O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti xulosasi
Rost24.uz axborot sayti tahririyati Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan boshlang`ich bahosi 1 so`m narxda ommaviy savdoga qo`yilgan sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining bosh qarorgohi yuzasidan jurnalistik surishtiruv o`tkazgan edi.
Surishtiruv asosida sayt muxbirlari tomonidan mazkur bino qonunga xilof ravishda savdoga qo`yilgani qayd etilib, Toshkent shahri Sayilgoh ko`chasida joylashgan ushbu MXXning sobiq bosh qarorgohi O`zbekistonning moddiy madaniy merosi ob`ektlari ro`yxatiga kiritilgani bayon qilingandi.
O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti Ishchi guruh tuzib mazkur maqolada keltirilgan dalillarni o`rgandi.
***
www.rost24.uz saytida chiqqan “Madaniy meros sifatida ro`yxatga olingan DXX sobiq binosining sotilishi qonunga xilof” xabari e`lon qilingan edi.
2021 yil 28 aprel kuni Madaniy meros departamentining ishchi guruhi Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Buyuk Turon ko`chasi, 29-uy manzilida joylashgan 4 qavatli bino (DXX binosi)ni tarixiy-madaniy ekspertizadan o`tkazish maqsadida bino joylashgan erga chiqib quyidagilarni aniqladi:
Inshootlarning to`plami bir yaxlit majmua holda saqlanib qolgan. Shulardan eng tarixiy ahamiyatga ega bo`lgan qismi 1950 yillarda qurilgan ma`muriy binodir. Qolgan inshootlar 1970-2000 yillar davomida bosqichma-bosqich qurila boshlanib, bir majmuaday holga kelgan.
Majmua inshootlarning bir qismi tarixiy-me`moriy jihatdan qiymatlidir. Xo`jalik maqsadlarida qurilgan inshootlar me`moriy jihatdan qiymatga ega emas.
Hozirgi kunda tarixiy-me`moriy qiymatli qismi 1950 yillarda qurilgan Buyuk Turon ko`chasiga asosiy tarz bilan joylashgan ma`muriy inshootdir.
Bino 1950 yillarga xos klassik usulida barpo etilgan. Uning tarzida shu me`moriy yo`nalishga xos portallar, kalonnalar va murakkab kapitellar ishlatilgan.
Binoning o`rta portalli qism asosiy kirish joyi maqsadida ishlatilgan. Shu ko`chada joylashgan cheklanuvchi 2 ta qism ham kolonnali murakkab orderli bezaklarga ega.
Inshootning ichki qismi hozirgi kunda ta`mirlanib, o`zgarib ketgan bo`lsa ham devorlarda va shiftlarda o`ymakorlik ishlari namunalari saqlanib qolgan.
Binoning tarx xususiyatlari shu davrda xos galereyali qilib qurilgan. Konstruktiv qiymatlari shundan iboratki, devor qalinligi tashqi qismda 60-80 santimetrgacha etgan, ichki devorlari 60 santimetr.
Bino mustahkam qurilgan. Uning me`moriy jihatdan qiymatligi
1950 yillardagi arxitektura yo`nalishlarining namunalari hisoblanadi.
Shaharsozlik nuqtai nazardan binoning Buyuk Turon ko`chasida joylashgan tarzi hamda yaqin masofada turgan Knyaz Romanovning inshooti bilan bir noyob ansabmlni tashkil qiladi.
Sayyohlar uchun bu qiziqarli bir me`moriy to`plam bo`lib, unda Toshkentning 1880 yildan to 1950 yilgacha arxitektura yo`nalishlarini yaxlit namunasi sifatida ko`rsatib beradi.
“Sobiq markaziy bino hududi” bino va inshootlarining boshqa qismlari ham me`moriy-tarixiy qiymatga ega. Masalan, Sayilgoh ko`chasida joylashgan ma`muriy bino 1970 yillarda barpo etilgan bo`lib, unda shu davrga xos me`moriy yo`nalishlar ishlatilgan. Qisman quyosh nuriga qarshi derazalarning konstruksiyalari 1970-80 -yillarning bir namunali deb hisoblasa bo`ladi.
Matbuotchilar ko`chasida joylashgan ma`muriy binoda 1950 yillarda qurilgan inshootning stilistik yo`nalishi ishlatilgan. Jumladan, klassik usulga xos ko`pgina elementlar vujudga kelgan.
Shu binoning hovli qismi tarzida ham klassika usullari ishlatilgan.
Hovli qismda mavjud bo`lgan oshxona va xo`jalik inshootlari yaqin vaqt ichida qurilgan bo`lib, me`moriy-tarixiy qiymatga ega emas.
Madaniy meros departamentining ilmiy ekspertiza kengashi shunday xulosa chiqargan:
1. Buyuk Turon ko`chasida joylashgan 1950 yillarda barpo etilgan ma`muriy bino tarixiy va me`moriy jihatdan saqlanishga muvofiqdir va uni milliy moddiy-madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari milliy ro`yxatida qoldirish zarur.
2. Shu binoning qismi yon-atrofida joylashgan Knyaz Romanovning saroyi bilan bir yaxlit me`moriy turistik ob`ekt deb hisoblansin.
3. Majmuaning Sayilgoh va Matbuotchilar ko`chalarida joylashgan ma`muriy qismlari ham o`z qiymatiga egadir va ularni ham me`moriy tarixiy ob`ekt sifatida saqlanishi maqsadga muvofiqdir.
4. Inshootlar konstruktiv jihatdan ham murakkab ishlangan va uzoq muddat foydalanish mumkin.
Ob`ekt Moddiy-madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari milliy ro`yxatida qoldirish yuzasidan qaror qabul qilingan. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabr sanasidagi 846-sonli qaroriga ko`ra, Davlat xavfsizlik xizmatiga tegishli bo`lgan “Markaziy bino” arxitektura yodgorligi sifatida ro`yxatga olingan hamda ushbu qarorda mazkur bino badiiy yoki o`zga madaniy qimmatliligi tufayli unga garov va ipoteka qo`llanilishi mumkin emas.
O`zbekiston qonunchiligiga ko`ra, davlatga tegishli bo`lgan moddiy madaniy merosni sotuvga qo`yish qonun bilan taqiqlangan.
“Madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to`g`risida”gi Qonunning 23-moddasiga ko`ra, davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros ob`ektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emas.
Madaniy meros departamenti
TAHRIRIYaTDAN: O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti xulosasi asosida rost24.uz axborot sayti tahririyati O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Toshkent shahri Sayilgoh ko`chasida joylashgan MXXning sobiq bosh qarorgohi O`zbekistonning moddiy madaniy merosi ob`ektlari ro`yxatiga kiritilganini hisobga olib hamda Madaniy meros departamentining ilmiy ekspertiza kengashi chiqargan xulosa asosida binoni ochiq auksion savdosidan olinishini o`rganib chiqilishini so`raydi.