LGBT targ`ibotchisi sifatida qaralayotgan Bozorov Mirazizni kaltaklagan shaxs qidiruvga berildi

30.04.2021 06:32

Ijtimoiy tarmoqlar Amir Temur xiyobonida ro`y bergan hodisalar va fuqaro Bazarov Mirazizga etkazilgan tan jarohatlari bilan bog`liq jinoyat ishlari doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xatti-harakatlari haqida noto`g`ri ma`lumotlar tarqalmoqda.

Shu munosabat bilan Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati Rost24.uzga quyidagilarni ma`lum qildi:

Joriy yilning 28 mart kuni taxminan soat 15.00 da Yunusobod tumanidagi Amir Temur xiyobonida uch-to`rtta fuqaro yosh yigit va qizni LGBT faollari deb gumonlanib, ularga tan jarohatlari etkazgan. Ularga yana 20-25 nafar shaxslar qo`shilib, bezorilik harakatlarini davom ettirishgan. Dastlab janjalni boshlagan 12 nafar fuqaro ushlangan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (“Bezorilik, bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilishi”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Tergov davomida hodisada bevosita ishtirok etgan shaxslar aniqlanib (31 nafar), ularning har birining harakatiga huquqiy baho berildi. Ulardan to`rt nafari jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida jalb qilindi.  Ayblanuvchilarga nisbatan uy qamog`i tarzidagi ehtiyot chorasi tanlandi. Dastlabki tergov tugagandan so`ng, jinoyat ishi qonuniy qaror qabul qilinishi uchun sudga taqdim etiladi.

Mojaroda ishtirok etgan qolgan 27 nafar shaxslarning xatti-harakatlarida O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasi (“Mayda bezorilik”), 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”), 195-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimlarining o`z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko`rsatish”) va 201-moddasida (“Yig`ilishlar, mitinglar, ko`cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o`tkazish tartibini buzish”) nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud.

Shuningdek, Toshkent shahar IIBB axborot resurslarida 1991 yilda tug`ilgan Bazarov Mirazizga tan jarohati etkazilganligi holati bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “i” bandi (“Bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a`zosi tomonidan yoxud shu guruh manfaatlarini ko`zlab qasddan badanga o`rtacha og`ir shikast etkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgani haqida xabar berilgan edi. Tergov tomonidan sud-tibbiy ekspertiza xulosasi olingach, jinoyat ishi O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “k” bandiga (“Qasddan badanga og`ir shikast etkazish, bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilishi”) qayta malakalandi. Jinoyat ishi doirasida tuzilgan tergov-tezkor guruh tomonidan 100 dan ortiq fuqarolar so`roq qilindi, jinoyatchilar harakatlangan bo`lishi mumkin deb gumonlangan 41 172 ta avtotransport vositalari o`rganilmoqda. Mazkur jinoyatga aloqador fuqarolarning shaxslari aniqlanmoqda.

Shu bilan birga, 1 aprel kunidan 20 aprelga qadar Toshkent shahar IIBBga fuqarolardan 28 ta ariza kelib tushgan bo`lib, unda Bazarov Miraziz internetda joylagan videolarida ushbu fuqarolarni va ularning qarindoshlarini haqorat qilgani, ularni terroristik tashkilotlar bilan hamkorlikda ayblab tuhmat qilgani, milliy an`analarni oyoq osti qilib, ayollarning sha`niga putur etkazayotgani hamda millatlararo nizo uyg`otayotgani sababli unga nisbatan qonuniy chora ko`rishni talab qilishgan.
Shuningdek, Mirobod tumani 110-son umumta`lim o`rta maktabi o`qituvchilaridan jamoaviy ariza kelib tushgan bo`lib, unda Internet tarmog`idagi media makonlarda mazkur maktab o`qituvchilarining kasbiy va shaxsiy sifatlari haqida haqoratli ma`lumotlar tarqatganligi va shu bilan ularning obro`sini toptaganligi uchun Bazarov Mirazizga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`rashgan.

Mazkur arizalar bo`yicha tergovga qadar tekshiruv o`tkazilib, tegishli kompleksli ekspertiza tayinlandi.

Tergovga qadar tekshiruv natijalariga ko`ra, Bazarov Mirazizning xatti-harakatlarida O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “g” bandida (“G`arazgo`ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish, ya`ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish”) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari borligi aniqlanib jinoyat ishi qo`zg`atildi. Tergov davom etmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, jabrlanuvchining so`zidan tuzilgan fotorobot asosida Bazarov Mirazizga tan jarohati etkazishga aloqador bo`lgan gumon qilinuvchining shaxsi aniqlanib qidiruvga berilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар