Suyultirilgan gaz ballonlari ta`minoti bilan bog`liq muammolar aholi noroziligiga sabab bo`lmoqda. Fuqarolarning aytishicha, xususan Farg`ona viloyatida gaz balloni olish uchun navbatlar bir necha oygacha cho`zilgan.
Masala yuzasidan rasmiy izoh bergan “Hududgazta`minot” aksiyadorlik jamiyati ta`minotdagi kechikishlarni ishlab chiqarish korxonalarida amalga oshirilayotgan texnik ta`mirlash ishlari bilan izohladi. Kompaniya ma`lumotiga ko`ra, ta`mirlash jarayonlari ayrim muddatlarda mahsulot hajmini qisqartirgan va bu ta`minot zanjiriga ta`sir ko`rsatgan.
Shu bilan birga, masala bo`yicha “O`zbekneftgaz”ning pozisiyasi boshqacha. Kompaniya matbuot kotibi Mo`min Ibodovning bildirishicha, suyultirilgan gaz etkazib berish rejalari to`liq bajarilmoqda va ishlab chiqarishdagi ta`mirlash ishlari ta`minot hajmiga ta`sir ko`rsatmagan.
Uning ta`kidlashicha, “O`zbekneftgaz” tomonidan belgilangan hajmlar o`z vaqtida, hatto rejadan ortiq miqdorda etkazib berilmoqda. Demak, muammo gaz ishlab chiqarish bosqichida emas, balki ta`minot zanjirining boshqa bo`g`inlaridami?
15 iyungacha barqaror ta`minot va`da qilindi
“Hududgazta`minot” axborot xizmatining ma`lum qilishicha, hozirda resurslarni qayta taqsimlash va aholini gaz ballonlari bilan ta`minlashni tezlashtirish bo`yicha choralar ko`rilmoqda.
Kompaniya 15 iyunga qadar suyultirilgan gaz ballonlari bilan bog`liq uzilishlar to`liq bartaraf etilishi va ta`minot tizimi barqaror holatga keltirilishini va`da qilgan.
Aytish lozimki, gaz ta`minoti bilan bog`liq muammolar avval ham davlat darajasida muhokama qilingan. 2025 yilda o`tkazilgan yig`ilishlardan birida Prezident Shavkat Mirziyoev sohadagi kamchiliklarni tanqid qilib, mas`ullarga muammoni tezkor hal etish bo`yicha topshiriqlar bergan edi.
Shunga qaramay, ayrim hududlarda gaz balloni ta`minoti bilan bog`liq muammolar bu yil ham takrorlanmoqda.
Eslatib o`tamiz, 2026 yil 1 iyundan boshlab aholini maishiy gaz ballonlari bilan ta`minlash xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali rasmiylashtirilmoqda.
Ayni paytda minglab iste`molchilarni qiziqtirayotgan asosiy savol bor, 15 iyungacha berilgan va`da haqiqatdan ham bajariladimi va oylab kutayotgan aholi gaz ballonlarini qachon oladi?
Shuningdek, yana bir jiddiy muammo bor, shu kungacha aholiga gaz ballonlari etkazib berilganida, to`ldirilgan ballon oiladan aniq bir shaxsga, ya`ni face ID (yuz tekshiruvi) orqali ro`yxatdan o`tgan kishigagina topshiriladi. Oilaning boshqa a`zolari uni olib qololmaydi. Ammo, oilaning ro`yxatdan o`tgan a`zosi gaz etkazib berilishi kerak bo`lgan taxminiy vaqtda doimiy uyda o`tirolmaydi, xususan u ham ish vaqtida ishda bo`ladi yoki boshqa sabablar bilan uyda bo`lmasligi ehtimoli katta. Ayniqsa, bu gaz ballonlarining etkazib berilish vaqti mutlaqo aniq bo`lmasa. Bu masala qanday hal qilinadi, avvalgidek holda qolaveradimi? Mutasaddi tashkilotlar nafaqat vodiy aholisi, balki butun respublikadagi tabiiy gaz bilan uzluksiz ta`minlanmagan aholini bezovta qilayotgan ushbu muammolarga echim topib, bunga ochiq-oydin tushuntirish berishi lozim.