BMT Bosh Assambleyasi dunyo xaritalarida uzoq yillardan beri qo`llanib kelinayotgan Merkator proeksiyasidan voz kechib, qit`alar, xususan, Afrikaning haqiqiy maydonini aniqroq aks ettiruvchi xaritalardan foydalanishga chaqiruvchi rezolyusiyani qo`llab-quvvatladi.
Rezolyusiyani 164 ta davlat qo`llab-quvvatlagan, 6 ta mamlakat betaraf qolgan. Faqat AQSh qarshi ovoz bergan. Uning vakili rezolyusiyani “ortiqcha” deb baholagan.
Hujjatning qabul qilinishida Togo faol tashabbuskorlardan biri bo`lgan. Togo vakilining ta`kidlashicha, noto`g`ri kartografik tasvirlar, xususan, Merkator proeksiyasi uzoq muddat davomida ta`lim, madaniyat, geosiyosat va ijtimoiy-iqtisodiy qarashlarga ta`sir ko`rsatgan.
Uning fikricha, bunday xaritalar Afrika va dunyoning boshqa hududlari hajmini odamlar ongida sezilarli darajada kichraytirib ko`rsatishga sabab bo`lgan.
BMT rezolyusiyalari davlatlar uchun majburiy kuchga ega emas. Shunga qaramay, mazkur qaror ta`lim dasturlari hamda kundalik hayotda foydalaniladigan xaritalarga ta`sir qilishi mumkin.
Masalan, Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro mamlakat Merkator xaritalaridan voz kechib, “muayyan maqsadlarga moslashtirilgan, haqiqiy maydonlarni aniqroq aks ettiruvchi hamda kartograflar va olimlarning tavsiyalariga javob beruvchi kartografik proeksiyalar”dan foydalanishga o`tishini bildirgan.
Nega Merkator xaritasi bahslarga sabab bo`lmoqda?
Merkator proeksiyasi flamandiyalik kartograf Gerard Merkator tomonidan 1569 yilda yaratilgan. Dastlab u dengiz navigasiyasi uchun ishlab chiqilgan. Shu sababli xarita Er sharining istalgan nuqtasida yo`nalish, ya`ni azimut burchagini saqlab qolish imkonini beradi.
Bunday xaritalar “teng burchakli” proeksiyalar deb ataladi. Ularning asosiy kamchiligi esa qit`a va mamlakatlarning haqiqiy maydonini buzib ko`rsatishidir.
Hudud ekvatordan qanchalik uzoqda joylashgan bo`lsa, Merkator proeksiyasida u shunchalik katta ko`rinadi.
Buning eng mashhur misollaridan biri — Grenlandiya. Klassik dunyo xaritasida u Afrikaga deyarli teng kattalikda ko`rinadi. Aslida esa Afrika Grenlandiyadan qariyb 14 baravar katta.
Muammo faqat Merkator proeksiyasidami?
Hududlar maydonini aniqroq ko`rsatish uchun “teng maydonli” proeksiyalar ham mavjud. Biroq ular o`z navbatida shakl va burchaklarni sezilarli darajada buzib ko`rsatadi.
Masalan, Albers va Lambert proeksiyalari maydonlarni nisbatan aniqroq ifodalashga imkon beradi. Biroq bunda boshqa geometrik xususiyatlarda buzilishlar yuzaga keladi.
Shu sababli xarita tanlashda universal “eng to`g`ri” variant mavjud emas. Muayyan proeksiya undan qanday maqsadda foydalanilishiga qarab tanlanadi.
Togo qaysi xaritani taklif qilmoqda?
Togo hukumati Merkator proeksiyasi o`rniga Equal Earth proeksiyasidan kengroq foydalanishni taklif qilmoqda.
Ushbu proeksiya 2018 yilda xalqaro kartograflar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan. U Robinson proeksiyasiga asoslangan bo`lib, murosali variant hisoblanadi. Unda na burchaklar, na hududlar maydoni mutlaq aniqlikda saqlanadi, biroq umumiy tasvirdagi buzilishlar nisbatan muvozanatli taqsimlanadi.
Merkator hozir ham qo`llaniladimi?
Ha. Merkator proeksiyasi, aniqrog`i, uning turli ko`rinishlari hozirgacha maktab darsliklari va boshqa ko`rgazmali materiallarda keng qo`llanadi.
Biroq kartograflar va geodezistlarning amaliy faoliyatida global xaritalar uchun bunday proeksiyalardan deyarli foydalanilmaydi.
Ularning o`rniga Er yuzasining muayyan hududlari uchun ishlab chiqilgan minglab mahalliy proeksiyalar mavjud. Ularni odatda davlat idoralari ishlab chiqadi va ular muayyan hudud uchun ancha aniq natija beradi.
Afrika xaritasini o`zgartirish talabi
Afrika davlatlari ham so`nggi yillarda qit`aning xaritalarda qanday tasvirlanishiga e`tibor qaratmoqda.
2025 yilda Afrika Ittifoqi hukumatlar va xalqaro tashkilotlarni XVI asrda yaratilgan Merkator xaritasi o`rniga Afrika qit`asining haqiqiy hajmini aniqroq ko`rsatadigan proeksiyalardan foydalanishga chaqirgan.
BMT Bosh Assambleyasining yangi rezolyusiyasi esa ushbu masalani xalqaro darajada yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.