1 oktyabrdan nimalar o`zgaradi?

30.09.2025 11:19

O`zbekistonda 1 oktyabrdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o`zgarishlarni bir erga jamladik.

«Yashil makon» platformasida ochiqlik ta`minlanadi

«Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishda jamoatchilik ishtirokini oshirish, «Yashil makon» platformasida ochiqlikni ta`minlashga qaratilgan quyidagi mexanizmlar joriy qilinadi, jumladan:

aholi tashabbusi bilan daraxt ekilishi mumkin bo`lgan aniq hudud, suv ta`minoti, keyinchalik parvarish qilish imkoniyati va daraxtlarning turlarini ko`rsatish;

«Yashil makon» loyihasiga Davlat byudjeti mablag`laridan amalga oshiriladigan ishlar to`g`risidagi ma`lumotlarni jamoatchilikka «har bir tiyin sarflanishini kuzatish» tamoyili asosida onlayn etkazish.

Skuter va moped haydash uchun haydovchilik guvohnomasi majburiy bo`ladi

Endilikda moped va skuter haydovchilari uchun yangi qoida kuchga kiradi — ularni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etiladi. Skuter yoki mopedni ro`yxatdan o`tkazish narxi 3,7 BHM (1 525 400 so`m) qilib belgilangan. O`quv kurslari esa 2 mln so`mgacha. Guvohnoma olish uchun davlat boji – 288 400 so`mni tashkil qiladi. Raqam olish BHMning 1,5 baravari — 618 ming so`m. Bunda umumiy xarajat deyarli 4,5 mln so`mdan oshmoqda.

Nogironligi bo`lgan shaxslar uchun pensiyalar avtomatik tarzda tayinlanadi

1 oktyabrdan boshlab Xalq bankida pensiyalarni naqd shaklda berishda Face ID biometrik identifikasiya va elektron raqamli imzolardan foydalaniladi. To`lov oluvchilar to`lov qaydnomalarini planshetda elektron shaklda imzolashlari mumkin bo`ladi. Adliya vazirligi Pensiya jamg`armasi va Xalq bankining elektron so`roviga ko`ra biometrik identifikasiyalash uchun ma`lumotlarni taqdim etadi. Davlat xizmatchilarining xizmat safarlari uchun yagona modul yo`lga qo`yiladi.

Qonunchilikka ko`ra, davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlilini olib borish «hrm.argos.uz» elektron tizimi tarkibidagi «Xizmat safari» yagona moduli orqali amalga oshiriladi.

«Chiroyli» davlat raqami belgilarining auksion savdolari to`xtatiladi

Vazirlar Mahkamasining 4 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, «O`zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi» 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab «chiroyli» davlat raqami belgilarining auksion savdolarini to`xtatadi. 

Ayrim moliyaviy yordamlar ijtimoiy karta orqali ajratiladi

Vazirlar Mahkamasining 11 mart kungi qarori bilan Kambag`allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg`armasi faoliyatini tashkil etish tartibi tasdiqlangan edi. Qarorga ko`ra, 2025 yilning 1 oktyabridan jamg`arma mablag`lari hisobidan fuqarolarga naqd pul shaklida beriladigan mablag`lar bosqichma-bosqich ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар