Toshkent markazida joylashgan «Navro`z» madaniyat va istirohat bog`iga tegishli ikki ko`chmas mulk ob`ekti er maydoni bilan birga elektron savdoga chiqarildi. Ularning umumiy boshlang`ich narxi qariyb 660 milliard so`mni tashkil etadi.
Savdoga qo`yilgan birinchi lot qariyb 2 gektar maydonda joylashgan noturar ob`ektdan iborat bo`lib, uning boshlang`ich bahosi 436,3 milliard so`m etib belgilangan. Ikkinchi lotning maydoni 1,2 gektarga yaqin, boshlang`ich narxi esa 223,9 milliard so`m. Har ikki ob`ekt ham Yunusobod tumanidagi Matonat mahallasi, Sharof Rashidov ko`chasida joylashgani va «Navro`z» madaniyat va istirohat bog`ining ko`chmas mulklari sifatida ko`rsatilgan.
Bu raqamlarning o`zi hududning qanchalik qimmat ekanini ko`rsatadi. Ikki lot bo`yicha jami 3,2 gektarga yaqin erning boshlang`ich bahosi 660,2 milliard so`mga teng. Oddiy hisobda, bir gektar uchun o`rtacha 206 milliard so`mdan ortiq boshlang`ich narx kelib chiqadi. Ob`ektlardagi binolar, ularning holati, infratuzilma, erdan foydalanish huquqi va boshqa shartlar yakuniy qiymatga ta`sir qilishi mumkin.
Aytish lozimki, «Navro`z» bog`i oddiy noturar hudud sifatida paydo bo`lmagan. Bog`ni barpo etish loyihasi 2017 yilda davlat darajasida tasdiqlangan. O`sha qarorda uni tashkil etish uchun «Navro`z bog`i» MChJ tuzilishi, loyihani moliyalashtirishda «O`zbekiston temir yo`llari» va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ishtirok etishi belgilangan. Hatto bog` ishga tushirilganidan keyin ushbu kompaniyadagi ulushlarni boshqa investorlarga bozor qiymatida sotish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
2018 yilda Prezident Shavkat Mirziyoev «Navro`z» bog`ini ko`zdan kechirar ekan, uning milliy qadriyatlar va an`analarni namoyon etadigan, sayyohlar uchun o`ziga xos maskan bo`lishi kerakligini ta`kidlagan. Loyihada amfiteatr, hunarmandchilik ustaxonalari, choyxonalar va O`zbekiston hududlariga xos muhitni aks ettiruvchi etnografik shaharcha tashkil etilishi ko`zda tutilgan.
Bugun esa davlat aktivlarini qisqartirish siyosati doirasida madaniyat ob`ektlarini ham xususiylashtirish mexanizmi kengaymoqda. 2026 yil 28 avgustda qabul qilingan PF-177-son farmon bilan davlat aktivlarini ommaviy savdolarga chiqarish bo`yicha yangi dastur tasdiqlangan. Hujjatda madaniyat ob`ektlari bo`yicha davlat-xususiy sheriklikka talabgorlardan taklif tushmasa, ob`ektlarni elektron onlayn auksionga chiqarish imkoniyati ham belgilangan.
Jamoat uchun ahamiyatli bo`lgan hududlar xususiy qo`lga o`tganidan keyin ulardan qanday foydalanilishi, erning maqomi o`zgarishi yoki o`zgarmasligi, qurilishga qanday talablar qo`yilishi kabi savollar ham ochiq qolmasligini kun tartibiga chiqarish kerakka o`xshaydi.
Agar ob`ekt xususiylashtirilsa, uning madaniy, rekreasion yoki jamoatchilik funksiyalari saqlanadimi? Hududda yangi qurilishlarga ruxsat beriladimi? Bog`ning aholi uchun ochiq qismi qisqaradimi? Savdo shartlarida bu masalalar qanday kafolatlangan?
Hozircha ochiq rasmiy hujjatlarda aynan ushbu ikki lot bo`yicha kelgusidagi foydalanish ssenariysi va investor zimmasiga yuklanadigan barcha majburiyatlar ko`rinmaydi. 660 milliard so`mlik aktivning sotilishi haqida xabar berish bilan cheklanmasdan, savdo shartlari, er huquqining turi, ob`ektlarning kadastr ma`lumotlari va xaridorga qo`yiladigan investisiya majburiyatlarini ham ochiqlash kerakdir balki?
Chunki «Navro`z» bog`i 2017 yilda shunchaki ko`chmas mulk sifatida emas, poytaxtning madaniy va sayyohlik salohiyatini oshirishga qaratilgan davlat loyihasi sifatida tashkil etilgan edi. Endi uning ko`chmas mulklarini er maydoni bilan birga sotish jarayonida jamoat manfaati qanday himoya qilinishi masalasi ham savdoning o`zi kabi ochiq va shaffof bo`lishi kerak.