Birinchi o`zbek millioner ayoli bilan eksklyuziv suhbat
Shoira Hasanova Kanadada yashaydi. U o`zbekistonlik sanoqli balki, yagona bo`lgan millioner ayollardan.
U 1969 yil Samarqandning Payariq tumanidagi oddiygina bir qishlog`ida tug`ilgan. Ammo, uning bugungi erishgan yutuqlariga katta shahar ayollari ham havas qilsa arziydi. Shoira Hasanova Gonkongda sheriklar bilan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yirik fabrikaga asos solgan.
1993 yilda Samarqand davlat universitetining rus filologiyasi fakultetini tamomlagan. Ilk kasbiy faoliyatini tarjimonlikdan boshlagan Shoira Hasanova 1993 yilda BAAga ko`chib o`tib o`z kasbiy faoliyatini davom ettirgan.
U o`z ona yurtiga ham investisiyaga kiritib, Chelak shahrida 1,5 million dollarlik yirik savdo markazi qurgan. Shoira Hasanova savdo markazini daromad olish uchun emas, balki chelakliklarga foyda keltirishi uchun qurganini aytadi. Biroq savdo kompleksi Chelakda gaz, elektr yo`qligi sabab to`liq ishga tushirilmagan.
Shoira opa yana Chelak aholisi uchun sport kompleksi qurib berish niyatida ekanini aytadi. "Men ayol boshim bilan biznes qilishdan qo`rqmaganman. Menga qo`rquv begona. Men bandasidan qo`rqmayman. Allohdan qo`rqmaydiganlardangina qo`rqaman", deydi Shoira Hasanova.
Shoira opa Rost24.uz axborot sayti bilan suhbatda O`zbekistonda biznes qilish imkoniyatlari va kamchiliklar hamda yoshlarimiz haqidagi fikrlari bilan bo`lishdi. O`zbekistonda biznes qilishdagi muammolar, ayol kishining oiladagi o`rni haqida so`zlab berdi.
Shuningdek, u Kanadaga ishga ketishga qiziquvchilar ko`pligi va bu boradagi xuquqiy maslahatlarga ham ochiqligini aytdi. Quyida to`liq suhbat bilan tanishing.
«O`ZBEKISTONGA QAYTIB, SPORT MAJMUASI QURIShNI NIYaT QILGANMAN»
Men o`zbekman. Salkam 30 yildan buyon chetda yashaganim bilan meni yuragim Vatanimda, O`zbekistonda. Men uchun qadrli bo`lgan joy – tug`ilib o`sgan Vatanim. Nasib bo`lsa, Vatanga qaytib, faoliyatimni davom ettirishni istayman. Insonlarning sog`ligi uchun, farovonligi uchun sport majmuasi qurishni niyat qilganman. Ishdan keyin odamlar sport bilan shug`ullansin. Bolalar maktabdan keyin sportga qatnasin. Bizning Chelak qishlog`imizdan ham jahon chempionlari chiqishini xohlayman.
«AYoLNING O`RNI FAQAT OShXONADA EMAS»
Ayol kishining o`rni faqatgina uyda va oshxonada, deydiganlar fikriga qo`shilmayman. Bugun biz XXI asrda yashayapmiz. Ayollar hozir fazoga uchmoqda. Tijorat nima bo`libdi ayollarga? Ayol bilan erkak teng huquqli. Mening ishlashimga turmush o`rtog`im qarshilik qilmagan. Farzandlarimning tarbiyasi bilan davlat ishida ishlasada, asosan xo`jayinim shug`ullangan.
Tijoratda ayoldir-erkakdir, kimda qobiliyat bo`lsa qilaveradi. Ayol kishiga faqatgina uy bekasi sifatida qarash, eskirib ketgan falsafa men uchun. Bolalarim chetda tug`ilgan, ularning otasi o`zbek emas. Lekin ular otasining tilida ham, o`zbek tilida ham bemalol gaplashadi.
Xorijda yashaydigan o`zbek ayollari nima uchundir farzandlariga o`z ona tilini o`rgatmaydi. Bir kuni o`zbek oilasi bilan o`tirib qoldik. 5-6 yosh qizchasi bor ekan. Men o`zbekchalab gapirsam, «voy, bu o`zbekcha gapirmaydi, o`zbekchani bilmaydi» deydi.
Men «nega o`zbekcha bilmaydi? O`rgatmadingizmi?» dedim. Farzandi nafaqat o`zbekchani, ingliz tilini ham to`liq bilmas ekan. U qaysi tilda gapiradi? Amerikaga kelganiga bir yil ham bo`lmagandir.
Xorijda yashasakda, ona tilimiz bizga omonat. Omonatni bolalarimizga etkazishimiz kerak.
“SAVDO MARKAZI QURDIM, AMMO U ERDA GAZ VA ELEKTR YO`Q”
Hozir xorijda bo`lsamda, o`zim ulg`aygan tumanga investisiya kiritganman. Savdo markazi qurdim, markazning 30 foizi ishlaydi, qolgani bo`sh turibdi. Chunki u erda na gaz bor, va na elektr. 10 yildan beri shu ahvol. Internet ham yo`q.
Shu bois u erda tadbirkorlik qilish qiyin. O`zbekistonda biznes imkoniyatlari haqida gapirganda internet muammosini chetlab o`tib bo`lmaydi. O`zbekistonda internet yaxshi bo`lsa, men Kanadada o`tirishga majbur bo`lmas edim. O`zbekistonda turib ham ishlarimni boshqarardim.
Hozir shunday davr keldi, hamma narsani onlayn boshqarasiz. Bizdagi internet tezligida biznes qilib bo`lmaydi. Oddiy maishiy muammolar – gaz, elektr, internet muammolariga duch kelishingiz g`alati. Xorijda bu muammo emas. Menimcha, hamma sharoit bo`lishi shart. Axir biz soliq to`laymizku?!
Masalan, men o`sha gaz ham, elektr ham bo`lmagan savdo markazimga 10 yildan beri millionlab soliq to`layman.
“NEGA BIZNES UChUN XORIJNI TANLADIM?”
O`zbekiston mustaqil bo`lganidan keyin juda qiyin zamonlar keldi. Do`konlar bo`sh, pullar kupon edi. Bankda bir necha marotaba pullarimiz kuyib ketgan. Shundan keyin O`zbekistondan chiqib ketdim, chunki men u erda ishlay olmas edim. Chet tilini yaxshi bilardim.
Keyin turmushga chiqdim, farzandli bo`ldim. Aslida Amerikani o`zimizning loy ko`chalarga alishmagan bo`lardim. Kanadaga borganimdan keyin 2 yilda bir borardim. Dubayda yashagan vaqtimiz tez-tez borar edik.
Farzandlarim bilan O`zbekistonni va yaqinlarimizni sog`inamiz.
«Kanadaga qanday qilib ishlashga borsam bo`ladi?», deb ko`p so`rashadi. Shuning uchun ham men "Immigration consulting“ kursini onlayn o`qidim va qonun-qoidasini o`rgandim. Ko`pchilik AQShga qarindoshining ortidan borib, viza va boshqa hujjatlarsiz qolib ketaveradi.
20 yillab hujjatsiz yuraveradi. Lekin, Kanada butunlay boshqa. Xat-hujjatsiz bir «qush ham» uchib kira olmaydi. Kanadaga kelganlarning o`z statusi bor. Kimdir qochoq, kimdir o`qishga kelgan, kimdir ishga, kimdir investor...
Kanadada qishloq xo`jaligi juda yaxshi rivojlangan. Dunyoga don, un mahsulotlari sotadigan etakchi davlatlardan biri. Konvensiyaga ko`ra, bu erda qishloq xo`jaligi bilan shug`ullanuvchilarga davlat er beradi.
O`zi uy qurib olib, dehqonchilik bilan shug`ullanib yashayveradi. Lekin birinchi qadam ingliz tilini bilish, shuningdek kamida bir yillik ish tajribasi ham kerak.
Hatto maktabni bitirgan o`smir ham ish tajribasi va IELTS sertifikati bo`lsa kela oladi. Masalan, men biznes investor bo`lib kelganman. 2023 yilgacha Kanada 1 million 250 ming odamni olib kelishni mo`ljallayapti. Chunki bu erdagi aholining 50 foizi qariyalar.
Shuning uchun Kanadaga ko`proq yoshlar kerak. Hozirda Kanadaga til bilsa, mehnat shartnomasi bo`lmasa ham kelish mumkin.
“YoShLARIMIZ SIYoSATDA FAOL BO`LIShI KERAK”
Vatanda bo`layotgan voqealarni kuzatib boraman. Ba`zan xursand bo`laman, ba`zan xafa. Ayni damda O`zbekistonda hammasi yaxshi bo`lyapti. Qo`shni davlatlar bilan chegaralarni ochdik. Fikrimcha, yoshlar siyosatda ham ko`proq faol bo`lishi kerak.
Ertaga vatanimiz shu yoshlar qo`lida. Men xorijda yashasam ham, O`zbekistondagi bo`layotgan voqealarga befarq emasman.