Ushbu savolga Rost24 axborot-tahliliy sayti “Angren shakar” MChJ rahbariyatidan javob oldi.
Yaqinda O`zAda “Shakar muammosi rivojlangan davlatlarni ham zabt etmoqda. O`zbekistondachi?” nomli maqola qo`yildi. Unda global muammoga aylanayotgan shakar muammosi tahlil etilgan. Hattoki, Evropaning rivojlangan davlatlarida ham ushbu oziq-ovqat muammosi kirib borgani bayon etilgan. Bu muammoga jiddiyligini oldindan anglab etgan Germaniya hukumati favqulodda qaror ham e`lon qilgan.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda yog` muammosi ahyon-ahyonda ko`rinib qoladi. Yog` olinadigan xom-ashyo mahsulotlari ko`p bo`lishiga qaramasdan yog` tanqisligi sezilmoqda. Bu ishlab chiqarish tizimi izdan chiqqanligidan dalolat.
Ammo dunyodagi mavjud shakar tanqisligi O`zbekistonda hali sezilgani yo`q. Ma`lum bir ob`ektiv sabablarga ko`ra dunyoda boshlangan shakar muammosi O`zbekistonga kirib kelmaydimi? degan hadik bilan “Angren shakar”MChJ mas`ullariga murojaat qildik.
– O`zbekistonda shakar muammosi bo`lmaydi, – dedi “Angren shakar” MChJ Bosh direktori Rustam Akbarxodjaev. – Chunki shakar ishlab chiqarish hukumat siyosati darajasida qaralgani bois shakar ishlab chiqarish va etkazib berish tizimli yo`lga qo`yilgan. 2014 yilda biz to`liq shakar mustaqilligiga erishib bo`lganmiz.
Uzluksiz ishlab chiqarish tizimiga o`tgan “Angren shakar” va “Xorazm shakar” zavodlari O`zbekiston aholisining ehtiyoji uchun zarur bo`lgan 700 ming tonnani etkazib bermoqda. Ikkita shakar ishlab chiqaruvchi korxonamiz nafaqat aholini ta`minlash hattoki, eksport qilish imkoniyatiga ham ega.
Muqobili yo`q oziq-ovqatlar ro`yxatining boshida turadigan shakar har doim ham siyosat darajasida jiddiy nazoratni talab qilib kelgan. Unga biroz e`tiborsizlik esa qanday oqibatlarga olib kelishini har bir davlatning hukumatdagilari yaxshi biladi. O`zbekistonda koronavirus pandemiyasi davrida shakar muammosi biroz sezilgan edi. Xalqimizning shakarga bo`lgan ehtiyojini qondirishni Prezidentimizning shaxsan o`zlari nazoratga olganligi bois muammo darhol bartaraf etildi. Ayni damda esa O`zbekistonda shakar tanqisligi sezilmayapti. Bu Prezidentimizning uzoqni ko`zlab ish olib borishining samarasidir.
– Narxda o`zgarish bormi?
– Narxda ham o`zgarish yo`q. “Angren shakar”dan birjaga chiqayotgan shakar narxi 7 120 so`mni, “Xorazm shakar”niki esa 7 150 so`mni tashkil etmoqda. Xudo xohlasa, bundan keyin ham O`zbekistondagi shakar narxida o`zgarish (ko`tarilish) bo`lmaydi, deb ayta olaman. Xom-ashyo zaxiramiz etarli.