O`zbekistonda 2026 yilning birinchi yarmida 506 ming nafar aholi doimiy ishga joylashtirilgan. Yana 546 ming nafar norasmiy band fuqaroning faoliyati legallashtirilgan. 2,6 milliondan ortiq kishining daromadi oshirilgan.
Bu raqamlar 25 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida hisobot bergan Bosh vazir o`rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo`chqorov tomonidan ma`lum qilindi.
Bir qarashda natijalar salmoqli. Ammo raqamlarga chuqurroq qaralsa, savol paydo bo`ladi: yaratilgan ish o`rinlarining qanchasi haqiqatan ham barqaror va etarli daromad keltiradi?
Har kuni qariyb 2,8 ming kishi doimiy ishga joylashgan. Ya`ni, 506 ming nafar ko`rsatkichni olti oyga taqsimlasak, kuniga o`rtacha 2,8 mingga yaqin kishi doimiy ishga joylashtirilgani kelib chiqadi.
Bundan tashqari, mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirishga qaratilgan 104 mingta mikroloyiha ishga tushirilgan. Ular orqali yana 246 ming nafar aholining bandligi ta`minlangan.
37,8 mingga yaqin yangi kichik biznes sub`ekti tashkil etilgan.
Shu bilan birga, 546 ming kishining norasmiy mehnati legallashtirilgan. Chunki, bu yangi ish o`rni yaratilganini emas, avvaldan mavjud bo`lgan faoliyat rasmiy mehnat munosabatlariga o`tkazilganini anglatadi.
Demak, “506 ming kishi ishga joylashtirildi” va “546 ming kishi mehnati legallashtirildi” raqamlarini bir xil natija sifatida qabul qilish to`g`ri emas.
Hukumat hisobotiga ko`ra, yil boshida 4,8 foiz bo`lgan ishsizlik darajasi birinchi yarim yillik yakuniga kelib 4,5 foizga tushgan.
Kambag`allik darajasi ham 4,5 foizgacha pasaygani ma`lum qilindi. Shuningdek, 2 756 ta mahalla “kambag`allikdan xoli” hududga aylantirilgan.
“Ijtimoiy reestr”dagi 227 mingta kambag`al oilaga daromadini oshirishga qaratilgan 300 mingta xizmat ko`rsatilgan.
Biroq, kambag`allik darajasi pasaygani odamlarning daromadi real ravishda qanchaga oshganini anglatadi?
Milliy statistika qo`mitasi 2026 yil uchun bir kishi hisobida minimal iste`mol xarajatlarini oyiga 715 ming so`m etib belgilagan. Bu ko`rsatkich kambag`allik chegarasini aniqlash va ijtimoiy yordamga muhtoj aholini belgilashda mezon sifatida ishlatiladi.
Shuning uchun kambag`allik statistikasi bilan birga aholi daromadlarining real o`sishi, inflyasiyadan keyingi xarid qobiliyati va yaratilgan ish o`rinlaridagi o`rtacha ish haqi ham ochiq ko`rsatilishi muhim.
Bu hisobotdan bir necha oy oldin parlamentda aynan aholini ish bilan ta`minlash va qo`llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag`lardan foydalanish samaradorligi tanqid qilingan edi.
Jumladan, deputat Sayyora Imomova 2025 yilda ishsizlik nafaqasi va moddiy yordam uchun byudjetdan ajratilgan mablag`larning 75 foizi ishlatilmaganini ma`lum qilgan. Subsidiya uchun ajratilgan mablag`larning esa atigi 27 foizi o`zlashtirilgani aytilgan.
Ayniqsa, hokim yordamchilari tavsiyasi asosida 40 ming nafar xotin-qizga subsidiya ajratish rejalashtirilgan bo`lsa-da, amalda ularning 7 ming nafari bu imkoniyatdan foydalangan. Ya`ni rejadagi 40 ming kishining taxminan 17,5 foizigina subsidiya olgan.
Bandlik vazirligi buni mablag` ajratish mexanizmlari o`zgargani bilan izohlagan. Xususan, samarasi past deb baholangan 14 turdagi subsidiya bekor qilinib, ularning o`rniga foizsiz ssudalar va boshqa moliyaviy mexanizmlar joriy etilgani bildirilgan.
Demak, bugungi 506 minglik natijani baholashda faqat “qancha kishi ishga joylashtirildi” degan savol bilan cheklanish etarli emas.
Qo`chqorov hisobotiga ko`ra, 2026 yil yanvar–iyun oylarida O`zbekiston yalpi ichki mahsuloti real hisobda 8,5 foizga o`sgan.
Bu davrda davlat byudjeti xarajatlari 205,6 trillion so`mga etgan.
Yana bir muhim raqam: Milliy statistika qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, 2026 yil birinchi yarmida asosiy kapitalga 338,9 trillion so`m investisiya o`zlashtirilgan. Bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 17,5 foiz ko`p. Uning 235,6 trillion so`mi xorijiy investisiyalar va kafolatlanmagan xorijiy kreditlar hisobiga to`g`ri kelgan.
Ya`ni, iqtisodiy faollik, investisiyalar va ish bilan ta`minlash bo`yicha bir vaqtning o`zida ijobiy dinamika qayd etilmoqda.
Qiziq, bu ish o`rinlarining qanchasi xususiy sektorda yaratildi, qanchasi byudjet tashkilotlariga to`g`ri keladi, o`rtacha maosh qancha, shartnomalar qancha muddatga tuzildi va ularning qanchasi olti oydan keyin ham saqlanib qoladi?
546 ming norasmiy ishchining legallashtirilishi ham ijobiy ko`rsatkich. Ammo ularning rasmiylashtirilishi bilan birga mehnat huquqlari, ijtimoiy himoya va barqaror daromad darajasi qanday o`zgargani ham ochiqlansa, natijaning haqiqiy samarasi yaxshiroq ko`rinadi.
Chunki, ish o`rni yaratishning o`zi etarli emas. U odamning hayotini yaxshilaydigan darajada daromadli va barqaror bo`lishi kerak.
Bugungi hisobot iqtisodiyotda ijobiy siljishlar borligini ko`rsatmoqda. Ammo, bu raqamlarning ortida turgan odamlarning real daromadi va turmush darajasi qanchaga yaxshilanganini ko`rsatish lozim.
Shunda 506 ming ish o`rni haqiqatan ham 506 ming yangi imkoniyatmi yoki statistikadagi yana bir katta raqammi, buni baholash osonroq bo`ladi.