Andijon viloyati Xo`jaobod tumanida «Mini texnologiyalar yarmarkasi» tashkil etildi.
Tadbir «Biznesni rivojlantirish banki» ATB, Kichik biznesga ko`maklashish markazi va tuman hokimligi hamkorligida o`tkazildi. Uning asosiy maqsadi ishsiz va kam daromadli fuqarolarga o`z biznesini boshlash va daromad manbasini yaratish uchun amaliy imkoniyat berishdan iborat.

Yarmarkada 10 dan ziyod etkazib beruvchi tomonidan 100 dan ortiq texnologiya namoyish etildi. Ular uy sharoitida va kichik ishlab chiqarish ob`ektlarida biznes yo`lga qo`yishga mo`ljallangan.

Tadbirda 500 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etib, mahalla bankirlari va hokim yordamchilaridan maslahatlar oldi. Shuningdek, ishtirokchilarga lizing va imtiyozli kredit shartlari haqida ma`lumot berildi.

Yarmarkaning o`zida 14 nafar fuqaro tanlagan uskunalari bo`yicha dastlabki shartnomalarni rasmiylashtirdi.
Tadbir doirasida kelib tushgan murojaatlar asosida fuqarolarni daromadli faoliyatga yo`naltirish ishlari davom ettirilmoqda.