Shu yilning 10 iyun kuni Samarqand viloyati, Kattaqo`rg`on tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig`i o`rinbosari Aziz Ahmedov Yo`l harakati xavfsizligi xodimlarining zo`rovonligi tufayli vafot etdi, deb xabar tarqatdi «Ezgulik» jamiyatiga tayanib xabar.uz sayti.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan Kattaqo`rg`on tumani prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 206-moddasi 1-qismi (Mansab vakolatidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari boshlangan.
Jinoyat ishi materiallariga ko`ra, 10 iyun kuni tungi soat 00.20 larda 42 yoshli soliq xodimi Aziz Ahmedov o`zining davlat raqami 30 B 572 PA bo`lgan Cobalt rusumli avtomobilida yo`l harakati qoidalarini buzganligi sababli navbatchilik qilayotgan to`rt nafar inspektor tomonidan to`xtatilgan.
YPX inspektorlari o`zlarining boshqaruvida bo`lgan davlat raqami 30 X 577 SA bo`lgan Spark rusumli avtomobilining orqa o`rindig`iga soliq xizmatchisining yuz qismidan bosib, uning o`ziga azob bermasliklarini so`rab baqirganiga qaramay, uning qisqa va tez o`limiga sabab bo`lishgan.
Samarqand viloyati sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko`ra, soliq xizmatchisining o`limiga yurak o`lchami va massasining keskin oshini, ya`ni nafas qaytishi sabab bo`lgan. O`tkazilgan sud tibbiy ekspertizasi davomida soliq inspeksiyasi rahbarining yuz va bo`yin qismlari, tirsak va boshqa sohalarda jarohatdan olingan shilinmalar borligi aniqlangan.
42 yashar Aziz Ahmedov 11 iyun kuni asr namozidan so`ng Kattaqo`rg`on tumani Qo`shhovuz mahallasida tuproqqa qo`yilgan.
«Mazkur voqea ichki ishlar idoralarining zo`rovonlik harakatlari davom etayotgani, tizimda nazorat to`la izdan chiqqanini ko`rsatmoqda.
O`zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati Qiynoqlarga qarshi milliy preventiv mexanizmlar doirasida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo`yicha vakili, Inson huquqlari bo`yicha respublika Milliy markazi rahbariyatini mazkur hodisani o`rganishga chaqiradi», deyiladi xabarda.