Xususiy maktabga pul to`lab o`qitishga endi-endi ko`nikayotgandik. Kimning imkoniyati bo`lsa, farzandini xususiy maktabga beradi, repetitor yollaydi, qo`shimcha kurslarga yuboradi. Imkoniyati cheklangan oila esa davlat maktabiga tayanadi. Endi esa davlat maktabining o`zida ham pul to`lab o`qish imkoniyati paydo bo`lyapti.
Ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalari agentligi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatning tayyorlov guruhi hamda 1–7-sinflariga to`lov-shartnoma asosida qo`shimcha sinflar tashkil etish rejalashtirilayotganini ma`lum qildi. Keyinchalik ma`lum bo`lishicha, 1–4-sinflar uchun oyiga 24 million so`m, 5–11-sinflar uchun esa 29 million so`m to`lov belgilangan. Qo`shni tuman yoki viloyatdan kelib, yotoqxonadan foydalanadigan o`quvchilar uchun yana oyiga 3 million so`m to`lanadi. Bu bir yilda boshlang`ich sinf o`quvchisi uchun 288 million, yuqori sinf o`quvchisi uchun esa 348 million so`m degani.
Bu erda tabiiy savol tug`iladi: davlat maktabida pulli ta`limning bu shakli Konstitusiyada belgilangan bepul umumiy ta`lim kafolati bilan qanday uyg`unlashadi?
O`zbekiston Konstitusiyasining 50-moddasida: «Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta`lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir», deb belgilangan.
Albatta, shu normaga tayanib, pulli sinflarni darhol «noqonuniy» deb baholash to`g`ri bo`lmaydi. Chunki davlat ta`lim muassasalarida qo`shimcha ta`lim xizmatlarini shartnoma asosida ko`rsatishning huquqiy mexanizmlari mavjud. Ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalari agentligi ham ushbu amaliyot Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 dekabrdagi 908-son qarorida nazarda tutilganini bildirgan.
Lekin huquqiy asos borligi masalaning barcha savollariga javob bermaydi. Eng asosiy savol: pul aynan nima uchun olinayapti? Agar bu haqiqatan ham asosiy ta`limdan tashqari qo`shimcha xizmat bo`lsa, masalan, qo`shimcha xorijiy til darslari, to`garak yoki maxsus kurslar — masala biroz boshqacha.
Ammo pul to`lagan o`quvchiga yaxshiroq o`qituvchi, kichikroq sinf, zamonaviyroq jihozlar, ko`proq dars soati yoki yaxshiroq ta`lim muhiti berilsa-chi Unda gap shunchaki «qo`shimcha xizmat» haqida emas, davlat maktabida sifatliroq ta`lim uchun alohida to`lov qilish haqida ketadi.
Xo`sh, u pul qaerga sarflanadi O`qituvchilarga to`lanadimi? Qo`shimcha jihozlar olinadimi? Ovqatlanish, yotoqxona yoki boshqa xizmatlar ham shu summaga kiradimi? Ta`lim dasturi boshqachami? Bularning barchasi aniq bo`lishi kerak.
Chunki masala faqat narxning qimmatligida emas. Masala — davlat maktabida pul to`lagan o`quvchi nimaga ega bo`ladi?
Agar pulli sinfda yaxshiroq sharoit yaratish mumkin bo`lsa, nega bu imkoniyatlarning ma`lum qismi barcha o`quvchilar uchun yaratilmaydi? Agar buning uchun qo`shimcha mablag` zarur bo`lsa, uning asosiy manbasi kim bo`lishi kerak — ota-onalarmi yoki davlat byudjeti?
«Puli bor» va «puli yo`q» bolalar
Ta`limdagi tabaqalanish biz uchun yangi muammo emas. Ammo endi masala boshqa bosqichga chiqishi mumkin: davlat maktabining o`zida ham pulga qarab ta`lim imkoniyatlari ajralishi.
Bir tomonda bepul o`qiydigan bolalar. Ikkinchi tomonda har oy 24–29 million so`m to`laydiganlar. Albatta, qo`shimcha xizmatlarning pulli bo`lishi o`z-o`zidan yomon emas. Lekin «pul to`lagan bola yaxshiroq ta`lim oladi» degan model shakllansa, bu davlat ta`limidagi tenglik tamoyiliga jiddiy rutur etkazadi
Axir bola ota-onasining daromadini tanlamaydi. Bir oila uchun 24 million so`m — to`lash mumkin bo`lgan summa bo`lishi mumkin. Boshqasi uchun esa bu bir necha oylik daromad.
Shunda bir xil qobiliyatga ega ikki bolaning imkoniyati bilim va mehnatga emas, ota-onasining hamyoniga qarab farq qila boshlaydi. Davlat maktabining vazifasi esa aksincha bo`lishi kerak: imkoniyatlar o`rtasidagi farqni kattalashtirish emas, uni kamaytirish.
Davlat maktabida «premium» ta`lim paydo bo`lmayaptimi?
Bu masalada eng muhimi — pulli sinflarning o`zi emas, ularning davlat ta`limida qanday o`rin egallashi. Agar pulli sinflar haqiqatan ham faqat qo`shimcha ta`lim xizmatini ko`rsatsa va bepul sinflardagi o`quvchilarning huquqi, ta`lim sifati hamda imkoniyatlariga ta`sir qilmasa, buni shu doirada baholash mumkin.
Ammo pul to`lagan o`quvchi davlat maktabida yaxshiroq ta`lim, qulayroq sharoit yoki ustun imkoniyatlarga ega bo`la boshlasa, masala jiddiylashadi. Chunki bugun «qo`shimcha sinf» deb boshlangan narsa ertaga davlat maktabining o`zidagi «premium ta`lim» modeliga aylanib qolishi mumkin.
Shuning uchun jamoatchilikka faqat «pulli sinflar ochiladi» degan xabarning o`zi emas, ularning huquqiy asosi, to`lov miqdori qanday hisoblangani, pul nimaning evaziga olinishi va bepul ta`lim olayotgan bolalarning imkoniyatlari qanday himoya qilinishi ham ochiq tushuntirilishi kerak.
Konstitusiyadagi «bepul umumiy ta`lim davlat tomonidan kafolatlanadi» degan norma qog`ozda qolmasligi kerak. Chunki davlat maktabining eng katta vazifasi — bolaning kelajagini ota-onasining hamyoni emas, uning qobiliyati va mehnati belgilashi uchun teng imkoniyat yaratish.