“Kitoblar olami”ning eng xaridorgir asarlar 10 taligi
O`zbekistondagi yirik kitob do`konlari tarmog`iga ega “Kitoblar olami”da yil davomida eng ko`p sotilgan, kitobxonlarda katta qiziqish uyg`otgan asarlar o`ntaligini havola etamiz. Ularning orasida o`qishga ulgurmaganingiz bo`lsa, mutolaaga chorlaymiz.
1. “Uyimni sog`indim” Elchin Safarli
E.Safarli asarida o`z sevgisini izlayotgan, ammo uni qaerda va qanday kutib olishni tushunmaydigan ikki inson haqida hikoya qiladi. Asardagi har bir so`z, har bir sahifa dengiz bilan “to`yingan”… unutilmas hislar bilan bog`liq holda tasvirlangan.
2. “Alif” Paulo Koelo
2011 yilda yozilgan roman — Paulo Koelo hayotidagi yangi bob. Avtobiografik ruhda yozilgan romanida adib g`ayrioddiy sayohatdan hikoya qiladi. Yangilanish va o`sishni izlayotgan bosh qahramon Moskvada iste`dodli skripkachi bilan uchrashadi va u bilan safar sarguzashtlarini boshidan kechiradi.
3. “Eljernonga atalgan gullar” Deniel Kiz
“The New York Times” nashri tomonidan “Ishonarli, hayajonga soluvchi va yurakni larzaga keltiruvchi asar”, deb ta`riflangan asar 14 yil mobaynida yozuvchining hayotida ro`y berayotgan voqealar bilan boyitib borilgan. Aqli zaif inson tilidan yozilgan ushbu asar insonni o`z “men”i bilan fikr qilishga undaydi.
4. “To seni topgunimcha” Jojo Moes
Dunyoning 39 tiliga tarjima qilingan romanda har bir obrazning ichki kechinmalari va yashash madaniyati o`zgacha talqinda ochib beriladi. Asar hayotdan butunlay umidini uzgan Uill Treynoda qayta yashashga muhabbat uyg`ota olgan Luiza Klark haqida.
5. “Ishqqa oid 40 qoida” Elif Shafaq
Asarda ishq tuyg`usi va odamlar orasidagi o`zaro bir-birini tushunishday murakkab ruhiy muammolar mahorat bilan yoritib berilgan. Shuningdek, asar o`tmish va hozirga oid motivlarning birlashib ketishi bilan o`quvchi diqqatini o`ziga tortadi.
6. “Qaytganimda uyda bo`l” Elchin Safarli
Sevimli adibingizdan yana bir ruhiy durdona. Barcha romantik qalblar uchun bir nafasda o`qiladigan asar otaning vafot etgan qiziga yozgan maktublaridan iborat. Asar sizni nafaqat tasvirlangan hissiyotlarni boshdan kechirishga, balki yaqinlaringizga va umuman hayotga yangicha nazar bilan qarashga undaydi.
7. “Alkimyogar” Paulo Koelo
Bu asar aynan hozirgi zamon kitobxonlari uchun yozilgandek va romanning o`n etti mamlakatdagi millionlab adabiyot muxlislari tomonidan sevib o`qilishi shundan dalolatdir. Asar sizni o`z maqsadlaringiz sari dadil odimlashga chorlaydi, chin dildan qilingan orzular bir kun ushalishiga ishontiradi.
8. “Molxona” Jorj Oruell
Asar fermadagi hayvonlarning xo`jayinlarini haydab, hayvonlar diktaturasini o`rnatishi haqida, masal janrida yozilgan. Voqealarga turli tomondan qarash mumkin. Kitobni o`qib, jarayonlarni tarix, siyosat, umuman hayot bilan taqqoslaysiz. Sodda va qisqa yozilgan bo`lsa-da, asarning qaeridadir kayfiyat birdan o`zgarib, o`qish “og`ir” bo`lib qoladi.
9. “Raqamli qal`a” Den Braun
Roman adibning ilk asari bo`lib, 1998 yilda yozib tugallangan. Asarning yozilishiga Den Braun hayotda o`zi guvohi bo`lgan voqea sabab bo`ladi. Butun dunyo bo`ylab millionlab nusxalarda chop etilgan asar bizda ko`plab tanqidiy muhokamalarga sabab bo`lishiga qaramay, “Eng ko`p sotilgan kitoblar” ro`yxatidan joy egallagan.
10. “Tog`lar ham sado beradi” Xolid Husayniy
Amerikalik afg`on adibi ushbu asarida urush hayotini barbod qilib yuborgan insonlar taqdiriga murojaat qiladi. Asarda yaxlit qahramon yo`q. Pari, Abdulla, Parvona, Markos, Nabi, Idris, Vahdatilar — ularning har biri o`z taqdiri misolida yashayotgan jamiyati, o`zini o`rab turgan ijtimoiy muhit haqida o`quvchida ma`lum tasavvur uyg`otadi