Shavkat Mirziyoevning O`zbekiston va Koreya hamkorligiga bag`ishlangan maqolasi e`lon qilindi

14.09.2026 09:30

Koreya Respublikasining etakchi nashrlaridan biri — The Chosun Daily gazetasida Prezident Shavkat Mirziyoevning «O`zbekiston va Koreya Respublikasi: o`zgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik» sarlavhali maqolasi e`lon qilindi.

Davlat rahbari maqolada O`zbekiston va Koreya munosabatlari tarixiy ildizlarga ega ekanini ta`kidlab, bugungi kunda ikki davlat o`rtasidagi aloqalar «alohida strategik sheriklik» darajasiga ko`tarilganini qayd etgan.

Prezidentning ta`kidlashicha, Koreya O`zbekistonning Markaziy Osiyodagi eng yaqin va ishonchli iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ikki tomonlama savdo hajmi besh barobar oshgan, Koreya investisiyalarining umumiy hajmi 8 milliard dollardan oshgan va 700 dan ziyod qo`shma loyiha amalga oshirilmoqda.

Maqolada sun`iy intellekt, yarimo`tkazgichlar, robototexnika, elektromobillar, biofarmasevtika, «aqlli» qishloq xo`jaligi va «aqlli» shaharlar kelgusi hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari sifatida ko`rsatilgan. O`zbekiston Koreya kompaniyalarining mamlakatda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish markazlarini tashkil etishini qo`llab-quvvatlashga tayyor ekani bildirilgan.

Shavkat Mirziyoev O`zbekiston va Koreya hamkorligini XXI asrning «yangi Ipak yo`li»ga qiyoslagan. Uning fikricha, Koreya texnologiyalari va kapitali Markaziy Osiyoning resurslari va geografik imkoniyatlari bilan uyg`unlashsa, yangi qiymat zanjirlari, zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlari va logistika yo`laklarini shakllantirish mumkin.

Prezident, shuningdek, ta`lim va inson kapitaliga alohida urg`u berib, Koreya universitetlari va ilmiy muassasalari bilan akademik almashinuvlar, qo`shma ta`lim dasturlari hamda ilmiy-tadqiqot markazlarini kengaytirish muhimligini qayd etgan.

Maqolada O`zbekistondagi koreys diasporasining ikki xalq o`rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi o`rni ham alohida e`tirof etilgan. Prezident Koreyani «qalbida alohida o`rin tutuvchi mamlakat» deb atagan.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар