Adabiy jamoatchilik unutgan shoirlar...

15.04.2021 06:59

yoxud Olim Tosh (Olim Toshboev emas), Sevara Vafo ( Salomat Vafo emas)

Yakunlangan XX asr va XXI asrning o`tgan yillari insoniyat tarixida o`ziga xos fikriy evrilishlar davri sifatida e`tirof etilayapti. Insoniyatning hayotga, dunyoga munosabati esa doimo aks etaveradi. Badiiy ijodda uni yaqqol sezasiz. Ijodkor zoti bu dunyoda o`z asarlarida nimadir aytishga intildi. Adabiyot haqidagi balandparvoz gaplardan o`zimizni tiyamizda, avvalo bir inson sifatida o`yga tolamiz. Odamzod nimadir aytmoqchi bo`ladi. Ammo, inson ovozini Insoniyat eshitmaydi. Zamondoshlarimiz, shoirlik maqomini bugungi kunda mashhurlik (Adabiy “piar” desa ham bo`ladi) bilan o`lchayotgan ayni paytda yaqin tarixda yaratilgan samimiy (ko`pchilik sog`ingan)asarlarga e`tibor qaratdik.

Siz ularni kuzatib, inson qalbini hech qanday balandparvoz undovlarsiz, samimiy ohangda zabt etish mumkinligiga ishonch hosil qilasiz. O`zMUning jurnalistika va filologiya fakultetlarida 1980-90 yillarda ko`p sonli she`riyat muxlislari, talaba ijodkorlar shoir Olim Toshev nomini yaxshi bilishadi. Ammo, bir paytlar bitta she`ri bilan she`riyat ixlosmandlari qalbini zabt etgan shoirni bugun hech kim eslamaydi.

Olim Toshev

Muallif haqida qisqacha izoh. Olim Toshev, Qashqadaryo viloyatida tug`ilgan, O`ZMUning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Qashqadaryo viloyatida turli nashrlarda ko`p yillar xizmat qilgan. Ammo, uning birorta kitobi chop etilmagan. Shoirning hayot yo`li esa achinarli va fojiali. Bundan ko`p yillar muqaddam u ruhiy kasallikka chalinib, Surxondaryo viloyatida ruhiy kasalliklar shifoxonasiga doimiy tarzda davolanishga olingan. Adabiy jamoatchilik esa uni hatto eslab ham ko`rmaydi. Shoirning mashhur she`ri 1997 yilda “Yoshlik” jurnalida e`lon qilingan.

Men ishqimni sir tutadirman,
G`unchalarga berkitadirman.
G`uncha tongda so`kilib ketar,
Ishq olamga to`kilib ketar.
Kim u kelgan, shamolmi daydi?

U sevgimni alday boshlaydi.
Unga aytgin, ayt, nari tursin,
O, shamolning betlari qursin!..
Ishq siyratin olib ketadi,
Bilmam, kimga hadya etadi?..

Men ishqimni sir tutadirman,
Nur tolaga berkitadirman.
Nur ko`zimda sinib ketadi,
Borliqqa ishq inib ketadi.
Kim u kelgan, xayolmi daydi?

U borliqni avra boshladi...
Unga aytgin, ayt, nari tursin,
O, xayolning betlari qursin!..
Axir bizni aldab ketadi,
Aldov kuchi ko`pga etadi...

Men ishqimni sir tutadirman,
Ko`zlarimni berkitadirman.
Ko`z ko`zlarga chopib boradi,
O`z egasin topib oladi...
Kim u kelgan,ko`ngilmi daydi?

Shu injiqdan ko`nglim to`lmaydi...
U injisa injigan sayin,
Dunyo xarob bo`lmog`i tayin!..
Men ishqimni sir tutadirman,
Bilmam, qayga berkitadirman?..

Yakunlangan asrning 80 yillarida adabiyotga kirib kelgan yangi avlod she`riyat vakillarida o`z uslubida yoza olgan va muxlislar e`tiborini tortgan ijodkorlardan biri Sevara Vafodir(To`laganovadir).

Sevara Vafo

Shoiraning she`rlarida botiniy ishq, zamin og`rig`i, shaklan an`anaviy, mazmunan zohiriy tuyg`ular qorishig`i borki, bu o`sha davr o`quvchisini ham, bugungi adabiyot jo`nlashgan davrda, hayratomuz satrlarga intiq zamondosh o`quvchini ham, yangicha ruhiyat nasimlariga oshno qiladi. Bugun bir qolipdagi, “shunchaki“ yozilgan she`rlardan bezib shoiraning asarlariga quloq tutdik.

Shoira O`zMUning matematika fakultetini bitirgan, ko`p yillar Toshkent politexnika instituti, O`zbekiston Milliy universitetida matematika fanidan dars bergan. U taniqli matematik, pedagog Maxsuma To`laganovaning farzandidir.

To`rt faslimda kuz diydori... meni unutma,
Hajr yo`lin o`pib o`tar sog`inch maktubim.
Shu jim-jit kuz etagida ruhim sovutma,
Osmoningda javohirlar-achchiq jom tubim.

Yoki:

Bu achchiq safrolar sahrolarda yo`q,
Bu shirin safrolar safolarda yo`q.
Mening ko`zlarimda chuqur qattol mung-
Tiz cho`kkan fillarday jafolarda yo`q...

Yoki:

Daf bo`l ko`zlardagi tuban razolat,
Qo`llaringda ermak zaif o`yinchoq.
Tashlagan chim to`ring uzra Adolat
Ey dunyo, u seni yoritgan chiroq!

Shoira she`rlarida ajib o`xshatishlar, ilohiy ishq tarannumi, fikrlarni ifodalashda yalang`och tasvirdan qochish, lirik qahramonning ichki tiynati borki, bu she`rlarni o`qishga sokin tarzda (turli qarashlarni o`ylamay) berilib ketasiz.

Shoiraning “Ona madhi”, “Qora atirgul“ nomli kitoblari chop etilgan. Ammo, adabiy jamoatchilik bu murabbiya shoirani deyarli esdan chiqargan. Shoira she`rlarini “Yoshlik“ jurnalining 1987-88 yillar sahifalaridan va ijtimoiy tarmoqlarga ko`chirilgan kitoblari sahifalaridan topdik.

Nihoyat, shoiraning o`zi bilan suhbat uyushtirishni niyat qilib izlaganimizda esa, u kishining qizlari Nilufardan sovuq xabarni eshitdik. Sanoqli she`rlari matbuotda e`lon qilingan, asarlari bilan o`quvchilar qalbidan joy olgan shoira 61 yoshida, bundan bir oycha muqaddam bu foniy dunyoni tark etibdi...

“So`zda-sehr, she`rda hikmat bor”, deyishadi. Sehrni his etish esa undan-da sehrli, bu zavqdan Olloh sizni hech qachon benasib etmasin.

O`ljaboy Qarshiev,
jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
19.04.2021 04:32
Олим билан жуда кадрдон эдик. У жуда жушкин, нихоятда эхтиросларга бой, давралар гули эди. Унинг бирнечта шеърлари, мукаммал эсселари жавонимда бор. Олим утган асрнинг 90-йиллари вилоятда юритилган сиёсат тор доиралари курбони булди. У шахсий карашлари учун мажбуран асаб касалликлари диспансерига жойлаштирилди. Оиласи пароканда булиб кетди.