Rost24.uz axborot sayti tahririyati Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan boshlang`ich bahosi 1 so`m narxda ommaviy savdoga qo`yilgan sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining bosh qarorgohi yuzasidan jurnalistik surishtiruv o`tkazdi.
Surishtiruv jarayonida ma`lum bo`lishicha, Toshkent shahri Sayilgoh ko`chasida joylashgan MXXning sobiq bosh qarorgohi O`zbekistonning moddiy madaniy merosi ob`ektlari ro`yxatiga kiritilgani aniqlandi.
Ya`ni, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabr sanasidagi 846-sonli qaroriga ko`ra, Davlat xavfsizlik xizmatiga tegishli bo`lgan “Markaziy bino” arxitektura yodgorligi sifatida ro`yxatga olingan hamda ushbu qarorda mazkur bino badiiy yoki o`zga madaniy qimmatliligi tufayli unga garov va ipoteka qo`llanilishi mumkin emasligi qayd etib o`tilgan.
Ma`lumki, O`zbekiston qonunchiligiga ko`ra, davlatga tegishli bo`lgan moddiy madaniy merosni sotuvga qo`yish qonun bilan taqiqlangan.
“Madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to`g`risida”gi Qonunning 23-moddasiga ko`ra, davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros ob`ektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emas.
Biroq, qonunchilikdagi taqiqlarga qaramasdan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2021 yil 11 aprel kuni ushbu binoni ochiq savdoga qo`yganini ma`lum qilgan. "Markaziy bino"dan kelgusida ofis, savdo, savdo-ko`ngilochar, madaniy-xordiq, sport, turistik va boshqa xizmatlar ko`rsatish faoliyati yo`nalishlaridan biri yoki bir nechtasini amalga oshirilishini talab sifatida ko`rsatgan.
Saytimizda binoning ayni paytdagi tashqi ko`rinishi haqida e`lon qilingan fotoreportajga ijtimoiy tarmoqlar orqali o`quvchilar tomonidan ko`plab mulohaza va takliflar bildirildi.
Jumladan, yozuvchi Nabijon Boqiy “Qatlnoma” asarini yaratishdan avval NKVD hujjatlarini aynan shu binoda o`rganganini, mazkur bino qurilishi o`ziga yarasha tarixga ega ekanini aytadi.
Tarixchi, jurnalist Sharofiddin To`laganov esa “Markaziy bino”ning tarixiyligi va o`ziga hos qurilish arxitekturasini inobatga olgan holda uni “Tarix muzeyi”ga aylantirish taklifini kiritgan.
Mutasaddilardan bu borada izoh kutamiz.