Bugungi sanotoriylar eski kolxoz idorasiga o`xshaydimi?

28.04.2021 07:53

yoxud eskirib qolgan “ChORTOQ” sanatoriysidan jurnalistning achchiq reportaji

Namangan viloyati hokimining bu ish uslubi, bir so`z bilan aytganda, sharmanda. Boshqa gap yo`q.

Nega o`zbek boylari, o`zbekning o`ziga to`qroq yoshlari O`zbekistonda dam olmaydi? Bu holat – tizim uchun katta minus emasmi?

Kasaba uyushmalari federasiyasi rahbariyatiga yuzlanib aytamanki, ishoning, hozir qilib yurgan ishingizdan ko`ra, bu jabhadagi vaziyatni o`nglashingiz, davlat g`aznasiga ham, xalqimizga ham foydaliroq emasmi?..

***

To`satdan tobim qochib qoldi: qon bosimi... Xususiy poliklinikalardan birida 10 kun davolandim. So`ngra vrachlarning, yaqinlarimning maslahati bilan o`zim tug`ilib o`sgan Chortoqning tashrif qog`ozi bo`lgan sanatoriyga davolanish, dam olish maqsadida yotdim. Bu erdagi muhitdan gohi ajablanib, gohi xursand bo`lib, ayni paytda davolanishni davom ettirayapman. Ammo, kasb kasalligi – ko`zing ko`rib turgan narsalar haqida gapirging, dunyoni bekamu ko`st ko`rging kelaveradi...

Yoz boshlanayapti, sanator-kurort mavsumi arafasidamiz. Shuni inoabatga olib, “Chortoq” sanatoriysi haqida ko`rgan-bilganlarimni yozmoqchiman. Demak, boshladik...

Bir kishilik, lyuks bo`lmagan xona uchun 10 kunga 2 million 300 ming so`m atrofida to`ladim. Shunday bo`ldiki, lyuks yoki lyuks bo`lmagan xonalar uchun tanlov taqdim qilinmadi. Pul to`lab bo`lganimda, yana “O`zbekturizm”ga ham berishimni aytishdi. 12 ming so`m ekan. To`ladim. 3-binoga joylashdim.

Dam olishni boshladim. Ertalabki nonushta uchun oshxonaga borganimda, kurort kartochkamga qarab, men o`tiradigan stulni belgilab berishdi. Har kuni shu stulda o`tirib uch mahal ovqatlanaman. Sheriklarim biri Farg`onadan – avtomobillarga oynak ishlab chiqaradigan zavod ishchisi, yana biri Dilbar opa – Xorazmning Yangibozor tumanidan, 43 yil baliqchilik xo`jaligida, bir ishda va bir vazifada ishlagan soddadil, umri mehnatda o`tgan ayol, yana biri Jamoliddin aka – Uychi tumani hokimligida uzoq yillar ishlab, nafaqaga chiqqan ajoyib inson. 

“Chortoq” sanatoriysi – minuslar

1. Taomnoma. Suratda ko`rib turganingiz tushlikka beriladigan ovqat. Pishgan kartoshkani ezib (pyure) tayyorlangani va kotlet. Bu taomni qanday nomlashni bilmadim. Tanlov imoniyati bor. Bu ovqatni rad qilsangiz, xuddi shu taomga o`xshash ikkinchi taomni berishadi – farqi kotlet o`rnida qaynatilgan uch-to`rt mayda bo`lak go`sht, kartoshka qaylasi o`rnida grechka, makaron... Gorox sho`rvada gorox yo`q; palov degani ikki osham... 

Xullas, kolxoz oshxonasini eslatadi. Na uy va na oshxona taomlari sirasiga kirmaydigan, faqat shu erda o`ylab topilgan ovqatlar. Salatlar esa alohida mavzu. Ularni bir so`z bilan “Ozgina” deb nomlash mumkin. Yaxshilab sermasangiz, bir qoshiqdan sal ko`proq chiqadigan bu salatlarda: ozgina pomidor, ozgina bodring, ozgina qizilcha, ozgina karam va h... 

2. Jarnoma. Ovqatlanishga o`tirganingizda jarnoma vaqti boshlanadi. Aytgancha, Chortoq bilan chegaradosh Qirg`izistonda reklamani jarnoma deyishadi. Bir odam oshxonani o`rtasida turvolib, hammani vodiy bo`ylab pullik sayohatlarga chaqiradi, kechqurun bo`lib o`tadigan konsertlarga chipta sotilayotganini aytadi. Qiziq, axir hammadan turizm uchun majburiy to`lov olingan edi-ku! Eng qizig`i, bu jarnomachilar, konsertmeysterlar kurortda rasman ishlamaydi, shu erdan tirikchilik qiladigan mahalliy aholi.

3. Kurort-bozor. Ovqatlanib tashqariga ichiqishingiz hamono chayqovchilar atrofingizni o`rab oladi. Qurut sotuvchilar, pista-bodomchilar, arzon-garov kiyim kechaklar, ayollar uchun bujuteriya mahsulotlari sotuvchilar... Ular rasta sifatida siz o`tirib xordiq chiqarishingiz kerak bo`lgan o`rindiqlarni band qilib, egallab olishgan. Kurort-bozor 30 daqiqa chamasi davom etadi. Keyin qorovul kelib ularni haydashga tushadi, chayqovchilar qoravul bilan baqir-chaqir qilib urishishni boshlaydi. Har kuni shunaqa, hech o`zgarmaydi. Bundan tashqari, shu erning o`zida shafyorlarning norasmiy pakkasi (pitagi) mavjud. Faqat mashinasi tashqarida. Ular kalitlarini o`ynatib, “Toshkent-Toshkent” deb baqirishadi. G`ala-g`ovur. Dam olishga kelgandim-a, deb qo`yasiz xomushlik bilan bu manzaraga tikilib. Yana deng, bu ishlar sanatoriyning qoq markazida sodir bo`layotibdi...

4. Eskirgan inter`er va jihozlar. Har qadamda va har joyda eskirgan doim g`irchillab turadigan stol-stullar, devorlari ko`chgan xonalar, uniqib ketgan mebellar, oynasi siniq shkaflar sizni qarshi oladi. Ma`danli vanna, aylana (sirkulyar) dushdagi vaziyat esa shunchaki sharmanda. Suvni purkab turadigan apparatlar eskirgan, simlar cho`zilib yotibdi, plitalar ko`chib ketgan, siz bilan dushga kirgan sherigingiz purkagichni ko`tarib turmasa, suv pastga qarab otilib turaveradi. Vanna olinadigan xona esa undan ham abgor. Vanna olinadigan katta tog`orani zang bosib ketgan, sen o`tirib, 10 minut vanna qabul qilishing kerak bo`lgan joydagi qizil-qora dog`lar ta`bingni buzadi, foydalanilgan suv chiqib ketadigan joylar esa shunchaki tashlandiq, qarasang ko`ngling ayniydigan holatda, mog`or bosgan. Pol va shiftlar ko`chib ketgan, siniq derazalar... 

5. Binolar, bo`limlar o`rtasidagi aloqa eskicha. Kurort kartochkangizga shifokor siz oladigan muolajani yozib beradi. Lekin, o`tgan asrda paydo bo`lgan bu tizim ayni kunlarda eskirgani mas`ullarning xayolida ham yo`q. Siz har kuni qaerga va qaysi soatda bo`lishingiz, tartib raqamingiz, kutish vaqtingiz haqida, soat nechada navbatingiz kelishi haqida aniq tasavvuringiz bo`lishi kerak. Ichki tizim telefon qo`ng`iroqlari orqali so`rov qilishga asoslangan, o`zaro axborot almashish dasturi yo`q. Men olishim kerak bo`lgan 10 ta muolajaning qaysi biriga qachon borishimni aniq bilmayman. Hammaga bir xil vaqt ko`rsatiladi va borib navbatda turasiz. Vrachlar yozib bergan muolaja bazaga kiritilib, qo`lingizga aniq marshrut berilmaydi. Kurort kartangizni varaqlab o`tirasiz. Hudud katta va mabodo massaj uchun bir binoga borib, keyin boshqasiga borib, undan keyin yana massaj olingan binoga qaytib kelishga to`g`ri kelsa xunobingiz chiqadi. Kurort varog`idagi ketma-ketlik binolar joylashuviga mos kelmaydi. Biz-ku yoshmiz, lekin mehmonlarning 90 foizi qariyalar, ularga qiyin.

6. Va boshqa kamchiliklar. Binoning asosiy kirish qismidan eshik qolib, teshikdan kirasiz. Ya`ni, kurortga bir tadbirkorning maishiy mollar sotiladigan do`konidan kiriladigan qilib qo`yilgan. Asosiy eshik ochilmaydi. Vay-fay hudud umuman yo`q. Bu ham mayli, shu yaqin atrofdagi qishloqlarda chiroq o`chsa, sizda internet ishlamaydi. Telefonlarda antenna yo`qolib qoladi. Bunaqasi esa, afsuski, tez-tez sodir bo`ldi. Bugun sakkizinchi kun bo`lsa, shu vaqt oralig`ida ikki marta kunduzi bilan internet, aloqa ishlamay qoldi.

Hovlida yaxshi qaralgan joylar bor, shuning bilan birga, eskirgan, qurigan daraxtlar, shox-shabbalar va qarovsiz maydonlar bor. Aloqa bo`limini savdogarlar egallab olishgan, ichkariga ko`z tashlasangiz, qayta qurish davridan qolgan tartibsizlik, qarovsizlik haliyam yashayotganini ko`rasiz.

Xonangizga navbatchi hamshira yoki boshqa xizmatchini chaqirish uchun pastga – ularning oldiga tushishingiz kerak. Ichki aloqa tizimi mavjud emas.

Dam oluvchilar uchun maxsus qiziqarli loyiha va tadbirlar umuman yo`q. Masalan, bir dam oluvchining tug`ilgan kuni bo`ldi deylik. Kurort ma`muriyati taomlanish vaqtida, hamma jam bo`lgan pallada bir og`iz tabriklab, unga alohida e`tibor ko`rsatsa, qanchalar chiroyli chiqar edi. Bu taomil barcha o`zini hurmat qiladigan kurortlarda bor. Biz bilan dam olayotgan bir maktab direktori tug`ilgan kunini nishonladi. Do`stlari kelishdi. Xonada maishat qilib, ancha vaqt gurunglashib o`ltirishdi. Xolbuki, bu vaziyat kurort ma`muriyati uchun dam oluvchini butkul rom qilish, potensial mijozlarni lol qoldirish borasida qo`shimcha imkoniyat edi. 

“Chortoq” sanatoriysi – plyuslar

  1. Ma`danli suv. Sanatoriyni to`liq bankrotlikdan saqlab turgan omil mana shu bo`lsa kerak. Bu suv ortiqcha ta`rifga muhtoj emas. Shuning uchun ko`p to`xtalmayman. Atigi bir marta vanna qabul qilsangiz, vujudda o`zgarish bo`layotganini aniq sezasiz. Bu – Allohning mo``jizasi. Ertaklarda aytilgan mo``jizakor suvlar hayotda borligiga imon keltirasan kishi.
  2. Muomala. Sanatoriy vrach-sanitarlari, ishchi-xodimlarining shirin muomalasiga qoyil qolish kerak. Bu borada ko`p yillik o`ziga xos maktab borligi sezilib turadi. 
  3. Fitnes. Chortoq sanatoriysining tashrif qog`ozi, avvalo, ma`danli suv bo`lsa, ikkinchisi g`oyatda yaxshi ishlaydigan fitness murabbiylar. Ular har bir dam oluvchining individual holatidan kelib chiqib, yakka va alohida tartibda mashg`ulot o`tkazishadi. Mashg`ulotlari ham qiziqarli, yumorga boy va samimiy o`tadi.
  4. Iqlim, ob-havo. Chor atrofida tog`lar o`rab turgan Chortoqning tog`oldi havosi tanni yayratadi. Tushlikdan chiqib, chayqovchilarni tezda aylanib o`tib, quyuq daraxtzorlar oralab sayr qilish, qushlarning chag`irlashini eshitish asablaringizga dam beradi.

 

Nega dam olishni bilmaymiz?

Rostini aytish kerak, 36 yoshga kirib, ilk marta dam olish uchun kurortga keldim.  To`g`ri, bu erda hammasi men istagan va tasavvur qilganchalik emas, ammo baribir dam oluvchilar safida nisbatan yoshlarning yo`qligi, asosan, 55-75 yosh orasidagi hamyurtlarimiz ekani kishini o`ylantiradi. Ular dam olmaydilarmi? 

Dam olishadi. Inson borki, dam olish, zavqlanish hissi hamisha mavjud. Afsuski, yoshlarimiz Chortoq va shunga o`xshash o`zimizdagi sanatoriylarga emas, Antaliya, Issiqko`l, Yalta, Chorvoqqa borishadi. U erlarda xizmat ko`rsatish saviyasi, taklif etilayotgan muolaja va dam olish uylarida tartib, zamonaviylik, boshqacha madaniyat bor. Men, masalan “Chortoq” uchun to`lagan pulimga yana ozroq qo`shsam Antaliya yoki Issiqko`lda hech bir asabbuzarliksiz, bamaylixotir dam olib kelar edim... 

Kelajakni rejalashtirish borasida oqsayapmiz. Pandemiya paytida undan keyingi davr chuqurroq o`ylanmagani aniq ko`rinib qoldi. Og`ir ruhiy davrlarni boshidan kechirgan, uyda o`tiraverib zerikkan aholi uchun “Chortoq” singari milliy brendlarimizni tayyorlab, mutlaqo yangicha dam olish tizimini joriy etish mumkin edi... 

Kurortga kelayotgan, dam olayotgan odamlar bilan ko`p suhbatlashdim. Ular mehnatda toblangan, halol insonlar – kolxoz ishchilari, bir umr obodonlashtirishda ishlagan oddiy odamlar, mehnatkash, chayir va yuzi issiq otaxon-u onaxonlar. Eng zo`r dam olishga loyiq insonlar – shular aslida. Ammo, biz ularga sovet davri nostalgiyasini ko`rsatayapmiz. Xizmat ko`rsatish tartibi, menyudan tortib toki mis idishlarda ovqat berishgacha bari-bari eskicha, sovetcha (Farmonbibi temir shifoxonaning temir choynagida choy ichirgani uchun oqibatsiz o`g`ilgani koyigani esga tushdimi? Shunaqa...)

Eng qizig`i, kurort rahbari bilan gaplashganimda ma`lum bo`ldi. U bechora mahallabay tizimi bo`yicha hududga biriktirilgan ekan. Haftasiga ikki marta kurortga kela olarkan, xolos. Qolgan paytda Namangan shahridagi qaysidir mahallada nimalarnidir o`rganar ekan. Tushunayapsizmi, o`zining ish joyida vaziyat abgor, dam oluvchilar siyrak, joylar bo`sh, mahalladagi bozorchilar hududni egallab olgan, lekin bu kishim 40 kilometr naridagi qaysidir mahallada uyma-uy yurarkanlar. Namangan viloyati hokimining bu ish uslubi, bir so`z bilan aytganda, sharmanda. Boshqa gap yo`q.

Xulosa qilib aytganda, O`zbekistonda sanator-kurortlardagi vaziyatni boshqatdan ko`rib chiqish, millatning dam olish vaqtlarini o`ylaydigan palla keldi. Xalq oxiri yo`q islohotlar-u o`tish davrlaridan charchadi. Bu xalq Antaliya, Issiqko`l, Yalta, Kislovodskdagi sharoitlardan, foydalilik jihati bo`yicha ancha yuqori turuvchi o`zimizning kurortlarga talpishini kerak. Shunga sharoit qilinishi zarur. 

Buning uchun esa, hamma o`zi ishini qilishi kerak. Deylik, kasaba uyushmalari qo`mitasi rahbariyati o`z tizimida nimalar bo`layotganini bilishi shart. Ayollar daftari, uyma-uy yurishlarni qo`yib, muhtaram xalq qaerda va qanday dam olayotganini, real manzarani bir ko`rishi kerak! 

Yana bir  jiddiy gap. Nega o`zbek boylari, o`zbekning o`ziga to`qroq yoshlari O`zbekistonda dam olmaydi? Bu holat – tizim uchun katta minus. Kasaba uyushmalari federasiyasi rahbariyatiga yuzlanib aytamanki, ishoning, hozir qilib yurgan ishingizdan ko`ra, bu jabhadagi vaziyatni o`nglashingiz, davlat g`aznasiga ham, xalqimizga ham foydaliroq...

Kamchiliklariga qaramay, “Chortoq” sanatoriysi ajoyib. Ma`danli suv, mamlakatning turli hududlaridan kelgan turfa odamlar bilan tanishuv, eshiklarning g`archillashi, chayqovchilarning baqir-chaqirlari – hammasi allanechuk yoqimsiz tuyulmaydi. Hayotning har jabhasida ufurib turgan bu kabi kamchiliklarga ko`zimiz o`rganib qoldi, shekilli. Oxir-oqibat G`afur G`ulomning misralari bilan gapni muxtasar qilaman:

Hayot bulog`ini kimki qilsa yod,

Chortoq qaynariga bosadi qadam...

Behzod Qobulov,
jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
12
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
02.05.2021 04:48
Бекзод укам сен дам олган уша Чорток дам олиш масканида шахсан мен узим дам олдим худди сен дам олган вактда 20.04.21дан 01.05 21й. 3/4да 422 хонада сен ахвол ёмон деб ёзганларинг мутлоко хакикатга нотугри менинг касбим ошпазлик шу сохада 35 йиллик тажрибам бор ошхонадаги таомлари аьло мазали балки сен айтгандай 2чи тамом кам солингандир лекин туймай колсанг сурасанг яна олиб келиб беришади тугри санатория булгани учун овкатлари диетический лекин хаммага манзур мени ошпаз сифатида хамма таомлари кониктиради узларинг билгандек ошпазни лол колдириш кийин биз 29 чи столда утирдик 2 киши ангрендан мен ошпаз шеригим кумир кони шахтасида ишлайди яна 2 киши Бекободдан Бекобод металлулгия заводида ишлашади уларга хам ошхонада пиширилган таомлар жуда хам маькул келди улар билан сухбатлашиб утиргагимда таомлар яхши мазали эканлигини айтишади биз шеригимиз билан жума куни жоме мачитига кета туриб ошхона ходими маьсулига биз жумадан соат 2.30ларда кайтишимизни айгандик келганимизда биз учун иссик овкатларни олиб куйишибди улардан жуда хам мамнун булдик ва рахмат айтдик ошхонадаги хамма ходимлари ширин суз инсонлар уларга каттакон рахмат.колган масалалар буйича санатория ётокхоналар яхши кирганинг билан хамма дам олувчиларга янги постельный бельё беришади ва бу сизга хохласангиз узингиз билан уйингизга олиб кетишингиз мункин дейишади яна туалет анжомлар беришади яьни тиш тлзалаш пастаси .щётка,атир совун ва шампун хатто туалет когозигача беришади хуллас хамма шароит мавжуд хар бир хонада 32 дюмли телвизорлар урнатилган хоналари шинам сен ёзгандай деворлари кучиб кетмаган шундай улуг айём кунлари нима киласан ёлгон сузларни ёзиб тугри шоли курмаксиз булмайди дегагидек девори кучган булиши мункин лекин этибор бермаганга ухшайсан тамирлар ишлари олиб бориллаяпдику 10чи бинони тамирлашяплику кузинг каёкда эди санатория худуди жуда хам чиройли хаммага ёкдадиган даражада тугри бази ванналари занглагандир чунки ундаги сув шур ва йод бромли булгани учун ванналар тез саргаяди сен ёзган маникуляр душ эса кранлари хаммаси ишлайди ёлгонни хам буртириб ёзибсан уялмадингми шундай ёзишга журналистман деб Кушиб ёзиш мункин деб уйласанг керакда тугри санатория худудида бозорчилар бор бу бечоралар хам кандайдир тирикчилик килиш керакку бола чакасини бокиш учун кулингдан келса уларга иш топиб бер лекин сен ёзгандай улар атрофингни ураб олмайди хам ва бакир чакир килганини эшитмадим хам бир томондан шуларнинг борига хам шукр килиш керак чунки бозор олис битта нарса учун шахарга чикиб утирмайсан бу хамма дам олувчиларга манзур ва хурсанд булиб харид килишаяпди,чунки бозорга боришга имконият йук муолажа масаласига тухталсак тугри10 та белгиланади лекин муолажани хаммасини бир кунда утмайсанку 1чи кун 5та ,эртасига яна 5та 10тани бир кунда ололмайсан чунки организминг бундай муолажани кутаролмайди тугри вакт белгилангани билан буни мижозлар тушинишмайди навбат билан олищяпди бир кунда 300 дан ошик одамни кабул килишяпди шуларга рахмат.Маданий марифий ишлари буйича бази куйишаётган концертлар пуллик атига 10минг сум мана 30.о4чида БАХРИДДИН ЗУХРИДДИНОВ текинга 2 соатлик канцерт куйиб беришди саёхат тугри пуллик хохловчилар учун 300та ожамни саёхатга олиб чикиш учун камида 15та автобус керак булади яна уларни кузатиб борувчи дан ходимлари хам керак булади 1997 йилда хам саёхат пуллик эди.хуллас ука хамма ёзганларинг ёлгон уйдирма ва исботсиз сен исботлаб бер 2,,3та расм куйиб шуни исбот десанг хато киласан журналист булсанг халол бул зеро халол журналистлар жуда кам майли сог булинглар узларингни эхтиёт килинглар
30.04.2021 22:58
Фармонбиби Келинлар кузголонида, Анзират буви Суюнчида
30.04.2021 00:40
100 % тўғри, иллат хамма ўз иши қолиб, бировни ишини қилишида ! бу тизим давом этар экан, хеч қанақа олдинга қадам босиш бўлмайди, хеч қайси сохада, қуруқ гап ва мажлисбозликдан нарига ўтилмайди !
29.04.2021 15:18
Коил....
29.04.2021 13:38
Бундай шароитдаги санаториялар жуда куп камчиликларни ёритиб тугри кибсиз шундай.Эски сихатгохларни ишчи ходимлари мехнаткаш, савияли ва хушмуомала шунинг учун бу сихатгохда дамолганлар Яна иккиланмасдан дам олишга келишади шароитларининг яхши эмаслигига куз юмишади
29.04.2021 09:43
бекор гап!
29.04.2021 09:20
бошқа мавзу йўқми, инсон хаёти учун жуди мухим мавзулар тўлиб ётибди афсуски.
29.04.2021 05:19
Касаба уюшмаси у́зларига данґиллаган qасрлар офислар куриб олишган,вилоят марказларини бориб ку́ринг.Халкнинг пулига у́злари учун шароит яратиб олишган.Одамлар учун шароитни качон яратасилар?Шу саволимнт касаба Ууюшмасига берсангиз,мен бир умр улар учун пул у́тказганман,хар ой...
29.04.2021 05:18
Касаба уюшмаси у́зларига данґиллаган qасрлар офислар куриб олишган,вилоят марказларини бориб ку́ринг.Халкнинг пулига у́злари учун шароит яратиб олишган.Одамлар учун шароитни качон яратасилар?Шу саволимнт касаба уюшмасига берсангиз,мен бир умр умр учун пул у́тказганман,хар ой...
28.04.2021 22:16
Xayotda tuxmatchi va buxtonchilar kupligidan xech qaer rivojlanmayotir,shu asnoda bunday yolgon malumotlar ham shul manodadur.Bu sanatoriya kup yillar davomida dam oluvchilarga sifatli xizmatlar qilib kelmoqda,tirnoq ortidan kir qidirguncha shu sanatoriy olib borayotkan ulkan ishlar yuzasinda maqola olib chiqsalar haqiqatga yaqin bular edi