Rost24.uz va Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi aholi murojaatini o`rgandi.
Zangiota tumani, “Turkiston” MFYga qarashli “Tasanno-6”dagi 5 ta 4 qavatli uyni qurilish firmalari 2020 yil dekabr oyida qurib topshirishgan. Topshirilganiga hali yarim yil bo`lmasdan binoning tashqi ko`rinishi nurab bormoqda. 4-qavatlardagi xonadaonlar shipidan doimiy ravishda suv o`tishi natijasida mog`orlash boshlangan.
Sovuq suv ham muammo. Kanalizasiya quvurlari qurilish me`yorlariga amal qilinmagani bois axlat suvlar tiqilishni boshlagan. Isitish tizimi ham 8 ta xonadonga bitta joydan tarqatilgani uchun tepa qismlardagi 3- va 4-qavatlarga etib bormaydi.
5 ta ko`p qavatli uy uchun bitta ham axlat tashlash joyi qurilmagan. Umuman olganda har tarafdan muammolar kelib chiqmoqda. Hech qanday talabga javob bermaydi. Shuncha harakat va xarajat ko`kka sovirilgan.
Bu 120 ta xonadondan iborat 5 ta uy kam ta`minlanganlar uchundir bialki, ammo ular ham boshqalar qatori yashashga haqlidir.
Buncha muammo bo`lgunicha, shuncha xalq qayda edi degan haqli savol tug`iladi. Xalq shu erda bo`lgan. Qurilish shirkatlari ishonuvchan odamlarning soddaligidan foydalanib hujjatlarga imzo qo`ydirib ketishgan.
Odamlar ham necha yillardan buyon etisha olmay yurgan uylariga tezroq kirish ishtiyoqida hujjatlarga qo`l qo`yishgan ekan. Ular yangi uylarining kalitini qo`lga olish uchun ishonishga majbur bo`lishgan. Qurilish tashkilotlari esa odamlarning chorasizligidan maksimal darajada ustamonlik bilan foydalanishgan. Oqibatda esa muammolar navbatma-navbat chiqib kelmoqda.
Zangiota tumani, “Turkiston” MFYga qarashli “Tasanno-6”dagi ushbu 5 ta ko`p qavatli uylarda yashayotgan odamlarning muammosini yaxshisi, quyidagi video orqali o`zlaridan eshiting.