1 sentyabrdan O`zbekistonda aholi, tadbirkorlar, qishloq xo`jaligi va ijtimoiy sohalarga daxldor bir qator yangi qoidalar kuchga kirdi. Ayrim to`lovlar oshdi, tadbirkorlar uchun imtiyozli kreditlar va yangi subsidiyalar joriy etildi, avtobuslarda yo`l haqini to`lash tartibi qat`iylashdi.
Ish haqi va stipendiyalar 7 foizga oshirildi
2026 yil 1 sentyabrdan byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda stipendiyalar 7 foizga oshirildi. Shu sanadan mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori oyiga 1 mln 360 ming so`m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so`m etib belgilandi. Oshirish bilan bog`liq xarajatlar davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.
Bunda pensiya va nafaqalarning 7 foizga oshirilishi 1 iyuldan amalga kirganini ham ta`kidlash kerak. Ya`ni bu to`lovlar sentyabrdan emas, iyuldan yangi miqdorlarda to`lanmoqda.
Parrandachilik uchun 10 foizli kredit
Parrandachilik xo`jaliklari, parranda omuxta emi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar va «tayyor biznes» loyihalari uchun 1 sentyabrdan yillik 10 foiz stavkada kreditlar ajratiladi.
Mablag`lar Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasidan «Mikrokreditbank»ka yo`naltiriladi. Yangi kreditlar 10 yilgacha muddatga, ayrim loyihalar uchun 4 yillik imtiyozli davr bilan berilishi belgilangan. Muhimi, mazkur shartlar faqat 1 sentyabrdan keyin yangi rasmiylashtiriladigan kredit shartnomalariga tatbiq etiladi.
Nasldor qoramol boqqan xo`jaliklarga subsidiya
Chorvachilikda ham yangi moliyaviy rag`batlantirish mexanizmi ishga tushdi. 2026 yil 1 sentyabrdan 2030 yil 1 yanvargacha naslchilik xo`jaliklariga identifikasiya qilingan urg`ochi nasldor qoramollarni saqlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya beriladi.
Subsidiya miqdori bosqichma-bosqich hisoblanadi:
birinchi nasldor urg`ochi buzoq olinganda — 1,5 mln so`m;
ikkinchi buzoq olinganda — 2 mln so`m;
buzoq 12 oylikkacha saqlansa — 1 mln so`m;
12 oydan 18 oylikkacha saqlansa — yana 1 mln so`m.
Mablag`lar davlat byudjeti hisobidan Agrar sohada to`lovlar agentligi orqali ajratiladi.
Qishloq xo`jaligida subsidiyalar «bir qo`l»ga jamlanmoqda
1 sentyabrdan Qishloq xo`jaligini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash jamg`armasining ayrim subsidiyalarni ajratish vakolati Agrar sohada to`lovlar agentligiga o`tkazildi.
Bu mexanizm paxta xom ashyosini birja orqali sotish bilan bog`liq ayrim xarajatlarni qoplash, shuningdek, paxta-to`qimachilik klasterlari va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega korxonalarga o`z mablag`i hisobidan xarid qilingan paxta xom ashyosi qiymatining bir qismini qoplash kabi choralarni ham qamrab oladi.
Avtobusga chiqdingizmi, yo`l haqini darhol to`lang
1 sentyabrdan brutto-shartnoma asosida ishlayotgan shahar avtobuslarida yo`l haqini avtobusga chiqish vaqtida to`lash talab etiladi.
Yo`lovchi transport kartasini validatorga tekkizishi, bank kartasi, smartfon yoki boshqa kontaktsiz to`lov vositalaridan foydalanishi mumkin. Imtiyozli yoki bepul yurish huquqiga ega bo`lganlar ham ijtimoiy yoki transport kartasini validator orqali tasdiqlashi kerak.
Agar yo`lovchi chiqish vaqtida to`lovni amalga oshirmasa yoki imtiyozini tasdiqlamasa, u chiptasiz yurgan deb hisoblanadi.
Nazorat ham kuchaytiriladi: Transport nazorati inspeksiyasi va shahar yo`lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi xodimlari chiptasiz yo`lovchilarni to`g`ridan-to`g`ri avtobus salonida tekshirishi mumkin.
BHM 1 sentyabrdan 440 ming so`m etib belgilangani hisobga olinsa, 0,1 BHM miqdoridagi jarima 44 ming so`mni tashkil etadi.
Alohida ta`lim ehtiyojlari bo`lgan bolalarga yangi yordam
1 sentyabrdan alohida ta`lim ehtiyojlari bo`lgan bolalar bilan «oilabay» ishlash tizimi yo`lga qo`yildi.
3 yoshdan 18 yoshgacha bo`lgan bolalarning ta`lim ehtiyojlarini aniqlash, ularni baholash va davlat ta`lim muassasalariga yo`naltirish «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari huzuridagi Bolani kompleks baholash guruhlari zimmasiga yuklanadi.
Korreksion sinf tashkil etib, umumiy o`rta ta`lim xizmatini ko`rsatadigan nodavlat ta`lim tashkilotlariga har bir o`quvchi uchun subsidiya beriladi. Uning miqdori Toshkent shahrida 4 mln 840 ming so`m, viloyatlar markazlari va Nukus shahrida 4 mln 180 ming so`m, boshqa tuman va shaharlarda esa 3 mln 740 ming so`m etib belgilangan.
Ichimlik suvi loyihalari elektron nazoratga o`tadi
1 sentyabrdan «O`zsuvta`minot» AJga foydalanish uchun topshiriladigan barcha ichimlik va oqova suv infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari maxsus elektron platformada aks ettiriladi.
Yangi tizim loyihalarni monitoring qilish va ular bo`yicha manzilli ro`yxatlarni kelishish jarayonlarini raqamlashtirishga qaratilgan. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kredit va grant mablag`larini jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish ko`zda tutilgan.
Odam savdosidan jabrlanganlar uchun yordam mahallaga yaqinlashadi
1 sentyabrdan odam savdosidan jabrlangan yoki jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni aniqlash va ularga yordam ko`rsatishda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlarining roli kuchaydi.
Endilikda mahalla va tuman darajasida jabrlanganlarning holati baholanib, ular ijtimoiy, psixologik, huquqiy, tibbiy va boshqa xizmatlarga yo`naltiriladi. Dastlabki identifikasiya qilish vakolati ham «Inson» markazlari, ixtisoslashgan muassasalar va ayrim nodavlat notijorat tashkilotlariga berildi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog`iston, Qashqadaryo, Samarqand va Farg`onada odam savdosidan jabrlangan xotin-qizlar hamda ularning voyaga etmagan farzandlarini qabul qilish uchun hududiy markazlarda qo`shimcha 40 ta o`rin yaratiladi.