Prezidentning davlat maslahatchisi Xayriddin Sulton, “O`zbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri Safar Ostonov va boshqa amaldorlarni qattiq tanqid ostiga olgan adib haqida
Adibning internet olamida "Hikmat yoki Olmos shamshir haqida doston"i asari juda katta shov-shuvga sabab bo`ldi. Ayniqsa, Prezident devonida mas`ul lavozimda ishlagani, asar e`lon qilingan vaqtda ham “O`zbekiston ovozi” gazetasining bosh muharrir o`rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan davrga to`g`ri kelgani jamoatchilik orasida bu asarga nisbatan qiziqishni yanada oshirgan edi.
Ochiq oshkora yozish katta jinoyat sanaladigan, ayniqsa, bunday hikoya va esselar bitgan har qanday yozuvchi uchun turli to`siqlar qo`yilishi aniq bo`lgan davrda saroy amaldorlarining ichki ishlari, yuqori lavozimli davlat amaldorlarining turli nayranglari haqida oshkora asar bitish qahramonlik bilan barobar bo`lgan.
Keyinchalik ushbu asar sud tomonidan tuhmat va haqorat unsurlari mavjud, deb topilgan.
Mazkur asar va adibning so`ngi hayoti haqida saytimizda tez orada maqola e`lon qilinadi.
G`affor Hotamov 1953 yilning 25 aprelida Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi G`ujbog` qishlog`ida dehqon oilasida tug`ilgan. 1974 yilda Toshkent Davlat pedagogika institutining filologiya fakultetini tugatgan.Mehnat faoliyatini respublika bolalar gazetasi tahririyatida boshlagan. «Toshkent oqshomi», «O`zbekiston ovozi» gazetalari, «Yoshlik» jurnali tahririyatida, G`afur G`ulom nomidagi Adabiyot va san`at nashriyotida xizmat qilgan.Keyinchalik «Yoshlik» jurnali hamda «Turkiston» gazetasining bosh muharriri lavozimida ishladi.G`affor Hotamovning dastlabki hikoyasi «Tong va shom» 1976 yili «Guliston» jurnalida, 1978 yili esa «Xat tashuvchi bola» nomli ilk hikoyalar to`plami nashr etilgan.1980 yil G`affor Hotamovning «Qaytish», 1985 yil «Quduq tepasidagi oy», 1998 yili «Azal va abad», 1990 yili esa «Tohir va Zuhraning kulmagan baxti» qissalari «Yoshlik» jurnalida e`lon qilindi.Yozuvchining hikoya, qissa va badialari keyingi yillarda «Kuntug`mishning kulmagan baxti», «Birinchi muhabbat qissasi», «Kecha va bugunning saboqlari» nomi ostida kitob holida nashr etilgan.1977 yilda adibning «Yangi oy chiqqan kecha» romani «Yoshlik» jurnalida e`lon qilindi. Ayni paytda u qator badialar ham yozdi.G`affor Hotamov «Quduq tepasidagi oy» qissasi va «Evrilish» badiasi uchun O`zbekiston yoshlar tashkilotining mukofotiga sazovor bo`lgan. Uning asarlari qator xorijiy tillarga tarjima qilingan.
2021 yil 4 aprelda Toshkent shahrida vafot etgan.