Alisher Qodirovning bloger Nikita Makarenkoga javobi
«Angren shina zavodi»da tashkil etilgan PRESS TUR boshlanishi arafasida O`zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Alisher Qodirov va bloger Nikita Makarenko o`rtasida kutilmagan holat yuz bergan.
Ko`plab jurnalist va blogerlar o`rtasida N.Makarenko o`ziga salomlashish uchun qo`l uzatgan A.Qodirovni "millatchi" deya haqoratlagan. Shu erda yig`ilganlar O`zMTDP Markaziy kengashi raisi Makarenkoni urib yuborarmikan, degan xayolga ham boribdi. Ammo, Alisher Qodirov og`irlik va vazminlik bilan javob qaytargan:
«Biz uzoq yillar ular nima desalar ko`ndik. Indamasligimiz oqibatida tilimiz abgor bo`ldi. Endi til haqida gapira boshlasak, millatchiga aylandik. Agar ona tili haqida kuyinib gapirganlar millatchi bo`lsa, mayli men millatchiman!»
Aslida bu haqoratning boshlanishi Rossiya prezidenti V.Putinga borib taqaladi.
Bundan biroz avval “Rossiyada muhojirlarning farzandlari amalda rus tili va madaniyati muhitiga, imkoni boricha rus milliy qadriyatlariga to`liq singib ketishiga erishish kerak”, degan edi Putin.
Ushbu bayonotga javoban O`zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi A.Qodirov tomonidan aytilgan quyidagi so`zlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan:
"Bu rus milliy manfaatlari nuqtai nazaridan hurmat qilinishi kerak bo`lgan, to`g`ri fikr. Qaerda yashasang o`sha erga moslashasan. Yumshoqroq bo`lsang singib ham ketasan, albatta.
Biz esa yuz yildan beri rus vatandoshlarimizga o`zbek tilini o`rgata olmaymiz. Aksincha, o`zbeklar farzandini rus tilida ta`lim olishga yo`naltirayotgani odatiylashib bormoqda. Toshkent shahrida o`zbek tilida o`qitilmaydigan maktablar soni ko`payib ketdi. Achinarlisi, bunday maktablarning 90 foizdan ko`p o`quvchilari o`zbeklardir.
Bu qonunchilikdagi xato bilan bog`liq masala", deb fikr bildirgan edi.
Bu so`zlarda A.Qodirov, avvalo, o`z ona-tilisidan or qilayotgan o`zbeklar va O`zbekistonda o`zbek tilini himoya qila olmayotgan qonunlar haqida kuyinib gapirgani yaqqol bilinib turibdi. Ikkinchidan, qonunlarimizdagi shunday kemtiklar haqida gapirish A.Qodirovning deputatlik burchi hisoblanadi.
Aslida 108 millat va elat yashaydigan ko`p millatli O`zbekistonda millatchilikning o`zi yo`q. Faqat tashqaridan etib kelayotgan missiyasini bajarish uchun tinch zamonni buzuvchi ayrim buzg`unchilar bor xalos.