O`zbekiston delegasiyasi ShHT yosh mualliflarining ikkinchi konferensiyasida qatnashdi

27.09.2025 10:23


 
Joriy yilning 25-26 sentyabr kunlari Dehli shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) yosh mualliflarining ikkinchi konferensiyasi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zolari, taniqli ijodkorlar Shuhrat Orif va Javlon Jovliev faol ishtirok etishdi.



Xalqaro tadbir ShHT Kotibiyati, Hindiston Ta`lim vazirligi va ushbu mamlakat Milliy kitob jamg`armasi hamkorligida tashkil etildi. 

Konferensiya ishtirokchilari “Raqamli davrda ijodiy makon dinamikasi: ShHT yosh mualliflarining muloqoti” mavzusini muhokama qilishdi. Anjumandan ko`zlangan maqsad bugungi kunda raqamli texnologiyalar san`at, adabiyot va intellektual almashinuvni qanday o`zgartirayotganini muhokama qilish uchun ShHTga a`zo davlatlarning yosh yozuvchi va ijodkorlarini birlashtirishdan iborat bo`ldi. 
 


O`zbekiston delegasiyasining mazkur forumdagi ishtiroki mamlakatimizning ShHT faoliyatidagi, xususan, Tashkilotning yoshlarga oid siyosatini amalga oshirish jarayonidagi izchil va faol pozisiyasini ifodalaydi.
Anjuman mamlakat rahbariyatining iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan tashabbuslarini ilgari surish uchun yana bir xalqaro muloqot platformasini bajardi.

Konferensiya dasturi doirasida o`zbekistonlik yosh mualliflar asosiy sessiyalarda ma`ruza qilishdi. Shuhrat Orif “An`anaviy va raqamli teleradioeshittirishning konvergensiyasi” mavzusidagi muhokamada so`zga chiqib, O`zbekistonning zamonaviy kontentni yangi media formatlarga moslashtirish bo`yicha to`plagan tajribasini taqdim etdi.



Javlon Jovliev “Ijod va matbaa ishi” sessiyasida ishtirok etib, zamonaviy adabiy jarayonlar va raqamli asrda mualliflar oldida turgan dolzarb vazifalar haqida o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi.

O`zbekiston vakillarining ShHT yosh mualliflar anjumani kabi muhim xalqaro tadbirlarda ishtirok etishi katta ahamiyatga ega. Bu nafaqat Tashkilotga a`zo davlatlar o`rtasidagi gumanitar va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, balki o`zbek yoshlarining jahon miqyosida ijodiy va intellektual salohiyati yuksalib borayotganini ham yaqqol namoyon etadi.

ShHT yosh mualliflarining ikkinchi konferensiyasi Dehlida O`zbekiston, Hindiston, Qozog`iston, Xitoy, Qirg`iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Belarus va Erondan 30 ga yaqin muallif va ijodkorlarni birlashtirdi. Birinchi konferensiya ham 2023 yil aprel oyida Hindiston poytaxtida bo`lib o`tgan.
 
 
 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар