15 ming so`mlik bilet, 81 o`rin va vagon yo`lagidagi yuzlab yo`lovchilar

25.08.2026 11:23

“O`ztemiryo`lyo`lovchi”ning 2024 yil 20 apreldan amalga kiritilgan tarifiga ko`ra, Termiz-Sariosiyo-Termiz yo`nalishida yagona tarif 15 ming so`m etib belgilangan. ATTO orqali to`lov qilganda esa, 500 so`mlik chegirma qo`llanishi aytilgan.

Ayni paytda ochiq ma`lumotlarda kattalar uchun yo`l haqi 15 ming so`m, bolalar uchun 9 ming so`m ekani ham ko`rsatilmoqda. Yo`nalishda kuniga uchta qatnov amalga oshirilishi haqida ma`lumotlar bor.
Xo`sh, pul evaziga xavfsiz, me`yoriy va inson qadriga mos xizmat ko`rsatilyaptimi?
Vagon yo`lagidan joy olgan yo`lovchi uchun “bo`sh o`rinlarga joylashasiz” degan izohning o`zi etarli emas. Chunki yo`lovchi inson, u qopi bilan taxlanadigan biror bir mahsulot emaski, poezdga chiqqandan keyingina vagonda u uchun joy bor yoki yo`qligi ma`lum bo`lsa.
 
Mazkur Termiz-Sariosiyo yo`nalishida harakatlanayotgan poezdda yo`lovchilarning vagon yo`laklarida to`planib, tik turgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Videodagi holat bo`yicha “O`ztemiryo`lyo`lovchi” AJ o`rganish boshlanganini ma`lum qildi.
Kompaniyaning rasmiy munosabatiga ko`ra, mazkur shaharlararo poezd 4 ta yo`lovchi vagonidan iborat. Chiptalarda aniq o`rin raqami ko`rsatilmaydi — yo`lovchi bo`sh o`ringa o`tiradi. Har bir vagon 81 nafar yo`lovchini o`tirgan holda tashishga mo`ljallangan.
Kompaniya bayram va dam olish kunlarida yo`lovchilar oqimi keskin ortishi sababli ayrim qatnovlarda gavjumlik yuzaga kelishi mumkinligini bildirgan.
Biroq masalaning boshqa tomoni bor, yo`lovchi pulini to`laganidan keyin unga qanday xizmat ko`rsatilishi kerak?
 
2025 yil noyabrida ham “O`ztemiryo`lyo`lovchi”ning o`zi Sariosiyo-Termiz yo`nalishidagi poezdda yo`lovchilar joy etishmasligi sabab tik turgani aks etgan video yuzasidan munosabat bildirgan. O`shanda kompaniya mazkur poezd 6 ta vagondan iborat ekani va umumiy sig`imi 450 nafardan ortiq yo`lovchini tashkil etishini ma`lum qilgan.
Qizig`i, kompaniyaning o`sha izohida odatda poezddan 250-300 nafar yo`lovchi foydalanishi, talabalar va Termizga boruvchi yo`lovchilar ko`paygani sababli oqim keskin oshgani aytilgan. Kompaniya joylar kafolatlanmasligini ham ta`kidlagan.
 
Bu bugungi holatni “bayram kunlarida tasodifan gavjumlik yuzaga keldi” degan izoh bilan cheklashga imkon bermaydi.
Agar yo`nalishda yo`lovchilar oqimi muntazam ravishda vagonlar sig`imidan oshib ketsa, demak, muammo talabning mavjudligida emas, talabni hisobga olgan holda transport xizmatini tashkil etishda.
 
Bundan bir necha kun avval Surxondaryo viloyati hokimi Ulug`bek Qosimov ham temir yo`l transportidagi holatni keskin tanqid qilgan edi.
U poezdlarda sovitish tizimi ishlamasligi, vagonlarda sharoit etarli emasligi va odamlarni Sariosiyo-Termiz shahar atrofi poezdlarida bunday holatda tashib bo`lmasligini aytgan.
Hokimning bu bayonotidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda yana bir bor aynan shu yo`nalishdagi gavjumlik tasvirlangan video paydo bo`lishi muammoning tizimli ekanini ko`rsatadi.
 
2025 yil 1 fevraldan mahalliy yo`nalishdagi muntazam yotoqli yo`lovchi poezdlar tarifining bir qismi 10,5 foizga oshirilgan. “O`ztemiryo`lyo`lovchi” buni infratuzilma, elektr energiyasi, yoqilg`i va transport xarajatlarini qoplash, vagonlar parkini yangilash hamda vokzallarda xizmat sifatini oshirish zarurati bilan izohlagan.
Yuqori tezlikdagi va tezyurar poezdlar tariflari ham 2025 yildan oshirilgan: masalan, “Afrosiyob”ning ayrim toifalari 20-25 foizga, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” kabi poezdlar tariflari esa 30 foizga oshirilgan.
Albatta, bu oshirishlarni to`g`ridan-to`g`ri Termiz-Sariosiyo poezd chiptasiga tatbiq etib bo`lmaydi. Ammo sohada narxlarni qayta ko`rib chiqishdan asosiy maqsadlardan biri xizmat sifatini oshirish va harakat tarkibini yangilash ekani rasmiy ravishda aytilgan.
 
Agar yo`lovchidan ko`proq haq olishga asos bo`layotgan xarajatlar va modernizasiya zarurati bor bo`lsa, xizmat sifatining o`zi qachon shu narxlarga moslashadi?
 
Kompaniya bugungi munosabatida vagonlar yozda sovitish, qishda isitish tizimlari bilan ta`minlanganini bildirgan. Biroq yo`lovchining e`tirozi faqat kondisioner haqida emas.
Muammo vagonda odam soni, o`tirish imkoniyati, gavjumlik, yo`lovchining safar davomidagi xavfsizligi va insonga munosib sharoit haqida.
 

Agar vagonda 81 nafar odam o`tirishi uchun hisoblangan bo`lsa-yu, amalda yo`laklarda ham odamlar to`plansa, bu erda kondisioner ishlayaptimi-yo`qmi degan savol ancha pastga tushib qoladi. Kompaniya nima demoqchi? Ayni muammolar ochiq ko`rinib turgan shunday videodan so`ng, axir kondisioner ishlayaptiku, indamay ketaveringlar demoqchimi?
 
Vagonning hisoblangan sig`imi qancha? Amalda qancha yo`lovchi chiqyapti? Talab qaysi kun va soatlarda eng yuqori? Nega shu paytlarda qo`shimcha vagon yoki qo`shimcha qatnov tashkil etilmaydi?
Bularga aniq raqamlar bilan javob berilishi kerak emasmi?
 
 
Kompaniyaning “dam olish va bayram kunlari gavjumlik bo`lishi mumkin” degan izohi ma`lum ma`noda tushunarlidir, ammo transport tizimining vazifasi yo`lovchi oqimi oshganda muammoni qayd etish emas, uni oldindan prognoz qilish va unga moslashish.
Ayniqsa, Sariosiyo-Termiz yo`nalishida yo`lovchilar ko`payishi yangi hodisa emas. Kompaniyaning o`zi ham bundan avval talabalar va shaharga qatnovchi aholi oqimi keskin oshganini qayd etgan.
Demak, bu erda “kutilmagan gavjumlik”dan ko`ra, oldindan ma`lum bo`lgan talab haqida gap ketmoqda.
 
Xizmat sifati faqat bilet narxi bilan emas,
yo`lovchi poezdda o`tirib bora oladimi;
vagon harorati me`yorda saqlanadimi;
yo`lovchilar belgilangan sig`imdan ortiq yuklanmaydimi;
nogironligi bo`lgan shaxslar, keksalar, homilador ayollar va bolali yo`lovchilar uchun sharoit bormi;
talab oshgan paytlarda qo`shimcha vagon yoki qatnov qo`shiladimi;
poezdlar o`z vaqtida va barqaror qatnaydimi, degan mezonlar bilan belgilanadi.
 
“O`ztemiryo`lyo`lovchi” bu holatni o`rganayotganini bildirdi. Umid qilamizki, bu faqat “o`rganish ishlari olib borilmoqda” degan navbatdagi munosabat emas, aniq natija va amaliy choralar ko`rilgani haqida ham xaspo`shlanmagan, haqiqatga asoslangan munosabat beriladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар