O`zbek alifbosidagi o`zgarishlar til islohotimi yoki raqamli kelajakka qadammi?

08.07.2026 14:29

Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini takomillashtirish bo`yicha takliflar asosan Oʻ, Gʻ, Sh va Ch harflarining Ö, Ğ, Ş va Ç shakliga almashtirilishi atrofida kechmoqda. Biroq gap shunchaki harflarni o`zgartirish haqida emas, balki o`zbek tilini raqamli texnologiyalar va sun`iy intellekt talablariga moslashtirish haqida ketmoqda.

Taklifga ko`ra, hozirgi alifboda ikki belgidan tashkil topgan Oʻ, Gʻ, Sh va Ch kabi harf birikmalari o`rniga bitta belgidan iborat Ö, Ğ, Ş va Ç harflari joriy etiladi. Shuningdek, «NG» alohida harf birikmasi sifatida alifbodan chiqarilib, u faqat fonetik tovush sifatida saqlanadi.

Bu o`zgarishlar, eng avvalo, kompyuter tizimlari uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki hozirgi alifbodagi Oʻ, Gʻ, Sh va Ch inson uchun bitta harf bo`lib ko`rinsa-da, kompyuter ularni ikki alohida belgi sifatida qabul qiladi. Bu esa, sun`iy intellekt modellarini o`zbek tilida o`qitish, avtomatik tarjima, qidiruv tizimlari, elektron davlat xizmatlari va raqamli arxivlar bilan ishlashda qator texnik muammolarni keltirib chiqaradi.

Taklif etilayotgan yondashuv, shuningdek 2024 yil Boku shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti tashabbusi bilan qabul qilingan Umumturkiy alifbo konsepsiyasi bilan ham uyg`un hisoblanadi. Ya`ni, o`zbek alifbosi boshqa turkiy tillar bilan texnik jihatdan yanada yaqinlashadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda eng ko`p berilgan savollardan biri, o`zgarishlar davlat byudjeti va aholi uchun katta xarajat keltirib chiqaradimi?

Mas`ullarning ta`kidlashicha, bu holatni to`liq alifbo almashishi bilan taqqoslash to`g`ri emas. Bir yozuvdan yoki bir alifbodan ikkinchisiga o`tish jarayonida barcha hujjatlar, darsliklar va infratuzilmani qayta moslashtirishga to`g`ri keladi va bu katta xarajatlarga sabab bo`ladi. Ammo, O`zbekistonda bunday vaziyat yo`q.

Taklif qabul qilingan taqdirda:

pasport va ID-kartalar muddati tugaguniga qadar almashtirilmaydi;

amaldagi banknotalar muomalada qolaveradi, yangi pullar bosilganda yangi imlo qo`llanadi;

darsliklar navbatdagi rejali qayta nashr vaqtida yangilanadi;

ko`cha yozuvlari, peshlavhalar va boshqa tashqi belgilar ham foydalanish muddati tugagach bosqichma-bosqich almashtiriladi.
Shu bois, islohot katta bir martalik moliyaviy yuklamani talab qilmaydi.

«NG» harfi bekor bo`lyaptimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda yana bir noto`g`ri tushuncha ham tarqaldi. Ayrimlar endi «mening», «keling», «boring», «bodring» kabi so`zlar boshqacha yoziladi, deb o`ylamoqda.

Aslida esa bu so`zlarning yozilishi umuman o`zgarmaydi. Faqat «NG» alifbodagi mustaqil harf birikmasi maqomidan chiqariladi. Tovush esa avvalgidek talaffuz qilinadi.

Tilshunoslar buni xalqaro amaliyot bilan ham izohlaydi. Masalan, ingliz tilida «sh» tovushi mavjud, ammo u alifboda alohida harf hisoblanmaydi. Xuddi shunday yondashuv o`zbek tili uchun ham taklif etilmoqda.

Kitoblar hajmi ham qisqaradi

Yangi imloning yana bir amaliy afzalligi matndagi belgilar sonining kamayishi.

Bu muammo millionlab nusxada chop etiladigan darsliklar va kitoblar uchun qog`oz sarfi, bosmaxona xarajatlari va raqamli ma`lumotlar hajmini qisqartirishda ma`lum iqtisodiy samara beradi.

Taklif etilayotgan o`zgarishlarning asosiy maqsadi o`zbek tilini o`zgartirish emas. Asosiy vazifa uni XXI asr texnologiyalari, sun`iy intellekt, raqamli platformalar va xalqaro axborot muhiti uchun yanada qulay va raqobatbardosh qilishdir.

Shu bilan birga, alifbo islohoti keng jamoatchilik muhokamasi asosida amalga oshirilishi, tilshunoslar, IT mutaxassislari, ta`lim sohasi va keng jamoatchilik fikri inobatga olinishi muhim. Chunki alifbo nafaqat yozuv vositasi, balki millatning madaniy merosi va kelajakdagi raqamli taraqqiyoti bilan ham bevosita bog`liq masala.

M. Vorisova

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар