Abiturientning bali yoki otasining kasbi: Grant kimga berilishi kerak?

17.08.2026 17:25

Imtiyoziston

Oliy ta`limga qabul natijalari e`lon qilindi. Kimdir 180 ball bilan ham grantdan quruq qoldi, kimdir esa maxsus kvota orqali ancha past natija bilan davlat grantiga ega bo`ldi. Bu raqamlarni yonma-yon qo`yganingizda, savol paydo bo`ladi: biz universitetga eng bilimli yoshlarni qabul qilyapmizmi yoki ularning qaysi oilada tug`ilganiga ham qarayapmizmi?

Eng og`iri ham shu, davlat yoshlarni bilimga ishontirishi kerak bo`lgan bir paytda, qabul tizimining o`zi ularga boshqa signal berib qo`yyapti: «baling yuqori bo`lishi yaxshi, ammo imtiyozing bo`lsa, undan ham yaxshi».

Meritokratiya qaerda qoladi?

So`nggi yillarda davlat boshqaruvi va jamiyat hayotida «meritokratiya» tushunchasi ko`p tilga olinadi. Ya`ni insonning imkoniyatlari uning kelib chiqishi, ota-onasining lavozimi yoki ijtimoiy mavqeiga emas, qobiliyati va mehnatiga qarab belgilanishi kerak.

Ta`lim esa bu tamoyil eng aniq ishlashi lozim bo`lgan sohalardan biri. Chunki test sinovining mantig`i juda oddiy: abiturient savollarga javob beradi va natijasiga qarab saralanadi. 

Ammo qabul tizimidagi maxsus kvotalar bu manzarani murakkablashtiradi. Bu erda abiturientning shaxsiy natijasi bilan birga uning qaysi toifaga mansubligi ham ahamiyat kasb etadi.

2026/2027 o`quv yili uchun qabul parametrlari muhokamasi ham bu masalani yanada dolzarb qildi. Jamoatchilikka taqdim etilgan ma`lumotlarda nogironligi bo`lgan shaxslar, etim va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar, ichki ishlar organlari xodimlari farzandlari, bojxona xodimlari farzandlari, «Ijtimoiy reestr»ga kiritilgan oilalar farzandlari, harbiy xizmatchilar va Milliy gvardiya xodimlari farzandlari uchun turli qo`shimcha qabul mexanizmlari nazarda tutilgan.

Ularning barchasini bir xil baholab bo`lmaydi. Chunki ijtimoiy himoyaga muhtoj bolaga imkoniyat yaratish bilan davlat xizmatchisining farzandiga kasbiy imtiyoz berishning sabablari bir xil emas. Aynan shu erda tizimning eng nozik nuqtasi paydo bo`ladi.

68 ball va 180 ball orasidagi savol

Qo`shimcha kvotalar bo`yicha e`lon qilingan raqamlar bu bahsni yanada kuchaytirdi. Ma`lumotlarga ko`ra, Milliy gvardiya xodimlari farzandlari uchun 731 ta qo`shimcha o`rin ajratilgan bo`lib, ushbu kvotada o`tish bali 68 ballni tashkil etgan. Mudofaa vazirligi bo`yicha 813 ta o`rinda o`tish bali 109,6, Davlat xavfsizlik xizmati bo`yicha esa 570 ta o`rinda 117,9 ball bo`lgan.

Faqat shu uchta tashkilotning o`zi bo`yicha 2 114 ta o`rin chiqadi. Qolgan sakkizta tashkilot bo`yicha esa jami 2 559 ta qo`shimcha o`rin qayd etilgan.

Raqamlarning o`ziyoq masalaning ko`lamini ko`rsatadi. Bu erda 68 ball olgan har bir abiturientni «bilimsiz» deb atash, albatta, noto`g`ri. Chunki maxsus kvotadagi o`tish bali umumiy tanlovdagi o`tish balidan farq qiladi va uning ortida qonun bilan belgilangan alohida mezonlar bor.

Lekin boshqa tomonda 170–180 ball va undan yuqori natija ko`rsatib ham grantga kira olmagan yoshlar bor. Shunda savol tug`iladi: agar ikki abiturientning biri ancha yuqori akademik natija ko`rsatgan bo`lsa, nima uchun ikkinchisi grantga ega bo`ladi?

Bu savolga «qonun shunday» degan javob etarli emas. Chunki qonunning o`zi ham adolat va ijtimoiy maqsad nuqtai nazaridan doimiy ravishda baholanib turishi kerak.

Ijtimoiy yordam bilan akademik saralashni aralashtirmaslik kerak

Davlat o`z xizmatchilarini qo`llab-quvvatlashi kerak. Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning mehnati, xavfi va mas`uliyatini inkor qilib bo`lmaydi. Ammo xizmat uchun beriladigan rag`bat bilan universitetdagi akademik saralashni bir mexanizmga joylashtirish shartmi?

Masalan, harbiy xizmatchining farzandiga davlat tomonidan kontrakt puli to`lab berilishi mumkin. Unga maxsus stipendiya ajratish, yotoqxona bilan ta`minlash, ta`lim krediti shartlarini engillashtirish yoki boshqa moddiy qo`llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish mumkin.
E Bunda davlat o`z xizmatchisining oilasini qo`llaydi, lekin grant uchun akademik raqobatning asosiy mezoni saqlanadi.

Boshqacha aytganda, ijtimoiy yordam berishning o`nlab shakllari bor. Nega ularning eng ta`sirchan shakli aynan universitetga kirishdagi raqobatni o`zgartirishi kerak?

Gap bolalarda emas, prinsipda

Imtiyozdan foydalangan abiturientlarni ayblash oson. Ammo bu adolatli emas.

Harbiy xizmatchining farzandi otasining kasbini tanlab tug`ilmaydi. Ichki ishlar xodimining farzandi ham mavjud qonunlarni belgilamaydi. Ularga berilgan huquqdan foydalanishyapti, xolos. 

Shuning uchun bu erda «imtiyozlilar» va «imtiyozsizlar» o`rtasida dushmanlik yaratish kerak emas. Masala shaxslarda emas — prinsipda. Chunki otaning kasbi bolaning bilimi emas. Otaning unvoni bolaning matematikadan nechta masala echa olishini belgilamaydi. Otaning lavozimi bolaning kimyo yoki fizikani qanchalik yaxshi bilishini o`zgartirmaydi. Oiladagi kasb avloddan-avlodga akademik qobiliyatni avtomatik tarzda o`tkazmaydi.

Shunday ekan, universitetda akademik saralash jarayonida bu omilning qanchalik katta ahamiyatga ega bo`lishi kerakligi haqida ochiq gapirish zarur.

Imtiyozning ertangi narxi

Bu bahsning eng muhim nuqtasi, ehtimol, qabul kunida emas, bir necha yildan keyin ko`rinadi. Bugun universitetga kirgan talaba ertaga diplom oladi. Keyin u shifokor, muhandis, o`qituvchi, yurist, iqtisodchi yoki davlat xizmatchisi bo`ladi. Uning diplomida universitetga qanday kvota bilan kirgani yozilmasligi mumkin. Ammo uning bilimi va kasbiy salohiyati jamiyat hayotiga ta`sir qiladi.

Tibbiyotda bemorga shifokorning qaysi imtiyoz bilan universitetga kirgani qiziq emas. U to`g`ri tashxis va sifatli davolanishni kutadi. Qurilishda odamlar muhandisning ota-onasi kimligini emas, loyiha xavfsizligini o`ylaydi. Maktabda o`quvchining oldida turgan bolaga o`qituvchining medali yoki otasining lavozimi emas, uning bilimi kerak. Davlat boshqaruvida esa qaror qabul qilayotgan shaxsdan avvalo tafakkur, mas`uliyat va professionallik talab qilinadi.

Shuning uchun qabul tizimidagi har qanday imtiyozning oqibati faqat bugungi mandat bilan o`lchanmasligi kerak. Uning ertaga qanday kadr shakllantirishi ham hisobga olinishi zarur.

Ammo «imtiyozlilar bilimsiz» degan xulosa ham noto`g`ri

Bu erda yana bir adolat mezoni bor. Maxsus kvota bilan o`qishga kirganlarning barchasini past bilimli deb tasavvur qilish xuddi shu tizim tanqid qilinayotgan paytda qilinmasligi kerak bo`lgan xatodir.

Ular orasida ham yuqori natija ko`rsatgan, iqtidorli, yaxshi mutaxassis bo`lib etishadigan yoshlar ko`p. Muammo ularning qobiliyatida emas. Muammo — davlat tanlov mexanizmlarini qanday qurganida.

Agar tizim kuchli abiturientni kuchsizroq natija ko`rsatgan abiturientdan ustun qo`yish uchun emas, balki turli ijtimoiy toifalarni qo`llab-quvvatlash uchun yaratilgan bo`lsa, uning natijasi ham shu maqsad nuqtai nazaridan baholanishi kerak. Shuning uchun maxsus kvota bilan kirgan talabalarning keyingi akademik natijalari, o`qishni tamomlash ko`rsatkichlari va bandligi haqida ochiq statistika bo`lishi juda muhim.

Eng katta muammo — bilimli yoshning ishonchi sinishi

Oliy ta`limga kirish ko`pchilik yoshlar uchun shunchaki diplom olish emas. Bu — ijtimoiy lift. Ayniqsa, oddiy oiladan chiqqan, katta mablag`i bo`lmagan, repetitorga katta pul to`lay olmaydigan, ammo bilim olishga harakat qilayotgan yosh uchun grant hayotini o`zgartirishi mumkin.

U tunlari o`qiydi. Imtihonga tayyorlanadi. Ball yig`adi. Va natija kutadi. Agar u yuqori natija ko`rsatib ham o`zini chetda his qilsa, muammo faqat uning bir yillik rejasida emas. Uning davlatga bo`lgan ishonchiga ham ta`sir qilishi mumkin.

«Ko`proq o`qisam, ko`proq imkoniyatga ega bo`laman» degan ishonch ta`lim tizimining eng kuchli rag`batidir. Agar uning o`rniga «qancha ball olsam ham, boshqa imtiyozlar mendan ustun kelishi mumkin» degan tushuncha kelsa, bu jamiyat uchun jiddiy signal.

Imtiyozlarni bekor qilish emas, qayta qurish kerak

Echim barcha imtiyozlarni bir kunda bekor qilish emas. Chunki ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlar bor va ularga davlat yordami shart.

Masala — imtiyozning shaklini o`zgartirishda. Harbiy xizmatchi farzandiga yordam berish kerakmi? Albatta. Lekin bu yordam kontrakt pulini qoplash, stipendiya, yotoqxona, ta`lim krediti yoki boshqa moliyaviy mexanizmlar orqali ham amalga oshirilishi mumkin.

Etim bolaga qo`shimcha imkoniyat kerakmi? Albatta. Ammo uning ijtimoiy himoyasi bilan akademik saralash o`rtasida muvozanat bo`lishi kerak.

Nogironligi bo`lgan abiturient uchun teng sharoit yaratish kerakmi? Albatta. Buning o`zi adolat masalasi.
Ammo kasbiy imtiyozlar bilan ijtimoiy himoyani bir tizimda aralashtirib yuborish qabul jarayonining mohiyatini o`zgartirib yubormasligi kerak.

Eng muhimi, maxsus kvotalar uchun ham minimal akademik talablar aniq va asoslangan bo`lishi lozim.

Chunki universitet — shunchaki davlat yordami olish joyi emas. U mutaxassis tayyorlaydi.

Test stolida umumiy mezon kerak

Bola ota-onasini tanlab tug`ilmaydi. Birovning otasi general bo`lishi mumkin. Birovning otasi oddiy ishchi. Yana birining onasi o`qituvchi. Boshqasining esa ota-onasi umuman yo`q.

Ularning hayot sharoiti bir xil emas. Shuning uchun davlat ayrimlariga ko`proq yordam berishi tabiiy. Ammo test stoliga o`tirganda davlatning yana bir vazifasi paydo bo`ladi: kimning bilimi kuchliroq ekanini adolatli aniqlash.

Chunki ijtimoiy himoyaning maqsadi kuchsizga qo`l uzatish. Ta`limning maqsadi esa bilimli insonni tarbiyalash. Bu ikki maqsad bir-biriga qarshi qo`yilmasligi kerak. Aksincha, ular bir-birini to`ldirishi zarur.

Davlat harbiy xizmatchini qo`llab-quvvatlashi mumkin. Ammo uning farzandining o`qish xarajatini qoplash uchun boshqa bilimli bolaning imkoniyatini tortib olish shart emas. Davlat ijtimoiy himoyani kuchaytirishi mumkin. Ammo bu meritokratiya tamoyilidan voz kechish hisobiga bo`lmasligi kerak.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар