, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilik yordamida talab qilmoqda.

Ushbu maqolani yozayapmanu, ko`nglimda hadik paydo bo`lyapti. O`zbekistondagi qudratli tashkilotning el bilgan ish uslubini elga dasturxon qilib, ularning izzat-nafsiga qattiq tegayotganimni sezib turibman. Shu alfozda to`satdan yo`qolib qolishim yoki cho`ntagimdan bir yarim kilo giyohvandlik moddasi chiqishi ham mumkin emasmi, mabodo. Yo`q, akalardan unday qilmasligini so`rayman. Men ularning yuziga oyna tutyapman, xolos. Qanday qabul qilishi esa vijdonlariga bog`liq.

Buyog`i esa peshonai taqdirdan.

                                     Sherali OTABOEV, jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
11.01.2021 09:49
Malades militsiya