Har gal tanishim yoki yaqinlarim qaysidir fandan sertifikat olsa yoki IELTS topshirmoqchi bo`lsa, men ularga bir savolni beraman: «Xo`sh, qaerga o`qishga topshirmoqchisan?»
Ular esa biroz o`ylanib, turli javoblarni ayta boshlaydi. Kimdir yurtimizdagi oliygohlarni sanaydi, yana kimdir AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya va boshqa davlatlardagi universitetlarni tilga oladi. Aslida bu savol nafaqat mening, balki o`qishga qiziqqan har qanday yoshning xayolidan o`tadi. Chunki bugungi kunda ko`pchilik yoshlar o`z kelajagini bilim bilan qurishni, dunyoni ko`rishni va o`z imkoniyatlarini kengaytirishni istaydi.
Keling, bugun ana shunday izlanuvchan yoshlarga va shijoatli abiturientlarga foydali bo`ladigan, dunyodagi eng kuchli top-5 universitet haqida qisqacha ma`lumot berib o`tamiz.
“QS World University Rankings 2025” rasmiy reytingiga ko`ra, eng yuqori natija qayd etgan beshta universitet quyidagilar:
5-o`rin — Kembrij universiteti (Buyuk Britaniya)
Kembrij universiteti Buyuk Britaniyadagi eng mashhur va nufuzli oliygohlardan biri hisoblanadi. U nafaqat Angliyada, balki butun dunyoda o`zining mustahkam o`rniga ega.
Universitet 1209 yilda tashkil etilgan. Kembrij ilmiy kashfiyotlar markazi sifatida ham tanilgan. Mashhur fizik Isaak Nyuton shu erda faoliyat yuritgan. Universitet kuchli ilmiy an`analari bilan ajralib turadi va matematika, fizika hamda tabiiy fanlar sohasida dunyo etakchilaridan biri hisoblanadi. Bu erda talabalar sokin ilmiy muhitda tahsil olib, chuqur tadqiqot ishlarini olib borishga o`rgatiladi.
4-o`rin — Garvard universiteti (AQSh)
1636 yilda tashkil etilgan Garvard universiteti AQShdagi eng qadimgi universitet hisoblanadi.
Bu erda tahsil olgan ko`plab talabalardan keyinchalik yirik kompaniyalar rahbarlari, prezidentlar va mashhur olimlar chiqqan. Garvardning kutubxona tizimi dunyodagi eng yiriklaridan biri sanaladi. Ko`pchilik uchun Garvard muvaffaqiyat ramzi hisoblanadi. Shu bois, bu universitetda o`qishni orzu qiluvchilar ham, uni bitirganlar ham har doim alohida qiziqish uyg`otadi.
3-o`rin — Oksford universiteti (Buyuk Britaniya)
Taxminan 1096 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan Oksford universiteti dunyodagi eng qadimgi universitetlardan biridir.
Bu erda ta`lim an`anaviy uslubda tashkil etilgan: talabalar kichik guruhlarda o`qib, professorlar bilan bevosita muloqot qiladi. Universitet binolari o`rta asr qal`alarini eslatadi va o`ziga xos muhit yaratadi. Ko`plab bosh vazirlar, olimlar va mashhur yozuvchilar aynan shu erda tahsil olgan. Oksfordda o`qish tarix va zamonaviy ilm-fan uyg`unligini his etish demakdir.
2-o`rin — Imperial kollej London (Buyuk Britaniya)
1907 yilda tashkil etilgan Imperial kollej London ilm-fan, muhandislik va tibbiyot sohalariga ixtisoslashgan nufuzli universitetdir.
Bu erda talabalar faqat kitob o`qibgina qolmay, laboratoriyalarda haqiqiy ilmiy tadqiqotlar bilan ham shug`ullanadi. London markazida joylashgani sababli, ular dunyoning yirik ilmiy markazlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatiga ega. Universitet, ayniqsa tibbiyot, muhandislik va texnologiya sohalarida juda kuchli hisoblanadi.
1-o`rin — Massachusets texnologiya instituti (MIT, AQSh)
Ro`yxatimizning eng yuqorisidan joy olgan oliygoh — Massachusets texnologiya instituti.
U 1861 yilda tashkil etilgan bo`lib, sanoat jadal rivojlanayotgan davrda ilmni amaliy hayot bilan bog`lash maqsadida ochilgan. Shu sababli, bu erda nazariyadan ko`ra amaliyotga katta e`tibor qaratiladi. Talabalar robotlar yaratadi, sun`iy intellekt texnologiyalari ustida ishlaydi va turli innovasion loyihalarni amalga oshiradi.
Bugungi kunda dunyodagi ko`plab texnologik kompaniyalar aynan MIT bitiruvchilari tomonidan tashkil etilgan. Oddiy qilib aytganda, MIT — kelajak texnologiyalari yaratiladigan maskan.
Mazkur reyting universitetlarning akademik nufuzi, ish beruvchilar bahosi va ilmiy tadqiqotlar samaradorligi asosida shakllantirilgan.
Shuni ta`kidlash kerakki, universitetda o`qishni orzu qilgan har qanday yosh uchun imkoniyatlar tobora kengayib bormoqda. Agar sizda ishonch, bilim va qiziqish bo`lsa, hech ikkilanmasdan ana shunday dunyoning nufuzli oliygohlariga ham hujjat topshirib ko`rishingiz mumkin. Bugungi kunda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar har qachongidan ham yuqori.