Samarqandda o`z ishini boshlagan Global ekologik jamg`armaning (GEF) 8-Assambleyasi doirasida Saida Mirziyoeva Prezident Shavkat Mirziyoevning tabrigini forum ishtirokchilariga o`qib eshittirdi.
Ta`kidlanishicha, nufuzli xalqaro anjuman Markaziy Osiyo va butun dunyo uchun dolzarb bo`lib qolayotgan iqlim o`zgarishi hamda ekologik muammolar yuzasidan ochiq muloqot va amaliy echimlarni muhokama qilish uchun muhim maydon vazifasini o`tamoqda.
Saida Mirziyoevaning qayd etishicha, mazkur tadbir O`zbekistonning global ekologik kun tartibidagi o`rni va nufuzi tobora ortib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Assambleya doirasida tashkil etilgan “Eco Expo Central Asia–2026” ko`rgazmasida “yashil” iqtisodiyot va ekologik loyihalarni qo`llab-quvvatlash maqsadida 80 million dollarlik grantlar hamda 520 million dollardan ortiq investisiyalar jalb etish bo`yicha kelishuvlar imzolandi.
Qayd etilishicha, endilikda asosiy vazifa ushbu tashabbus va loyihalarni amaliyotga samarali tatbiq etish, ekologik barqarorlikni ta`minlash hamda atrof-muhitni asrashga qaratilgan sa`y-harakatlarni yanada kuchaytirishdan iborat.
Ayni paytda Global ekologik jamg`armaning 8-Assambleyasi va “Eco Expo Central Asia–2026” tadbirlarida dunyoning 180 ta mamlakatidan 8,5 mingdan ortiq mutaxassis va ekspert ishtirok etmoqda.