Mustaqillikning 35 yilligida 35 nafar jurnalistdan 35 ta «Mahorat maktabi»

04.09.2026 21:55

O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakat hududlarida yosh jurnalistlarning kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan yangi tashabbus amalga oshirilmoqda.

O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan respublika bo`ylab 35 nafar tajribali va taniqli jurnalist rahbarligida «Mahorat maktabi» o`z faoliyatini boshladi.

Loyiha doirasidagi 20 ta «Mahorat maktabi» Uyushmaning hududiy bo`limlari tomonidan muvofiqlashtiriladi. Qolgan 15 ta maktab esa poytaxtda O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi markaziy apparati qoshida faoliyat yuritadi. Toshkent shahrida ustoz jurnalistlarning mahorat darslari O`zbekiston Milliy matbuot markazi, Kontent markazi hamda turli tahririyatlarda tashkil etiladi.

Mashg`ulotlarda zamonaviy jurnalistikaning eng muhim yo`nalishlari qamrab olinadi. Xususan, internet jurnalistikasi, bosma matbuot, televidenie, radio, huquqiy jurnalistika, sport jurnalistikasi va fotojurnalistika bo`yicha amaliy saboqlar o`tkaziladi.

Loyihaning asosiy maqsadi jurnalistika sohasiga kirib kelayotgan yoshlarga tajribali ustozlar sabog`ini etkazish, ularning kasbiy ko`nikmalarini mustahkamlash va zamonaviy media muhitida samarali ishlashga tayyorlashdan iborat. «Mahorat maktablari»ga jurnalistika yo`nalishida tahsil olayotgan talabalar, shuningdek, jurnalistika sohasiga qiziquvchi yoshlar jalb etiladi.

Ta`lim jarayonining nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmasligiga alohida e`tibor qaratiladi. Ishtirokchilar jurnalistning kundalik faoliyatida zarur bo`ladigan amaliy ko`nikmalarni bevosita soha ustalaridan o`rganish imkoniyatiga ega bo`ladi. Mashg`ulotlar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshiriladi.

«Mahorat maktabi» tashabbusi nafaqat yosh jurnalistlar uchun bilim va tajriba maydoni, balki avlodlar o`rtasidagi kasbiy muloqotni kuchaytirishga xizmat qiladigan muhim jurnalistik platforma sifatida ahamiyatlidir.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар