Bir oylik ishlab topgan maoshingizni ro`zg`or tebratish, kommunal to`lovlar, farzandlar o`qishi, shaxsiy ehtiyoj va yana boshqa sarf-xarajatlarga etkazishingiz, kerak bo`lsa kichik cho`ntakka ham zahiraga saqlab qo`yishingiz zarur.
Rost24.uz axborot sayti poytaxtimizning “Chorsu” bozorida “Toshkentda yashash uchun bir oyda qancha maosh olish kerak?“ savoli bilan so`rovnoma o`tkazdi. Odamlar o`z ehtiyojlariga mos ravishda javob berdi. So`rovnomada qatnashganlar o`rtacha 5 million so`m maosh olsagina bir oyga etishi haqida aytishdi.
2019 yil parlament saylovlari vaqtida XDP raisi Ulug`bek Inoyatov «2,5 million so`m 5 kishidan iborat oilaning bir oylik iste`mol savatchasining Oziq-ovqat qismini qoplashga etadi», deya fikr bildirgan edi. Bu borada, ya`ni 2020 yil dekabr oyida O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi tomonidan jahon tajribasi va aholining ijtimoiy so`rov natijalarini hisobga olgan holda, O`zbekiston Respublikasida iste`mol savatining hisob-kitobini ishlab chiqish bo`yicha ishlar olib borilib, iste`mol savatining miqdori bir kishi uchun taxminan 2 157 000 so`mga to`g`ri kelishini qayd etgan. Ammo bu borada hali O`zbekistonda biror bir rasmiy hujjat qabul qilingani yo`q.
2021 yil yanvar-mart oylarida esa Toshkent shahrida aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi 6,3 mln. so`mni tashkil etyotgani haqida Statistika qo`mitasi xabar bergan.