Samarqandda tirik ayol hujjatlarda 4 yildan buyon “o`lik” sifatida qayd etilmoqda

09.09.2026 21:59

Unga “Uzr, o`lgan bo`lsangiz, murojaatingizni qabul qila olmaymiz”, mazmunida javob berilgan

Samarqand viloyati Bulung`ur tumanida istiqomat qiluvchi Bibimaryam Xolbotaeva tirik bo`lishiga qaramay, 4 yildan buyon rasmiy tizimlarda “vafot etgan” shaxs sifatida qayd etib kelinmoqda. Bu haqda ayolning o`zi Instagram sahifasida ma`lum qildi.

Bibimaryamning aytishicha, muammo 2022 yil 14 avgust kuni birinchi farzandini tug`ish uchun tug`ruqxonaga borganidan keyin boshlangan. O`sha paytda u sun`iy tug`ruqni boshidan kechirgan, biroq chaqaloq nobud bo`lgan. Bolaning o`limiga sabab sifatida onaning o`limi ko`rsatilib, Bibimaryam ma`lumotlar bazasidan chiqarib yuborilgan.

Ayol bu holatni keyingi yili yana tug`ruqxonaga borganida bilgan.

Men tirik inson bo`lganim bilan, o`sha hududda o`lik odam bo`lib yuribman. Bu narsani men keyingi yil tug`ruqxonaga borganimda bilib qoldim. Menga “Bazada chiqmayapsiz, fuqaro, siz o`liksiz”, deyishdi, — deydi Bibimaryam.

Uning so`zlariga ko`ra, muammoni hal qilish uchun turmush o`rtog`i tug`ruqxona bo`limiga borgan. Shifokor bilan uchrashuvda esa xatolik aynan ular tomonidan ketgani tan olingan va kichik qog`ozga tegishli tilxat yozib berilgan.

Eri ushbu tilxatni shaharga olib borgan. Shundan so`ng amallab ikkinchi farzandiga tug`ilganlik guvohnomasi olingan. Keyinchalik Bibimaryamning turmush o`rtog`i uning ma`lumotlarini tekshirish uchun pasport stoliga ham murojaat qilgan. Biroq muammo bartaraf etilmagan.

“Face ID” tizimida hamon Bibimaryam “tirik emas” deb ko`rsatilgan.

Ayolning aytishicha, oilaga hujjatlar to`g`rilanishi va`da qilingan. Ammo oradan uch yil o`tib, u kredit olish uchun bankka murojaat qilganida, pasport ma`lumotlari yana “o`lik” sifatida qayd etilgani ma`lum bo`lgan.

“O`lgan fuqaro, tirik emas, deb chiqadi. Bizga “bo`ldi, hujjatingiz hal bo`ladi”, deyishdi. Lekin uch yil o`tgandan keyin kredit olish maqsadida bankka borib, pasportimni bersam, Face IDda yana “o`lik” chiqyapman, — deya vaziyatni tushuntirgan Bibimaryam.

Muammo shu bilan cheklanmagan. Bibimaryam MyGov ilovasi orqali o`zining vafot etgani haqidagi guvohnomani ham yuklab olgan. Ayol mazkur muammo yuzasidan Prezident qabulxonasiga ham murojaat qilgan. Biroq unga “Uzr, o`lgan bo`lsangiz, murojaatingizni qabul qila olmaymiz”, mazmunida javob berilgan.

Shu tariqa, 2022 yilda tug`ruqxonada yo`l qo`yilgan xatolik Bibimaryamning shaxsiy ma`lumotlarida hanuzgacha bartaraf etilmagan. Natijada tirik inson rasmiy tizimlarda to`rt yildan buyon “vafot etgan” shaxs sifatida qayd etib kelinmoqda.

Rasmiylar munosabati

Samarqand viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi holat yuzasidan o`rganish o`tkazdi.

Aniqlanishicha, Bulung`ur tumanida yashovchi, 2001 yilda tug`ilgan M.M. 2022 yil 18 avgust kuni og`ir holatda, bachadondan qon ketishi sababli tug`uruq bo`limiga murojaat qilgan.

Tibbiy tekshiruvlarda homilaning ona qornida nobud bo`lgani aniqlangan. Shundan so`ng ayolga zarur tibbiy yordam ko`rsatilgan va nobud bo`lgan homila tug`dirib olingan. Holat belgilangan tartibda antenatal o`lim sifatida qayd etilgan.

Biroq ma`lumotlarni elektron bazaga kiritish vaqtida davolovchi shifokor Ra`no G`ofurova tomonidan texnik xatoga yo`l qo`yilgan. Natijada ayolning pasportidagi JShShIR raqami nobud bo`lgan homilaning ma`lumotlariga biriktirib qo`yilgan.

2023 yilda M.M. ikkinchi farzandi uchun tug`ilganlik haqidagi guvohnomani olish jarayonida aynan shu xatolik sababli muammoga duch kelgan. Tuman tibbiyot mas`ullari va FHDYoO organlari xodimlari tomonidan elektron bazadagi xatolik bartaraf etilgan.

Shuningdek, 2023 yil oxirida M.M.ga yangi ID-karta rasmiylashtirilishida hech qanday muammo yoki to`siq yuzaga kelmagan.

Samarqand viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi ma`lum qilishicha, holat yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda elektron ma`lumotlar bazasidagi Face ID tizimi bilan bog`liq kamchiliklarni bartaraf etish choralari ham ko`rilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар