Engil avtomobil uchun Urganch-Xiva yo`nalishining to`liq qismiga 25 ming so`m, «Turkmanli» mahallasidan Xivagacha bo`lgan 28 kilometrlik qisqa yo`nalishga esa 20 ming so`m belgilangan. 3,5 tonnagacha bo`lgan engil yuk mashinalari, avtobuslar va 3,5-12 tonnali yuk mashinalari uchun to`lov mos ravishda 40 ming va 25 ming so`m.
Urganch-Xiva yangi yo`li 35 kilometr. Demak, engil avtomobil uchun tarif taxminan 714 so`m/kilometr chiqadi. Qisqa 28 kilometrlik uchastkada ham 20 ming so`mdan kelib chiqib, taxminan shuning o`zi 714 so`m/kilometr.
Bugun O`zbekistonda pulli yo`lning birinchi real «narx yorlig`i» mana shu.
Aytish kerakki, Urganch-Xiva yo`li oddiy ta`mirlangan shosse emas.
Loyiha doirasida 35 kilometrlik to`rt polosali yo`l, bitta erosti tunneli, 8 ta yo`l o`tkazgich, 15 ta ko`prik va 106 ta suv o`tkazish inshooti qurilgan. Yo`lning o`tkazuvchanlik quvvati sutkasiga 30 mingdan ortiq avtomobilni tashkil etadi. Yo`l qoplamasining umumiy qalinligi 87 santimetrga etgan.
Mavjud yo`l orqali Urganchdan Xivaga borishga 45-50 daqiqa ketsa, yangi yo`lda bu vaqt 15-17 daqiqagacha qisqaradi. Ya`ni, haydovchi taxminan yarim soatdan ko`proq vaqtni tejaydi. Maksimal tezlik 150 km/soatgacha belgilangan.
25 ming so`m ko`pmi yoki kammi?
Bu savolga Urganch-Xivaning o`ziga qarab javob berish qiyin. Shuning uchun qo`shnilarga qaraylik.
O`zbekistonda yangi pulli yo`llar bo`yicha eng muhim qoida endi qonun darajasida belgilab qo`yildi.
5 avgustda yangi tahrirdagi «Avtomobil yo`llari to`g`risida»gi qonun qabul qilindi. Unga ko`ra, pulli avtomobil yo`li tashkil etilishi uchun unga bog`liq hududlar o`rtasida lozim darajadagi va foydalanish holatidagi muqobil bepul yo`l bo`lishi shart. Pulli yo`lni qurish, rekonstruksiya qilish va undan foydalanish haqidagi qarorni Prezident yoki Vazirlar Mahkamasi qabul qiladi.
Bu juda muhim prinsip.
Chunki pulli yo`lning o`zi muammo emas.
Muammo «pul to`lamasang, qaerdan yurasan?» degan savolga javob bo`lmasa boshlanadi.
Urganch-Xiva misolida davlat rasman muqobil bepul yo`l mavjud bo`lishini shart qilib qo`ygan. Yangi yo`l esa asosan tezlik va vaqtni sotyapti.
Shu nuqtadan qaraganda, modelning mantig`i bor.
Puling bor va vaqting qadrlimi, 25 ming so`m to`lab, 15-17 daqiqada bor.
Vaqting bor, lekin pulni tejamoqchimisan bepul muqobildan foydalan.
Endigi eng katta loyihalardan ikkitasi Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon yo`nalishlarida.
Toshkent-Samarqand pulli muqobil yo`li qurilishiga 2026 yil 22 iyulda start berildi. Yangi yo`lning uzunligi 282 kilometr, olti polosali bo`ladi. Loyiha qiymati qariyb 2,2 milliard dollar.
Bu juda katta raqam.
Oddiy hisobda 2,2 milliard dollarni 282 kilometrga bo`lsak, bir kilometr qurilish qiymati qariyb 7,8 million dollar chiqadi. Bu kapital xarajat, moliyalashtirish, ko`priklar, yo`l o`tkazgichlar, infratuzilma va boshqa xarajatlarni o`z ichiga oladi.
Transport vazirligi va Avtomobil yo`llari qo`mitasi vakillari avvalroq pulli yo`llarda to`lov kilometriga 5 sentdan kam bo`lishini aytgan. Yakuniy tarif esa, moliyalashtirish shartlari, xususiy sherik va loyihaning amalga oshirish muddatiga bog`liq bo`lishi ta`kidlangan.
26 avgustdagi Markaziy bank kursi bo`yicha 1 dollar 11 778,52 so`m. Demak, 5 sent taxminan 589 so`m.
Ya`ni, hozirgi ma`lumotlardan kelib chiqsak, kelajakdagi katta pulli yo`llar uchun aytilgan orientir 589 so`m/kmdan past.
Urganch-Xivadagi amaldagi tarif esa 714 so`m/km.
Bu juda qiziq tafovut.
Demak, hozir amalda ishlayotgan birinchi pulli yo`limizdagi kilometr narxi kelajakdagi Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon uchun aytilgan 5 sentlik yuqori orientirdan ham baland.
Urganch-Xiva kichikroq loyiha. Uning trafigi, qurilish qiymati, investisiya modeli, konsessiya shartlari va xarajatlarni qoplash mexanizmi Toshkent-Samarqand yoki Toshkent-Andijon bilan bir xil emas.
Nega birinchi pulli yo`lda kilometr narxi bunday?
Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo`li konsepsiyasi 2025 yil yanvarda tasdiqlangan, tenderning birinchi bosqichi e`lon qilingan va malakaviy takliflar qabul qilingan.
Loyihaning umumiy uzunligi turli bosqichlarda 314 kilometr atrofida ko`rsatilgan. Birinchi bosqichda Toshkentdan Qamchiq dovonigacha bo`lgan 171 kilometrlik qism nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Toshkent-Chorvoq yo`nalishida ham pulli yo`l rejalari muhokama qilingan. 2026 yil boshida mamlakatning Qashqadaryo, Namangan, Buxoro va Surxondaryo hududlarida ham yirik pulli yo`l loyihalari paydo bo`lishi haqida xabarlar tarqaldi. Lekin ularning barchasi bo`yicha hozircha Urganch-Xivadagidek aniq tarif va amaldagi harakat rejimi bor, deb bo`lmaydi.
Demak, O`zbekiston pulli yo`llar tizimiga endi kirib kelyapti.
Shuning uchun birinchi yo`ldagi narx biz uchun oddiy tarif emas.
U presedent.
Qozog`istonda Shimkent-O`zbekiston chegarasi yo`li 84 kilometrlik pulli uchastka. Bu O`zbekistonga kirib-chiqadigan mashinalar uchun ham juda tanish yo`nalish. Uchastka 2021 yil noyabrdan pulli tartibda ishlaydi. Rasmiy hujjatlarda uning uzunligi 84 kilometr va I-b toifali ekani ko`rsatilgan.
2025 yilda e`lon qilingan tarif ma`lumotida engil avtomobil uchun ushbu 84 kilometrlik uchastka haqi 120 tenge bo`lgan.
Bu degani:
120 tenge / 84 km = taxminan 1,43 tenge/km.
26 avgust 2026 yilda Qozog`iston Milliy banki kursi bo`yicha 1 dollar 458,48 tenge, O`zbekiston Markaziy banki kursi bo`yicha 1 dollar 11 778,52 so`m.
Shu kurslar bo`yicha 120 tenge taxminan 3 080 so`m.
Demak, Shimkent-O`zbekiston chegarasi yo`lida:
84 kilometr uchun taxminan 3 ming so`m.
O`zbekistonda Urganch-Xivada:
35 kilometr uchun 25 ming so`m.
Kilometr hisobida esa:
Qozog`iston – 37 so`m/km.
O`zbekiston – 714 so`m/km.
Farq qariyb 19 baravar.
Qozog`iston tariflari MRP va normativ formulalar asosida o`zgarib turadi, shuning uchun turli yillarda 90, 120 tenge va boshqa raqamlar uchraydi. Shu sababli solishtirishda qaysi sanadagi tarif olinganini ko`rsatish shart. 2026 yil uchun Qozog`istonda MRP 4 325 tenge qilib belgilangan.
Lekin hatto tarif o`zgarishlarini hisobga olsak ham, O`zbekistondagi 714 so`m/km bilan Qozog`istondagi tarif o`rtasidagi ulkan farq saqlanib qoladi.
Nega?
Rossiyada pulli yo`llar ancha qimmat.
Masalan, M-12 «Vostok» Moskva-Qozon yo`nalishida 2026 yil 2 martdan tariflar oshirilgan. «Avtodor» ma`lumotlariga ko`ra, Moskvadan Qozongacha bo`lgan yo`l uchun birinchi toifali engil avtomobil tarifi 5 250 rublga etgan. Shu yo`nalishda amaldagi o`rtacha tarif 7,3 rubl/km, qonun bilan belgilangan yuqori chegara esa 11,12 rubl/km.
26 avgustda O`zbekiston Markaziy banki kursi bo`yicha 1 rubl 138,96 so`m.
Shunday qilib, Rossiyada M-12ning 7,3 rubl/kmlik amaldagi tarifi taxminan 1 014 so`m/km.
O`zbekistonda pulli yo`llar Qozog`istondan juda qimmat, Rossiyadan esa hozircha arzonroq.
Bu farqni pulli yo`l narxiga qo`ysak, Urganch-Xivadagi 25 ming so`mlik to`lov O`zbekistondagi o`rtacha oylikning qariyb 0,39 foiziga teng. Qozog`istonda Shimkent-O`zbekiston chegarasidagi 84 kilometrlik uchastka uchun 120 tenge tarif esa o`rtacha oylikning juda kichik qismiga to`g`ri keladi. Rossiyada M-12ning tariflari ancha baland bo`lsa-da, u erda o`rtacha ish haqi ham keskin yuqori.
Bu to`lov oddiy o`zbek oilasining daromadiga nisbatan qancha og`irlik qiladi? Nima uchun bizdagi birinchi pulli yo`l Qozog`istondagi xuddi shunday mintaqaviy yo`ldan bir necha o`n baravar qimmat?
Bu yo`llar aslida kim uchun?
Urganch-Xiva yo`lida yo`l qurilishiga jiddiy infratuzilma kiritilgan. 35 kilometrlik yo`lda tunnel, ko`priklar, yo`l o`tkazgichlar, suv inshootlari, yangi qoplama, raqamli to`lov va boshqaruv tizimi bor.
Uning vazifasi ham faqat Urganchdan Xivaga borish emas. Xiva O`zbekistonning eng yirik turistik markazlaridan biri. Demak, yo`l turistik oqim, aeroport, shahar va iqtisodiy faollikni birlashtiradi.
Xo`p, oddiy aholi-chi? Shunda ular bu yo`ldan foydalanmasligi kerakmi? Qurilish qimmat bo`lgani tarif ham majburan qimmat bo`lishi kerak degani emas.
Bu erda moliyalashtirish modeli hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Kim qurdi?
Qancha mablag`ga?
Kredit qancha?
Investor qancha kiritdi?
Qancha yilda investisiya qaytarilishi kerak?
Operator qancha daromad oladi?
Yo`lni ta`mirlash va saqlash xarajatlari qaerdan qoplanadi?
Tarif inflyasiyaga qarab avtomatik oshadimi?
Agar trafik kutilganidan ko`p bo`lsa, tarif pasaytiriladimi?
Agar trafik kam bo`lsa, davlat investorga kafolatli to`lov qiladimi?
Qozog`iston tajribasining muhim tomoni, u erda pulli yo`llar tarmog`i ancha oldin shakllangan. 2026 yilda Qozog`istonda pulli uchastkalar soni 28 taga, umumiy uzunligi esa 6 290 kilometrdan ortiqqa etgan.
Ya`ni, ular pulli yo`lni tizim sifatida ishlatib ko`rgan.
O`zbekistonda esa hozir birinchi yo`l ishga tushgan.
Qozog`istonda tarifni past ushlab, katta trafikdan tushum olish modeli ko`proq sinovdan o`tgan.
Masalan, 2026 yilning dastlabki etti oyida pulli yo`llarda millionlab qatnovlar qayd etilgan, Shimkent-O`zbekiston chegarasi yo`nalishi eng serqatnov uchastkalardan biri bo`lgan.
Ya`ni, ularning mantig`i arzonroq tarif + katta trafik = barqaror tushum.
O`zbekiston uchun bu juda muhim dars.
Aslida Urganch-Xivadagi 25 ming so`mning o`zi eng katta muammo emas.
Asosiy masala shundaki, keyin nima bo`ladi?
Agar O`zbekistonda 10-20 ta pulli yo`l paydo bo`lsa, odamlar har bir yo`nalishda alohida haq to`lay boshlaydi. Toshkentdan Samarqandga bir to`lov. Samarqanddan Buxoroga yana bir to`lov. Toshkentdan Andijonga yana bir to`lov. Chorvoqqa borish uchun yana bir to`lov.
Turizm, logistika, yuk tashish va ichki safarlarda bu xarajatlar yig`ilib boradi.
Shunda pulli yo`lning narxini faqat haydovchi nuqtai nazaridan emas, butun iqtisodiyot nuqtai nazaridan baholash kerak.
Yuk mashinasi pulli yo`lga kirsa, uning xarajati mahsulot narxiga qo`shiladi.
Avtobus tashuvchisi to`lasa, yo`l haqi chipta narxida aks etadi.
Turist to`lasa, sayohat xarajati oshadi.
Demak, pulli yo`l faqat avtomobilistning muammosi emas.
U iqtisodiyotdagi yangi xarajat elementi.
Odamlarga «pul to`la, chunki yo`l pulli» deyish etarli emas.
Ularga «Mana yo`lning qiymati. Mana investorning xarajati. Mana tarif qanday hisoblandi. Mana siz to`lagan pul qaerga ketadi. Mana bepul muqobil yo`lingiz. Mana evaziga olayotgan tezlik va xizmatingiz», deb ochiq aytish kerak.
Shunda pulli yo`l jamiyatda soliqning yana bir yashirin shakli emas, haqiqiy xizmatga aylanadi.
M. Voris