2017 yil avvalida katta rezonans bergan “Xalq qabulxonalari” bugun qanday ahvolda? Minglab murojaatlarni qabul qilgan, echim topib bergan, aholida katta ishonch uyg`otgan bu katta tizim bugun kichrayib uyquga ketmayaptimi?
Davlat byudjetidan qurilgan, respublikaning har bir tuman va shahrida qad rostlagan hashamatli qabulxonalar nega bugun huvullab yotibdi? “Xalq qabulxonalari”ga bugun qorovul va mas`ullardan boshqa biror bir inson ham borayaptimi?
Xalq va hokimiyatni mustahkam birlashtiruvchi tizim sifatida ko`rilgan “Xalq qabulxonalari” bugun ham ishlayayotgan bo`lsa, nega unda bu tizimga odamlarning ishonchi so`nib borayapti.
Qabulxonalarda ishlaydigan xodimlar nima ishlar bilan mashg`ul? Axir ular xalq to`laydigan soliqdan oylik oladi. Yoki jamiyatimizda qabulxonalarga boriladigan muammolar kamaydimi? Agar shunday bo`lsa, nega jurnalist va blogerlar murojaatlardan bo`shamaydi.
Samara bermayotgan tizimga byudjetdan qancha pul ajratilmoqda? Achchiq, ammo xalqning ochiq dardlari sabab Rost24.uz axborot sayti xalq qabulxonalari faoliyatini o`rgandi. O`ylantirayotgan, ochiq savollarga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining xalq qabulxonasi mutasaddilaridan javob olmoqchi bo`ldik, ammo rahbar bizga intervyu berishdan oldin Prezident maslahatchisidan ruxsat olishi kerakligini aytdi.
Nachora, biz Mirzo Ulug`bek tumanidagi “Xalq qabulxonasi” faoliyati bilan tanishish uchun manzilda bo`ldik, bu erda ham na mudirni na uning mutaxassisini uchratdik, eshiklar qulf va shahar hokimiyatidan vaqtincha kelib turgan xodim bizga mudirni seminar treningga ketganini ma`lum qildi. Shu bois qabulxonaga kelgan fuqaroni murojaatini biz eshitdik.
Keyingi manzil esa Yakkasaroy tuman “Xalq qabulxonasi” bo`ldi, bu erdagi mudir ham seminar treningga ketganiga, bosh vazir o`rinbosari qabulxonasi va uning o`rinbosari xonasining ham eshigi ish vaqti qulfligiga guvoh bo`ldik. Bir yarim soat kutganimizdan so`ng mudir kelib, biz bilan uchrashdi va mutaxassisidan qabullar bo`yicha ma`lumot olishimiz mumkinligini aytdi.
Hozircha, “Xalq qabulxonalari”ning bugungi faoliyati haqidagi maxsus reportajimizni tomosha qiling. Biz bu mavzuga hali yana qaytamiz.