Yoxud 100 minglab ishbilarmon ayollarga yordam bergan assosiasiya jamoasi bugun o`zi yordamga muhtoj
Oxirgi bir necha yil ichida “Tadbirkor ayol” O`zbekiston ishbilarmonlar assosiasiyasiga 100 mingga yaqin ayollar murojaat qilishgan va ularning asosiy qismining muommolari echilgan. Bugun esa assosiasiya jamoasining o`zlari yordamga muhtoj bo`lib turibdi. Ular faoliyat ko`rsatayotgan bino ta`mirlanayotgani munosabati bilan binoni tark etishga majbur bo`lmoqda.
“Tadbirkor ayol” O`zbekiston ishbilarmon ayollar assosiasiyasi 1991 yilda mamlakatimizda ayollar tadbirkorlik harakatini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan bo`lib, hududlar bo`yicha 78 ta davlat ro`yxatidan rasman o`tkazilgan filiallariga, 200 nafar biznes trenerlari va tadbirkor ayollarni har tomonlama faoliyatlarida qo`llab-quvvatlash tizimiga ega.
2014 yili Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan Assosiasiya Furqat ko`chasi 1 uydagi 9 qavvatli binoning 5 qavvatidan joy berilgan. Bugun esa bino tubdan ta`mirlanayotgani uchun assosiasiya xodimlari binoni tark etishga majbur bo`lmoqda.
“Tadbirkor ayol” assosiasiyasi jamoasi OAV xodimlarini taklif etib, yuzaga kelgan muommo haqida ma`lumot berdi.
Bugungacha xorijiy moliyaviy institutlar va mahalliy hamkorlar ko`magida yuzlab ta`lim dasturlari amalga oshirilib, 200 ming nafardan ortiq xotin-qizlar biznes asoslariga o`qitilgan. 50,3 ming nafar xotin-qizlar tadbirkorlik malakasiga ega bo`lib, ularning 80 foizi ish bilan band bo`ldi. 43 ming nafar ayol biznes yuritish asoslari va metodikasiga o`rgatilib, o`z bizneslarini tashkil eta oldi. 100 ming nafardan ortiq vaqtincha ishsiz ayollar mehnat bozoridagi xaridorgir kasblarga yo`naltirilgan.
Yana bir muhim ma`lumot, assosiasiya biron marta davlat byudjetidan mablag` olmagan. Tashkilot xodimlari bugun noilojlikdan ish qurollarini yig`ib ko`chmoqda, ammo bino ta`mirdan so`ng o`zlarining qadrdon ishxonasiga qaytib kelishga umid qilayotir.