«Sharafli yo`l» tanlovi g`oliblariga mukofotlar topshirildi

10.09.2026 06:25

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan belgilangan qarori ijrosini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan Madaniyat vazirligi hamkorligida yosh ijodkorlar o`rtasida «Sharafli yo`l» videoroliklar ko`rik-tanlovi tashkil etildi.

Tanlovdan asosiy maqsad — yosh jurnalistlar va blogerlarning ijodiy salohiyatini qo`llab-quvvatlash, zamonaviy media vositalari orqali Vatan, istiqlol va yurtimiz hayotini ta`sirchan yoritishga rag`batlantirish hamda sifatli videokontent yaratish madaniyatini rivojlantirishdan iborat.

«Sharafli yo`l» videoroliklar ko`rik-tanlovi uchta yo`nalishda o`tkazildi. Ishtirokchilar «Eng yaxshi videorolik», «Sun`iy intellekt yordamida yaratilgan eng yaxshi videorolik» hamda «Mobilografiya asosida yaratilgan eng yaxshi videorolik» yo`nalishlarida o`z ijodiy ishlarini taqdim etdilar.

Tanlov haqida ilk e`lon berilgan kundan boshlab 28 avgustga qadar ijodiy ishlar qabul qilindi. Shu davr mobaynida yosh ijodkorlar tomonidan turli mavzularda, zamonaviy yondashuv va kreativ g`oyalarga asoslangan videoroliklar taqdim etildi. Tanlovning borishi, e`lonlar va muhim jarayonlar O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasining rasmiy Telegram kanali orqali muntazam yoritib borildi.

Kelib tushgan ijodiy ishlar professional hakamlar hay`ati tomonidan belgilangan mezonlar asosida ko`rib chiqildi. Ishtirokchilarning g`oyasi, mavzuni ochib berish mahorati, tasviriy echim, montaj, ijodiy yondashuv va zamonaviy media talablariga muvofiqligiga alohida e`tibor qaratildi. Natijada eng munosib ijodiy ishlar saralab olinib, g`oliblar aniqlandi.

Ko`rik-tanlov g`oliblarini tantanali taqdirlash marosimi O`zbekiston Milliy kino san`ati saroyining «Panorama» zalida bo`lib o`tdi. G`oliblarga esdalik sovg`alari va mukofotlari topshirildi.

Tadbir davomida O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a`zoligiga tavsiya etilgan bir guruh jurnalistlarga Uyushma a`zolik guvohnomalari ham tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, tadbir doirasida «Jurnalist» badiiy filmi namoyish etildi.

«Sharafli yo`l» ko`rik-tanlovi yoshlarning ijodiy imkoniyatlarini namoyon etishi, zamonaviy media muhitida o`z o`rnini topishi va jurnalistika sohasiga qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiluvchi muhim tashabbus bo`ldi.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар