O`zida salqin muhitni saqlagan, yoz kunlari odamlar aylanib, dam oladigan Komsomol ko`li va yaqin 3 yilgacha Milliy bog` deb atalgan istirohot bog`i bugun nomini ham ko`rinishini ham o`zgartirgan.
Soya-salqin daraxtlar, ko`llar va yashillik o`rnini betonli, tep-tekis, plastik bezaklar qoplagan “Magic city” parki egalladi. 60 million dollar ajratilgan, umumiy maydoni 21 gektarni tashkil etuvchi ushbu bog`da barcha ko`l va daraxtlar saqlab qolinishi aytilgandi. Ammo…
Suratlardan ko`rinib turibdiki bog` oldingi ko`rinishini yo`qotgan. Xo`sh, bunday katta qurbonliklar siz-u bizga qanchalik qimmatga tushayotganini bilasizmi? Qachon oxirgi marta bu haqida jiddiy o`ylab ko`rdingiz? Ko`p hollarda daraxtlar, yashillik qanchalik muhimligi haqida qayg`uravermaymiz. Lekin oxirgi yillarda odamlarda bunday qarashlar ozgina bo`lsada ijobiy tomonga o`zgarmoqda. Rivojlangan davlatlarda bu fuqarolik did bilan o`lchanadi. Inson o`z haq-huquqi uchun qanchalik kurashsa, tabiat yashovchanligi uchun ham shunday kurashadi.
Suratdagi o`rab olingan hududlarda (sobiq Milliy Bog`da) hamon qurilish davom etar ekan, birorta daraxtning kesilmasligiga, o`simliklarga zarar etmasligiga kim kafolat beradi? Hech kim.
Aslida milliy bog` va parklar tabiat aslligini saqlab qolish maqsadida yaratilishi kerak. Singapur mustaqillikka erishgandan so`ng daraxtzorlarni “Garden city”ga aylantirgan. Amerika Markaziy Parki ko`ngillilar tomonidan yaratilgan bo`lib, bugun Nyu-Yorkning qaysidir ma`noda ramziga aylandi. Bizning bog`lar esa biznesmen “citychi”larning o`ljasiga aylanmoqda.
Havo tozaligi indeksi bo`yicha 180 ta davlat qatoridan 177-o`rinda ( 2020 yil ) turadigan, ob-havosi Zimbabve, Qozog`iston, Tojikiston, Marokash, Tunis, Kuba, Jazoir va Eronga nisbatan uch, to`rt baravar yomonroq O`zbekistonda odamlar bemalol aylanadigan joy qoldimi? G`ofur G`ulom, Bobur nomidagi bog` va Ashxobod parkining hududlariga ham qirilish nafasi etib borgan. Shuningdek, bir savol o`ylantiradiki, soliq to`lovchilar ya`ni aholi o`zining puliga qurilgan park yoki xiyobonga pul to`lab kirishi mantiqqa to`g`ri keladimi?! Dunyo mamlakatlarining deyarli ko`pchiligida bunaqa tizim ishlamaydi.
1990 – 2019 yillarda Toshkent shahrida yashil hududning kamayib borishi. Ilhomjon Aslonov va uning jamoasi ushbu mavzu haqida tadqiqot o`tkazishgan va ma`lum bo`lishicha Toshkent shahrida agro-hudud maydoni 1990 yilda 12 ming gektarni tashkil etgan bo`lsa, 2019 yilga kelib 2661 gektarga tushib ketgan.
2021 yilning 4 oyida davomida daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog`liq 2014 ta qonunbuzilish holati aniqlangan. O`simlik dunyosiga etkazilgan zarar 4 milliard 988 million so`mni tashkil qilgan.
May oyining so`nggi kunlarida Toshkent shahrida atmosfera havosidagi changning ruxsat etilgan o`rtacha kunlik kontsentrasiyasi 2,7 baravarga oshib ketgan. Oldinlari poytaxt aholisiga umuman begona bo`lgan qumli bo`ronlarni ham kuzatmoqdamiz. Ko`rinib turibdiki, ahvol yaxshi emas. Yashillikni saqlab qolishning yo`li bor. Daraxtlarni kesmaslik va kestirmaslik, yo`qsa sog`lig`imiz bilan o`lpon to`layveramiz.