Pul evaziga tezlik: Toshkentdagi pulli yo`llar loyihasi kimga va nima uchun kerak?

03.06.2026 18:19

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov Xitoyga tashrifi davomida “China Railway Construction Corporation” kompaniyasi bilan poytaxtda qariyb 100 kilometrlik pulli halqa yo`li va yangi xalqaro aeroportga olib boruvchi pulli magistral qurish masalasi muhokama qilindi. Bu xabar ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilikning haqli e`tirozlariga sabab bo`ldi.

Xo`sh, shundoq ham tirbandliklar va ekologik muammolar girdobida qolgan poytaxt uchun pulli yo`llar haqiqatan ham najot chorasimi yoki shaharsozlikdagi navbatdagi xato strategiyami?

Joy muammosi: 100 kilometrlik yangi yo`l qaerdan o`tadi?

Toshkent bugungi kunda er resurslari nihoyatda cheklangan, zich qurilgan megapolisga aylanib ulgurdi. Shahar ichida yangi magistral u yoqda tursin, oddiy piyodalar yo`lagi yoki yashil hudud uchun joy topish muammo. Shunday ekan, qariyb 100 kilometrlik yirik infratuzilma ob`ekti qaerda quriladi?

Agar bu loyiha mavjud yo`llarni pulli qilish hisobiga amalga oshirilsa, bu aholining keskin noroziligiga sabab bo`ladi. Agar yangi yo`nalishlar ochiladigan bo`lsa, demak, yuzlab turar joylar, tadbirkorlik ob`ektlari va ehtimol, yashil hududlarning buzilishi (snos) muqarrar. Bu esa ijtimoiy keskinlikning yangi o`chog`ini yaratadi.

Maqsad yo`l xavfsizligimi yoki daromad?

So`nggi yillarda Toshkentda tezlik cheklovlari kamaytirilayotgani, fotoradarlar soni ortayotgani yo`l-transport hodisalarini (YTH) kamaytirish va insonlar hayotini saqlab qolish shiorlari ostida amalga oshirilmoqda. Biroq, "pul to`lasangiz, tezroq va alohida yo`ldan yurasiz" degan mantiqning o`rtaga tashlanishi shahar ma`muriyatining asl niyatini shubha ostiga qo`yadi.

Bu vaziyat jamoatchilikda shunday xulosani uyg`otyapti: shahar ko`chalarida xavfsizlikni ta`minlash emas, balki haydovchilardan muqobil va qimmat yo`llar orqali pul undirish ustuvor vazifaga aylanib bormayaptimi? Boy va kambag`al haydovchilar toifasini yaratish orqali yo`llarda ijtimoiy tengsizlik yuzaga kelmaydimi?

Biz dunyodan nimani o`rganyapmiz?

Rivojlangan davlatlar (jumladan, Evropa va Osiyoning etakchi mamlakatlari) shahar ichidagi tirbandlikni yo`llarni kengaytirish yoki pulli magistrallar qurish orqali emas, balki mutlaqo boshqacha usullar bilan hal qilyapti:

— Odamlar shaxsiy mashinasidan ko`ra qulay, tezkor va arzon metropoliten, avtobus yoki tramvayni afzal ko`rishi kerak.

— Shahar markaziga shaxsiy mashinada kirishni qiyinlashtirish va jamoat transportiga ustunlik berish (masalan, alohida yo`laklar).

Bizda esa jamoat transporti tizimi hali to`liq iziga tushmasdan, odamlarga qulay va sifatli muqobil taqdim etilmasdan turib, shahar ichida pulli yo`llar haqida gap ochilishi mantiqsizlikdir. Xorij tajribasidan faqatgina pul ishlashga qaratilgan loyihalarni emas, balki "inson qadri va qulayligi" tamoyiliga asoslangan shaharsozlik modellarini olish kerak emasmi?

Pulli yo`lga ehtiyoj qolmasligi kerak

Aslida Toshkentga pulli yo`llar emas, pulli yo`lga ehtiyoj qoldirmaydigan zamonaviy, uzluksiz va qulay jamoat transporti kerak. Hokimlik taklif etayotgan loyiha tirbandlik muammosini hal qilmaydi, balki uni shunchaki pulli yo`ldan bepul yo`llarga — oddiy xalq tirband bo`lib turgan ko`chalarga ko`chiradi, xolos. 

Infratuzilma biznes loyihasi emas, balki ijtimoiy majburiyatdir. Shahar ma`muriyati qaror qabul qilishdi investorlarning hamyonini emas, poytaxt aholisining manfaatlarini birinchi o`ringa qo`yishi shart.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар