O`zbekiston “Milliy tiklanish" demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov Toshkent shahridagi “Istiqlol” san`at saroyi qarshisida tashkil etilgan katta ommaviy konsert dasturi davomida sobiq sovet ittifoqining qizil bayrog`ini namoyishkorona ko`tarib chiqqanlarga munosabat bildirdi.
"O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi kuni kecha Toshkent Istiqlol saroyi oldida tashkil etilgan beg`araz konsert dasturida yo`l qo`yilgan g`arazli provokasiyani keskin qoralaydi.
Biz san`atga qarshi emasmiz, san`atni siyosatga qurol qilinishiga qarshimiz.
Taraqqiyparvar o`zbek ziyolilari va oqko`ngil ajdodlarimizning qoniga bo`yalgan bosqinchi sovet davlati bayrog`ini mamlakatimiz poytaxtining qoq markazida baland ko`tarilishini o`zbek xalqiga nisbatan haqorat deb hisoblaymiz.
Bosh Prokuraturadan bu provokasiyaga tegishli baho berilishini kutib qolamiz", deyiladi “Milliy tiklanish” partiyasi raisi bayonotida.
Eslatib o`tamiz, mazkur holatga ayni paytgacha boshqa biror bir rasmiy idora munosabat bildirgani yo`q.