Shu hafta davomida Samarqand IIB xodimi hamda Qoraqalpog`istondagi Tergov boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari katta miqdorda poradan voz kechgani sababli pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Aslida har bir fuqaro uchun pora olish va berish jinoyat hisoblanadi. Ayniqsa, ichki ishlar tizimida ishlovchi xodimlar uchun bu unsur mutloqo yot bo`lgan tushuncha bo`lishi lozim. Pora olmaslik bu tizim vakillarining bosh vazifalaridan biri. Bugun O`zbekistonda o`z vazifasini bajarib, porani rad etgan xodimlar “qahramon”ga aylanayotgani ko`pchilikni taajjubga solmoqda. Demak porani rad etmaganlar bu tizimda ishlab yuribdimi, degan mulohaza tug`ulishi ham tabiiy.
Korrupsiyaga qarshi eng birinchilardan bo`lib kurashuvchi ichki ishlar xodimlarining rad qilgan pora evaziga pul miqdori bilan taqdirlanilayotgani qanchalar mantiqli?
Rost24.uz axborot sayti Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaevga shu mavzu yuzasidan savol berdi.
— Endi bizda bir xillar o`z ishini bajarsa ham mukofotlanmoqda-ku. Shunga o`xshagan ish bu ham. Rag`bat ma`nosida dastlab berayotgan bo`lishi mumkin. Pora uchun mukofot berishni men ham samarali usul, deb hisoblamayman. Endi umumiy boshqa qilgan ko`rsatkichlari uchun e`tirof sifatida qarash kerakdir. Bir-ikkita odamlarning dunyoqarashi shu masalani oldini oladi ,deb o`ylab topgan bo`lsa nisbiy tushuncha bu ham.
Qahramonlik darajasiga jamiyatning o`zi chiqaradi. Qahramon emas, o`zining ishini qilibdi bu ham, bu normal holat, deb fikr qilsa uni hech kim qahramon deb hisoblamaydi. Lekin jamiyatning o`zi chiqarib qo`yadida. Siz bilan bizga o`xshagan odamlar. Qahramon demang, o`zining ishini qilibdi, deng. Bo`ldi, qahramon bo`lmaydi, – dedi Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbaev.