"O`zbekiston Respublikasi Sharqiy Quddusdagi vaziyatning keskin tus olishi sababli chuqur xavotirda ekanligini bildiradi.
Tomonlarni zo`ravonlikka chek qo`yish, vaziyatni beqarorlashtirishdan saqlanish va bundan buyon qon to`kilishiga yo`l qo`ymaslik hamda musulmon olami uchun muqaddas hisoblangan Iyd al-Fitr arafasida mojaroni hal etish bo`yicha barcha imkoniyatlarni safarbar etishga chaqiramiz.
Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligini – status-kvoga rioya etilishini ta`minlash zarur, deb hisoblaymiz.
Falastin-Isroil muammosi xalqaro huquq me`yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan avval qabul qilingan rezolyusiyalar hamda «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyili asosida hal etilishi lozim".
Bu – O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Quddusdagi vaziyat bo`yicha bergan bayonoti.
Mazkur bayonot O`zbekiston tashqi siyosatida yuz bergan o`ziga xos yangilik bo`ldi deyishimiz mumkin.
Avvallari tashqi ishlar vazirligi jahondagi muhim vaziyatlar bo`yicha bu kabi lo`nda, xalqning qalbiga yaqin va yorqin pozisiyalarimiz aks etgan bayonotlarni kamdan kam berar edi. Misol uchun, Qrimni Rossiya bosib olganda berilgan bayonot shu qadar mavhum, shu qadar silliq va shu qadar tushunarsiz chiqqan ediki, uni yaxshisi bermasa ham bo`lar edi. Yoki Tog`li Qorabog` bo`yicha ham juda ko`p yillar sukut saqlab kelindi.
Tashqi siyosatda men senga tegmay, sen ham men bilan ishing bo`lmasin qabilidagi o`zini o`zi yakkalashga o`xshash bir siyosat olib borildi.
Ammo mart oyi oxirida o`tkazilgan Turkiy Kengash sammitida O`zbekiston Rahbari bu bo`yicha ham misli ko`rilmagan tarixiy bayonot bilan chiqdi va Ozarbayjon tomonidan tarixiy adolat tiklangani bilan qutlab, Tog`li Qorabog`dagi tiklash ishlariga rasmiy Toshkent ko`mak ko`rsatishga tayyorligini ham bildirdi.
Bu bo`yicha garchi an`anaviy hamkor davlat Armaniston rahbariyati norozi bo`lishini bilsa-da, qardoshlik birligini baralla e`lon qila oldi.
Tojikiston va Qirg`iziston chegarasidagi qirg`inda ham aynan O`zbekiston etakchisining ikki qo`shni mamlakat Prezidentlari bilan juda tezkor telefon orqali muloqoti va mojarolashayotgan tomonlarni tinchlik jarayoniga torta olgani muammoni tezda barham topishida hal qiluvchi rollardan birini o`ynadi.
Aslida Shavkat Mirziyoevning “telefon diplomatiyasi” alohida o`rganishga molik mavzudir. Zero, u davlat rahbarimiz tomonidan pandemiya boshlanmasidan ham avvalroq boshlangan muloqot uslubi edi va shu murakkab hamda sinovli kunlarda, o`zaro bordi keldilar cheklanib qolgan sharoitda nihoyatda qo`l keldi.
Turkmaniston Prezidentining otasi qazosi munosabati bilan samimiy hamdardlik izhor etish va marhumning ruhini shod etish maqsadida O`zbekiston Prezidentining Ashxobodga amaliy tashrifi va iftorlik dasturxonida ishtiroki ham misli ko`rilmagan tashqi siyosiy sakrash bo`ldi, deyish mumkin. Karimovning “sovetcha shlyapasi” do`ppiga aylanib, milliy etakchimiz timsolida nihoyatda ajoyib g`ururbaxsh etadigan hodisaga aylanib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlarda “ta`ziya diplomatiyasi” bir chetda qolib, davlat rahbarining milliy do`ppisi nechog`li yarashiqli va protokolga kiritsa arzirli yangilik sifatida keng baholar berildi.
Quddus masalasidagi yondashuv esa endilikda O`zbekistonning o`z tashqi siyosat kursi faol amaliy tus olayotgani yaqqol ko`rsatmoqda va o`z manfaatlari nimadan iborat ekanligini xalqaro jamoatchilikka ochiq aytishdan cho`chimayapti. Bu menga prezidentlik saylovlari o`tayotgan yilda tashqi siyosat bobida “katta sakrashday” tuyulayapti.
Binobarin, Isroil davlati Falastin xalqiga jabru zulmni nihoyatda oshirdi va muborak Ramazon kunlarida bemalol masjidga bostirib kirib, ibodat qilayotgan musulmonlarni ko`chaga haydab chiqardi. Buning uchun quroldan foydalanishdan ham tap tortib o`tirgani yo`q. Lekin e`tiborli tomoni, ummatga nisbatan shunday vahshiylik va tajovuzkorlik bo`lib turganda 50dan ortiq musulmon davlatlarining juda kam sonli mamlakatlarigina bunga munosabat bildirdi xolos.
Bu bayonotning yaqinda Prezident matbuot kotibi etib tayinlangan Sherzod Asadovning o`tgan bir haftaliklar tahlili va bo`lajak bir hafta rejalari haqidagi matbuot anjumanlari efirga keta boshlagan oxirgi haftalarda e`lon qilingani esa O`zbekistonning xalqaro maydonga ochilib borayotganini yana bir karra tasdiqlaydi.
Ha aytgancha, maqolani tugatar chog`imda Sh.Asadov tashqi ishlar vaziri o`rinbosari bo`lgani va bu xayrli o`zgarishlarning bunga qandaydir bog`liqligi yo`qmikan degan fikr ham xayolimdan o`tdi.
Sherali OTABOEV,
jurnalist