Toshkent xalqaro investisiya forumi nafaqat global iqtisodiy muloqotlar maydoni, balki istiqbolli shartnomalar pishib etiladigan yirik amaliy platformaga aylandi. Anjumanning markaziy va eng kutiladigan voqealaridan biri sifatida, «CAEx» ko`rgazma majmuasida O`zbekiston Respublikasining investisiyaviy, sanoat va eksport salohiyatini namoyish etishga qaratilgan keng ko`lamli xalqaro ko`rgazma o`z ish faoliyatini boshladi.
Qarib 6 ming kvadrat metrlik ulkan maydonni qamrab olgan ko`rgazmada mamlakatimiz iqtisodiyotining etakchi tarmoqlari, davlat idoralari va yirik ishlab chiqarish birlashmalari o`zlarining eng zamonaviy texnologiyalari va tayyor loyiha paketlari bilan ishtirok etmoqda.
Ko`rgazma pavilonlaridan joy olgan neft-gaz-kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika, qurilish materiallari, farmasevtika hamda oziq-ovqat sanoati korxonalari O`zbekistonda ishlab chiqarish modellari to`liq transformasiya bo`lganini namoyish etmoqda.
Bugungi kunda asosiy urg`u xomashyo eksportiga emas, balki yuqori qo`shilgan qiymatga ega mahsulotlarni mahalliylashtirish, yangi texnik ish o`rinlarini yaratish va global bozorlarga raqobatbardosh tovarlar bilan chiqishga qaratilgani xalqaro ekspertlar tomonidan alohida e`tirof etilmoqda.
Bu yilgi ko`rgazma shunchaki mahsulotlar namoyishidan iborat bo`lmay, balki biznes vakillari, xalqaro moliyaviy institutlar hamda davlat organlari o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aloqalarni o`rnatuvchi jonli «B2B» va «G2B» muloqot maydoniga aylandi.
Forum doirasida rejalashtirilgan panel muhokamalari, tarmoq va hududiy taqdimotlar hamda pitch-sessiyalar xorijlik hamkorlarga O`zbekistonning investisiya muhitini ichkaridan turib, aniq raqamlar va amaliy natijalar misolida baholash imkonini bermoqda.
Dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan 9 mingdan ziyod yuqori martabali delegat, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va global investorlar jam bo`lgan TXIF-2026 doirasidagi ushbu ko`rgazma, shubhasiz, O`zbekistonning Markaziy Osiyodagi bosh iqtisodiy va texnologik xab maqomini uzil-kesil mustahkamlaydi.
Ko`rgazma davomida bo`lib o`tadigan qizg`in muzokaralar yakunida mamlakatimiz sanoatini yangi bosqichga olib chiquvchi ko`p milliardlik yirik qo`shma loyihalar va strategik shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.