Nodir To`raqulov shogirdlari Farg`onada qolganmidi?

15.06.2026 20:30

Farg`onadagi IIB xodimlari bashorat asosida raqamlarni gumondor bo`yniga qo`yishmoqda

Rost24`ga kelgan murojaatga ko`ra, tergovchilar hamkorlar bir biriga o`tkazishi reja qilingan 60 milliard so`mni ham gumondor bo`yniga qo`yishmoqda.

2025 yilning dekabr oyida Farg`ona viloyatidagi o`zini jabrlanuvchi hisoblagan “Shaffof” savdo belgi ostida faoliyat yurituvchi MChJlar ta`sischisi Oybek Toshmatov hamkori Rustam Karimov o`rtasidagi iqtisodiy kelishmovchiliklar bo`yicha Qo`qon shahar IIO FMB boshlig`i nomiga shikoyat-ariza bilan murojaat qiladi. O`zbekistondagi mavjud qonunlarga binoan iqtisodiy kelishmovchiliklar bo`yicha murojaat aslida iqtisodiy sudga berilishi kerak edi. Aniqrog`i, hududi bo`yicha Nukus tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborilishi kerak bo`lgan shikoyat birinchi Qo`qon shahar IIBga topshirilgan. Qo`qon shahar IIB esa mazkur ishda jinoyat alomatlar yo`q deya ish qo`zg`atishni rad etgan. 

Ammo Qo`qon shahar prokurori tomonidan IIBning ish qo`zg`atishni rad qilishi to`g`risidagi qarori bekor qilinib, material qo`shimcha tekshiruv o`tkazish uchun Farg`ona viloyati IIB 2-mintaqaviy hudud bo`limiga yuborilgan.

Shu bilan birga O.Toshmatov 2026 yil 26 mart kuni Nukus tumanlararo iqtisodiy sudiga ham o`zini  “G`alaba Metan” MChJ ta`sischisi deb topishni so`rab davo arizasi  kiritgan. 

Shu joyda shubhali savol tug`iladi: O.Toshmatov IIBga yozgan arizasida “G`alaba Metan” MChJ ta`sischisiman deya ma`lumot kiritgan. Ammo, suddan esa ta`sischi deya topishni so`ragan. Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi esa 2026 yil 31 martda Da`vo arizasi ish yurituviga qabul qlishdan rad etilsin, deya hal qiluv qarori chiqargan.

Ishni qabul qilib olgan Farg`ona viloyati IIB 2-mintaqaviy hudud bo`limi R.Karimovni JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (Aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo`lgan o`zganing mulkini o`zlashtirish yoki rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilish) bilan qamoqqa oladi.

Jabrlanuvchi sifatida murojaat qilgan O.Toshmatov arizada 2022 yilning iyun oyida To`rtko`l tumanida ro`yxatdan o`tgan “G`alaba Metan” MChJni sotib olganligini va umumiy yig`ilish o`tkazib, mazkur MChJga 5 yil davomida ta`ssis ulushini shakllantirish uchun R.Karimov bilan 60 mlrd so`m o`tkazishga kelishib olganini bildirgan.

“Meni buyrug`im bilan “Oybek Metan gaz” MChJ hisob raqamidan “G`alaba Metan” MChJga 15.881.000.000 so`m nizom fondini shakllantirish uchun o`tkazib berilgan. O`zim ham Nizom fondini shakllantirish uchun  25.175.000 so`m naqd pul “G`alaba Metan” MChJ hisobiga o`tkazganman”, – deyiladi Qo`qon shahar IIO FMB boshlig`i nomiga yozilgan shikoyat-arizada.

O.Toshmatov 2022 yilning iyun oyida sotib olganligini davo qilayotgan “G`alaba Metan” MChJ orginfo ma`lumotlar bazasida 100 foiz ulush bilan Karimov Rustam Abdulatipovich nomiga rasmiylashtirilgan. 

Birinchidan 60 milliard so`mni o`tkazish bo`yicha hech qanday hujjat mavjud emas, ikkinchidan kelajakda o`tkazishga kelishib olingan, ammo hali o`tmagan ushbu raqam bilan hosil bo`lgan 75,3 milliard summa Farg`ona viloyati IIB 2-mintaqaviy hudud tergov bo`limining xulosasida bir necha bor keltirilgan. Hattoki, Qo`qon shahar prokuraturasining Qo`qon shahar sudiga kiritgan iltimosnomasida ham bashorat asosida paydo bo`lgan mazkur raqam ko`rsatilgan.

Vaholanki, 2023 yil may oyidagi Davlat xavfsizlik xizmati Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi Tergov bo`limi tomonidan “G`alaba Metan” MChJ bo`yicha o`tkazilgan audit tekshiruvining dalolatnomasida ham 60 milliard so`mlik mablag` aniqlanmagan. 

DXX Tergov boshqarmasining 2025 yil 8 sentyabrdagi Jinoyat ishining bir qismini tugatish haqidagi Qarorida ham quyidagicha xulosa berilgan: “G`alaba Metan” MChJ O.Toshmatov va U.Toshmatovlar boshqargan AGTKShlarga daxli yo`qligi aniqlangan”.

Eski O`zbekiston davridan qolgan IIBning uslubi – yo`q narsani bo`yinga qo`yish asosida arizada reja deyilgan 60 milliard so`m raqam bir gumondorning bo`yniga shunchaki ilib qo`yilmoqda. Hattoki Davlat xavfsizlik xizmatining dalolatnomasida ham yo`q deya topilgan bo`lsa ham IIB hujjatlarida ochiqchasiga ko`rsatilgan.

Mazkur holat bo`yicha ayni kunda tergov hibsxonasida o`tirgan R.Karimov vakillari O`zbekiston Bosh prokuraturasiga murojaat qilgan. Bosh prokuratura murojaatni Farg`ona viloyat prokuraturasiga, viloyat prokuraturasi esa ustidan shikoyat qilingan IIB 2-mintaqaviy hudud bo`limiga yuborgan. Shu joyda ham bir begunoh jabrdiydaning  murojaati har doimgi uslubda yopib yuborilmoqda.

 

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар