O`zbekistonda biznesni kompleks raqamli transformasiya qilishga ixtisoslashgan BRB-TECH IT-kompaniyasi sifat va axborot xavfsizligi bo`yicha ikki muhim xalqaro standart — ISO 9001 va ISO 27001 sertifikatlarini oldi.

ISO 9001 sertifikati kompaniyada mahsulot va xizmatlar sifatini boshqarishning shaffof, hujjatlashtirilgan va tizimli jarayonlari yo`lga qo`yilganini tasdiqlaydi. U vazifani shakllantirish va ishlab chiqishdan tortib, testdan o`tkazish, joriy etish hamda keyingi texnik qo`llab-quvvatlashgacha bo`lgan jarayonlarni qamrab oladi.

ISO 27001 esa axborot xavfsizligiga taalluqli bo`lib, kompaniyada ma`lumotlarga kirishni nazorat qilish, infratuzilmani himoyalash, kiberxavflarga javob berish va axborot xavflarini boshqarishning kompleks tizimi mavjudligini anglatadi.
Kompaniyaning ta`kidlashicha, mazkur sertifikatlar bank, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko`rsatish sohalaridagi mijozlar bilan ishlashda sifat va axborot xavfsizligiga yagona yondashuvni ta`minlaydi.
BRB-TECH biznes uchun CRM va HRM tizimlari, elektron hujjat aylanishi, sun`iy intellekt modullari, analitika va BI-echimlar kabi raqamli mahsulotlarni ishlab chiqadi va joriy etadi.
Kompaniya ma`lumotiga ko`ra, ISO 9001 va ISO 27001 sertifikatlarining qo`lga kiritilishi BRB-TECH’ning xalqaro talablarga mos ish jarayonlarini yo`lga qo`yganini tasdiqlovchi muhim bosqich bo`lib, mijozlar bilan uzoq muddatli hamkorlik va kompaniyaning yangi bozorlarga chiqishi uchun zamin yaratadi.