Bugun Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi O`zbekiston Milliy matbuot markazida respublika hududida davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriy masalalariga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazdi.
Anjumanda “O`zbekiston ovozi” jurnalisti Toshtemir Xudoyqulov Matbuotchilar - 32 ko`chasida uch tup chinorning noqonuniy kesilishi bo`yicha mutaxassislardan izoh so`ragan.
Anjumanda qatnashgan Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Farhod Dehqonov tadbirdan so`ng jurnalistlar bilan ushbu hududni ko`zdan kechirgan, va bu haqida hech narsa ma`lum emasligi, o`rganishlardan so`ng qo`shimcha ma`lumot berishini aytgan.
Shuningdek, tasvirlarda ushbu qurilish maydonidagi bir necha archalarning qurib borayotganini ham ko`rish mumkin.
Ma`lumot uchun, joriy yilning 4 oyi davomida respublikada daraxt va butalarni noqonuniy kesilishi bilan bog`liq jami 2014 ta qonunbuzilish holati aniqlangan bo`lib, 2 795 tup daraxtlar, shundan 1313 tup qimmatli daraxtlar noqonuniy ravishda kesilganligi, 619 tup daraxtlar shikastlantirilganligi uchun huquqbuzarlarga nisbatan 2 514 million so`m ma`muriy jarima belgilangan va 4 988 million so`m o`simlik dunyosiga etkazilgan zarar hisoblangan. 113 ta holatda mansabdor shaxslar tomonidan huquqbuzarlik holati sodir etilgan.