Sardoba suv omboridan aziyat chekkanlar bugun qanday kun kechirishmoqda?

23.04.2021 15:23

Sardoba suv ombori talafotidan aziyat chekkan ming minglab fuqarolar bugun zamonaviy turar joylarga ega bo`ldi.

Ilgari chorvachilik va dehqonchilik bilan shug`ullangan aholi endilikda ko`p qavatli uylarda qanday tirikchilik qilishi ham bir echimini kutayotgan muammo edi.

Mamlakatimiz rahbari tomonidan mutasaddilarga bu borada aniq vazifalar berildi. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarligidagi Respublika Ishchi guruhi Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlarida barpo etilgan 86 ta ko`p qavatli va 1840 ta qayta tiklangan uy-joylardagi 2640 ta xonadon egalari to`liq xatlovdan o`tkazishdi. Xatlov natijasiga ko`ra, 11 ta mahalladagi 25,2 ming nafar aholining 12,1 ming nafari ayollarni va 15,1 ming nafari yoshlarni, ulardan 14 ming nafari mehnatga layoqatli aholini tashkil etib, jami 4092 nafar ishsiz, band bo`lmagan fuqarolar borligi aniqlandi. Bugungi kunga qadar ularning 3 805 nafarining (93%) bandligi ta`minlandi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ishchi guruhi tomonidan joriy yilning 15 yanvar kuni vodiy viloyatlaridan Andijon, Farg`ona, Namangan tashabbuskor hunarmand va tadbirkorlar Sirdaryo viloyatiga taklif etildi.

Ulardan 19 nafari Sirdaryo viloyatida o`z faoliyatini yo`lga qo`yish istagini bildirdi. Buning uchun, Mirzaobod va Sardoba tumanida barpo etilgan ko`p qavatli uy-joylarning er to`lasidagi va yon atrofidagi bo`sh er maydonlariga joylashtirish yuzasidan choralar amalga oshirildi. Bugungi kunga qadar 7 nafar hunarmand tadbirkor tomonidan Oqoltin tumanida parrandachilik yo`nalishida 100 nafar, tikuvchilik yo`nalishida – 47 nafar, poyabzal ishlab chiqarish yo`nalishida 51 nafar, Sardoba tumanida tikuvchilik yo`nalishida 50 nafar, asalarichilik yo`nalishida 50 nafar va Mirzaobod tumanida tikuvchilik yo`nalishida 220 nafar jami 518 nafar mahalliy ishsiz fuqarolarning bandligi ta`minlandi.

– Bizda oldin bunday tikuv sexlari yo`q edi, – dedi Iroda Xosilmurodova. – Sardoba suv toshqini bo`lgandan keyin qurib berildi. Albatta Prezidentimiz tashabbusi bilan. Mana ishlayapmiz, sharoitlar yaxshi.

Qalovini topsang qor ham yonadi deyishadi. Bir necha yillar etikdo`zlik bilan shug`ullangan hunarmandning   hozir katta poyabzal ishlab chiqaradigan korxonasi bor.

– Bankdan kredit olayotgan vaqtimda bir oy bankda yashaganman. Ertalab bankka borganimda hech kim yo`q bo`lardi, kechga hamma ketgandan keyin uyga qaytardim, – dedi tadbirkor Yorbek Mavlonov. – Uncha ko`p emas 90 million so`m kredit olish uchun bir oy hamma ishini yig`ishtirib qo`yib bankda yashaganman. Juda qiyin bo`lgan. shunday bo`lsada chekinmaganmiz. Endi mashaqqatlarimiz samarasini ko`rib turibmiz.

Bu tumanlarda 10 lab ishlab chiqarish korxonalarining ish boshlashi ko`plab ayollarning ish bilan band bo`lishini ta`minladi. Eng muhimi bu ishlar davom etmoqda.

Ruxsora G`ofurova,
Sirojiddin Hoshimjonov (video)

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар