O`zbekistonda 2025 yil avgust oyi holatiga ko`ra, 45 mingdan ortiq fuqaroda ov quroli bor. Joriy yilning 8 oyida ularning 10 mingdan ziyodi ma`muriy huquqbuzarlik sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan. Bu haqda IIV jamoat tartibini saqlash xizmati bo`lim boshlig`i Davron Kasimov ma`lum qildi.
«Ichki ishlar organlarida ro`yxatda turgan ovchi qo`lidagi qurolni saqlash, undan xavfsiz foydalanish yoki olib yurish qoidalarini buzsa, javobgarlikka tortiladi. Masalan, hozir ov mavsumi emas, lekin brakonerlik bilan shug`ullanib, ov qilayotgan ovchilar hamda qurolni belgilangan joyda emas, balki boshqa joyda saqlaganlar qoida buzgan hisoblanadi. Bundan tashqari, qurol saqlash va olib yurish ruxsatnomasining muddati o`tkazib yuborilgan holatlar ham juda ko`p. Bu ham javobgarlikka sabab bo`ladi», — deydi u.
Uning qayd etishicha, yuqoridagi kabi holatlar kuzatilganida, ovchilar «Ma`muriy javobgarlik to`g`risida»gi kodeksning quyidagi moddalari bo`yicha javobgarlikka tortiladi:
–185-modda: Quroldan belgilangan tartibni buzgan holda foydalanish;
–220-modda: Qurolning va uning o`q-dorilarining muomalada bo`lishi qoidalarini buzish;
–221-modda: Qurolni ro`yxatdan o`tkazish (qayta ro`yxatdan o`tkazish) qoidalarini yoki uning muomalasi sohasidagi ruxsatnomalarning amal qilish muddatini uzaytirish qoidalarini buzish.
IIV rasmiysining aytishicha, 2025 yilning yanvar-avgust oylarida 800 nafar fuqaro jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Reklama joylashtirish
«Yashash uyida noqonuniy qurol saqlab, ichki ishlar organlari ro`yxatida turmagan fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi bo`yicha javobgarlik belgilangan. Tezkor qidiruv xizmatlari tomonidan olib borilayotgan tadbirlar davomida bunday holatlar ham kuzatilmoqda. Tahlillarga ko`ra, sobiq sovet davrida ota-bobolari sotib olib, ulardan qolib ketgan, ammo IIOda ro`yxatdan o`tmagan qurollar ko`p aniqlanmoqda. Bunday fuqarolar orasida qonunchilikdan xabari bo`lmaganlar ko`pchilikni tashkil etadi. Shuningdek, cho`ponlar yoki xodimlarimiz tomonidan qir-adirlarda ham topib olinayotgan qurollar mavjud», — deydi u.
Davron Kasimovning so`zlariga ko`ra, joriy yilning o`tgan davrida fuqarolar o`z xohishi bilan ichki ishlar organlariga mingdan ziyod qurol topshirgan. Ular orasida antikvar, ya`ni kolleksiyalash qurollari ham mavjud.
«Respublikamizda aynan noqonuniy qurolga qarshi juda ham tezkor tizimli siyosat olib boriladi. Shuning uchun ham joriy yilda ming nafardan ortiq fuqaro o`z xohishi bilan ichki ishlar organlariga qurol topshirdi. Bu ham olib borayotgan tizimli tadbirlarimiz natijasi deb o`ylayman.
Vazirlar Mahkamasining 310-sonli (yopiq) qaroriga asosan, o`z xohishi bilan qurol topshirgan fuqarolar pul mukofotlari bilan taqdirlanmoqda», — deydi u.