Pensiya hisoblanadigan ish haqi davri 5 yildan 20 yilgacha uzaytirilishi mumkin

14.07.2026 21:14

O`zbekistonda pensiya hisoblanadigan ish haqi davri 5 yildan 20 yilgacha uzaytirilishi hamda past daromad olingan ayrim davrlar hisobdan chiqarilishi mumkin. Bu haqda bugun, 14 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoev tanishgan pensiya tizimini isloh qilish bo`yicha takliflar taqdimotida so`z boradi.

Qayd etilishicha, o`n yilda mamlakatda pensiya miqdori 3,3 barobar oshirilgan, uning eng kam miqdori minimal iste`mol xarajatlari darajasidan yuqori belgilangan. 2021 yilgacha 1,1 million nafar fuqaroning pensiyasi 400 ming so`mdan kam bo`lgan. Bugungi kunda eng kam pensiya miqdori 878 ming so`mni, minimal iste`mol xarajatlari esa 715 ming so`mni tashkil etmoqda.

Taqdimotda jamg`arib boriladigan pensiya tizimi rivojlangan mamlakatlarda pensiya mablag`lari iqtisodiyot uchun uzoq muddatli resurs vazifasini o`tayotgani qayd etilgan.

Hisob-kitoblarga ko`ra, mamlakatda pensiya tizimi to`g`ri yo`lga qo`yilsa, iqtisodiyotga uzoq muddatli mablag`larni jalb qilish mumkin. Buni Xalqaro valyuta jamg`armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari ham tasdiqlamoqda.

Shu bois pensiya tizimini ilg`or xorijiy tajriba asosida isloh qilish, jamg`arib boriladigan, xususiy va korporativ pensiya tizimlarini rivojlantirish zarurligi ta`kidlangan.

Hozirda fuqarolar ish haqining 0,1 foizi jamg`arib boriladigan pensiya hisobvarag`iga o`tkaziladi. Ushbu mablag`larga hisoblanadigan yillik 10 foizlik daromad bank omonatlaridan qariyb ikki barobar kam. Shu munosabat bilan mazkur tizimning jozibadorligini oshirish va aholini unda faol ishtirok etishga rag`batlantirish bo`yicha yangi mexanizmlar taklif qilingan.

Xususan, oylik ish haqi 7,6 million so`mgacha (pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravari) bo`lgan fuqaro jamg`arib boriladigan pensiya hisobvarag`iga ish haqining 5 foizini o`tkazsa, davlat tomonidan qo`shimcha yana 2,5 foiz miqdorida mablag` ajratish ko`zda tutilmoqda.

Oylik ish haqi 7,6 million so`mdan yuqori bo`lgan fuqarolar uchun esa to`langan ijtimoiy soliqning shu miqdordan oshgan qismining 1 foizini ularning jamg`arib boriladigan pensiya hisobvarag`iga o`tkazish taklif etilgan.

Pensiya miqdorini hisoblash tartibini takomillashtirish masalalariga ham alohida e`tibor qaratilgan.

Amalda pensiya oxirgi o`n yillik mehnat faoliyatidagi besh yillik ish haqidan hisoblanadi. Shuningdek, ish haqining 6 million so`mdan yuqori qismi hisobga olinmaydi. Bu ayrim hollarda fuqarolar pensiyasining o`rtacha miqdori pasayishiga olib kelmoqda.

Shu bois pensiya hisoblanadigan ish haqi davrini 5 yildan 20 yilgacha uzaytirish hamda past daromad olingan ayrim davrlarni hisobdan chiqarish taklif qilingan.

Shuningdek, 2027 yildan boshlab pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini hozirgi 6 million so`mdan 6,6 million so`mga oshirish ko`zda tutilmoqda. Hisob-kitoblarga ko`ra, yangi tartib asosida pensiyaga chiqadigan fuqarolarning pensiya miqdori hozirgiga nisbatan 8 foizga oshirishi mumkin.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар