O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "Qatag`on qurbonlari" davlat muzeyi tomonidan millatimiz fidoyilari bo`lgan vatanparvar bobolarimizni oqlash uchun Oliy sudga taklif kiritilganiga ham mana 5 oydan oshdi, ammo hali hamon natija yo`q.
Bizning erkimiz uchun kurashib, qaroqchi va bosmachi nomini olgan, millat xoini deb atalgan ziyolilarimiz, ota-bobolarimiz nomi hamon oqlangancha yo`q. Biz haqiqiy bosmachilarning (Turkiston hududiga tashqaridan bostirib kelgan) qizil bayrog`ini ko`tarib yurganimizda bizning hurligimiz uchun jon bergan ajdodlarimiz nomi qoraligicha qolib ketmoqda.
Shu vaqtgacha Qirg`iziston, Qozog`iston davlatida turkistonliklar millat qahramoni sifatida tan olingan. Kitoblar, filmlar ishlab chiqarilmoqda. Ammo, biz qizil bayroq ko`tarish bilan ovvora bo`lib qolmayapmizmi?
Bosmachilar nomini oqlash, ularning qahramonligini ochiqlash qachon siyosat darajasiga olib chiqiladi?
Vatan uchun jon bergan millatdoshlar nomini poklash, millatimizning o`z qaddini tiklashiga tili va vijdoni uchun kurashishida turtki bo`lmaydimi?
Bugungi kunda tarixda bosmachilar, deb atalgan ota-bobolarimizga hukumatning siyosiy munosabati qanday?
30 yildan buyon e`tiqodimiz uchun kurashgan ajdodlarimizni oqlashga bizga nima to`sqinlik qilib kelmoqda?
Tarix fanlari bo`yicha falsafa doktori Bahrom Irzaev Sovet ittifoqi hokimiyati Turkiston erki uchun kurashganlarga bosmachi, qaroqchi nomini berib ularga jinoiy tus bergani haqida gapiradi.
“Mustaqillikka erishganimizga 30 yil to`ldi, hukumatimiz bosmachilarni nega hamon oqlamadi? Butun dunyo Sharq Bonoparti, deb tan olgan Ibrohimbekni biz hali oqlaganimiz yo`q”, deydi tarixchi Bahrom Irzaev.
To`liq intervyu bilan quyida tanishing.