Ma`lumki keyingi paytlarda Toshkent shahridagi tashqi reklama konstruksiyalari atrofida turli mazmundagi jamoatchilik o`rtasida bahs-munozaralar bo`lmoqda.
Bugun, 24 aprel kuni mazkur mavzu doirasida O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositlari milliy assosiasiyasi tomonidan o`tkazilgan ochiq muloqotda tashqi reklama ob`ektlari bo`yicha davra suhbati bo`lib o`tdi.
Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi o`rinbosari E.Bozorov tartibsiz o`rnatilgan reklama konstruksiyalari yo`l harakati xavfsizligiga salbiy ta`sir ko`rsatib, fuqarolarimiz hayoti, sog`lig`i va mol-mulkiga jiddiy xavf solayotganini alohida ta`kidlab o`tdi.
Davlat soliq qo`mitasi raisi o`rinbosari M.Maxkamov ayrim tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan tashqi reklama faoliyatida soliq bazasi yashirayotgani, soliqlar o`z vaqtida to`lamayotgani, bu esa byudjetga tushumlarning pasayishiga sabab bo`layotgani, natijada ijtimoiy soha dasturlarini amalga oshirishda muammolar paydo bo`layotganini ma`lum qildi.
Qurilish vaziri boshqarma boshlig`i B.Sodiqov o`z chiqishida tashqi reklama konstruksiyalarini o`rnatishda shaharsozlik normalari va qoidalariga etarli darajada rioya etilmayotgani, shaharlarimizning tashqi qiyofasi va ko`rkiga rahna solinayotganini qayd etdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarma boshlig`i D.Qambarov tashqi reklama konstruksiyalari noqulay ob-havo sharoitlari, jumladan, kuchli shamol va yog`ingarchiliklar ta`sirida fuqarolarning hayoti va mol-mulkiga xavf solayotgani, ushbu konstruksiyalar favqulodda vaziyatlarda qutqaruv ishlariga to`sqinlik qilayotganiga diqqatini qaratdi.
Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori E.Haytmetov, jumladan, tashqi reklama konsturksiyalarini tartibga keltirish uchun tadbirkorlik sub`ektlariga 6 oydan ko`proq muddat berilganini, bundan tashqari, mediasiya asosida tashqi reklama konsturksiyalarini tartibga keltirish uchun sudlar tomonidan ham ma`lum muddat imkoniyat taqdim etilgani, lekin shunga qaramay, bir qator tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan bu boradagi qonun ijrosi ta`minlanmaganiga e`tibor qaratdi.
Respublika manaviyat va ma`rifat markazi rahbari M.Hojimatovning ta`kidlashicha, ayrim tadbirkorlar ko`proq daromad olish maqsadida tashqi reklama vositalarida millatimiz timsoliga aylangan Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa ulug` mutafakkirlarimizning tabarruk siymolaridan bachkana usullar orqali foydalanishga urinmoqda. Xalqimiz ma`naviyati va qadriyatlariga ochiqdan-ochiq bepisandlik hisoblangan bunday holatlar yurtdoshlarimizning jiddiy e`tiroziga sabab bo`lmoqda. Shu bilan birga, yana bir qator tashkilotlar vakillari ham mavzuga oid muammolarning echimi yuzasidan o`zlarining taklif va mulohazalarini bildirdi.