Pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo`ldoshev til bo`yicha yangi loyihani qabul qilmagan Oliy majlis deputatlariga o`z aytarini aytdi:
Til – nihoyatda og`riqli muammo. Til haqida munosabat bildirib fikr aytsam, hamisha bir jazava bilanmi, qandaydir bir ehtiros bilan gapiraman. Xolbuki, til haqida ehtirossiz gapirib bo`lmaydi.
Onangni shunchaki himoya qila olmaysan, otangni shunchaki qo`riqlay olmaysan. Chunki uni muhabbat tufayli qo`riqlaysan. Ona tili haqida ham ota tili haqida ham ana shunday jazava bilan gapirishga mahkummiz. Shunchaki bemalol, xotirjam gapiradigan mavzu emas bu.
Shu ma`noda mana bu bizning jamiyatimizda ro`y bergan holat, ya`ni “Milliy tiklanish” partiyasi tomonidan taklif qilingan Davlat tili haqidagi qonun loyihasi boshqa partiyalar tomonidan qabul qilinmagani, o`tkazilmagani – bu endi millatimizning sha`niga hech ketkazilmaydigan dog`dir. O`zining uyida o`zining tilida gapirishni istamaydigan odamlarni deputat qilib qo`ygan xalqmiz. Deputat degani Millat vakili degani.
Millat vakiliki, o`zining tiliga qarshi turgan bo`lsa, bunday millatning bor-yo`qligi haqida o`ylab ko`rish kerak bo`ladi.
Men ana shunday odamlarga ovoz berganim uchun, ana shunday odamlar bilan bir joydan nafas olayotganim uchun, shular bilan o`zbek degan millatning nomini tashiyotganim uchun nomus qilaman. Ana shunday odamlar bilan chog`dosh bo`lganim uchun ham millatdosh bo`lganim uchun ham vatandosh bo`lganim uchun ham nomus qilaman deb bemalol ayta olaman. Chunki o`z uyingda, o`z yurtingda, o`z millatingning tilini oldinga surishni istamayapsan ekan, demak sen kimnikidirsan. O`zbekni emassan.
Fakt shuni ko`rsatadiki, 123 kishidan 65 kishi, yarmidan ko`pi qarshi ovoz berishi – o`zining ota tilining ravnaqiga qarshi bo`lishi bu...
Tashqaridan kelgan yovlarga qurolli kuchlarni qarshi qo`yish mumkin ekan-u ichingdan chiqqan dushmanga, o`zini anglamagan manqurtlarga qarshi turish bu endi bizning millatimizning qismatida bor narsa ekan-da. Mana shunday vaqtda millat uyg`onmog`i kerak bo`ladi. Lekin millatning eng ilg`or qismi, millat vakillari shu ahvolda bo`ladigan bo`lsa, bu millatning kelajagi haqida yomon gumonlarga, yomon xavotirlarga tushib qolishingiz tabiiy.
O`zining farzandlariga emas noma`lum bo`lgan kimlargadir noqulay bo`lmasligini istaydigan bizning “mehribon” millat vakillarimiz 30 milliondan oshiq o`zbekning yuziga oyoq qo`ydi. O`zbekning pulining hisobiga kun ko`rib turib shularning ko`kragini ko`tarib, istagan bir idoraga tap tortmay kirib, o`zining tilida gapirib, o`zining tilda yozib yurish imkoniyatini cheklashga harakat qilayapti bular.
Bilmayman, bunga farosati etib qilayaptimi, etmay qilayaptimi. Agar etib qilayotgan bo`lsa, bu dushmanlar, agar farosati etmayotgan bo`lsa, joyini bo`shatib qo`yishi kerak.